Bo’zotov tumani rivojlanish bosqishida

Barchamizga ma’lum, joriy yilning 20-21 avgust kunlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning respublikamizga tashrifi chog’ida chorvachilikga ixtisoslashtirilgan Bo’zotov tumanini tashkil etish tashabbusini xalqimiz katta quvonch va hayajon bilan qarshi oldi.

Hozir tumanni qayta tashkil etish ishlari qizg’in sur’atlarda olib borilmoqda.

Jumladan, 23 avgust kuni mazkur hududda Bo’zotov tumanini tashkil etish masalalari, bu borada olda turgan vazifalarga bag’ishlangan majlis bo’lib o’tgan edi.

Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi M.Erniyazov tomonidan olda turgan ishlar muhokama etilib, tegishli vazifalar belgilangan edi. Shuningdek, aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf qilish va xalqning turmush sharoitini yaxshilash bo’yicha tadbirlarni belgilash to’g’risidagi masalalarga ham e’tibor qaratildi.

Bugun, ya’ni, 27 avgust kuni Jo’qorg’i Kenges Raisi rahbarligida tadbirkorlar, vazirliklar, korxonalar, muassasa va tashkilotlarning rahbarlari ishtirokida yig’ilish o’tkazildi.

Majlisda yangidan tashkil etilayotgan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari ko’rib chiqildi. Ya’ni, tumanda aholiga maishiy xizmat ko’rsatuvchi ob’ektlarni barpo etish va bu ishlarga tadbirkorlarni keng jalb etish bo’yicha topshiriqlar belgilab berildi hamda loyihalar shakllantirildi.

Bugungi kunda hududda chorvachilikga ixtisoslashtirilgan 51 ta fermer xo’jaligi bo’lib, ularda jami 3 ming boshdan ziyod qoramol, 2 ming boshdan ziyod qo’y-echki, 848 bosh yilqi va 575 ta parranda boqilmoqda.

Kelgusida mazkur hudud aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash bo’yicha bir qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Chorva mollarining bosh soni oshirilib, go’sht va sut mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar ishga tushirilishi belgilangan. Shuningdek, tuman hududidan ayol-qizlarning bandligini ta’minlaydigan to’qimachilik kompleksining qurilish ishlari ham boshlanib ketdi.

Hudud aholisi mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayramini yangidan tashkil etiladigan tuman markazida munosib tarzda nishonlashi kutilmoqda. Bo’zotovliklar bayramni ham boshlab yubarishgan. Ya’ni, 24 avgust kuni respublikamiz estrada xonandalarining ishtirokidagi kontsert dasturi va bo’zotovlik uyushmagan yoshlar o’rtasida “Bo’zotov kubogi” mini futbol musobaqasi yuqori darajada o’tkazildi.

Yangi tumanda 21 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.