Korruptsiyasiz yashashni o’rganish – yurt ravnaqining asosidir

Yaqinda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi farmonda hammamizning diqqatimizni, e’tiborimizni tortuvchi  quyidagi jumlalar bor.

«…Keyingi yillarda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korruptsiya­ga murosasiz munosabatni shakl­lantirishga yo’naltirilgan tizimli choralar ko’rildi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotni yanada o’stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish  korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda korruptsiya ko’rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo’yicha yangi tizimli choralar ko’rilishini taqozo qilmoqda.»

Farmonda belgilab berilgan yangi tizimli choralar davlat dasturini tasdiqlash, korruptsiyaga qarshi kurashish bo’yicha respublika idoralararo komissiyaga shu sohadagi huquqbuzarliklar to’g’risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi qo’yildi. Shuningdek, korruptsiya paydo bo’lishi sabablari va shart-sharoitlarini tag-tomiri bilan yo’qotish borasida muhim chora-tadbirlar ham belgilab berilgan.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoev «O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligiga bag’ishlangan tadbirda «Korruptsiya bilan hech qachon maqsadimizga erisha olmaymiz» 1177 nafar mansabdor shaxs korruptsiyaga qo’l urgani uchun javobgarlikka tortildi.

Televizorda har kuni ko’rib turibsiz: bankda, hokimiyatda, shifoxonada, prokuraturada, ichki ishlar organlarida korruptsiya. Qachon bu kasallikdan xalos bo’lamiz? Qachon butun mamlakat bo’lib unga qarshi kurashamiz?

Korruptsiya bilan O’zbekiston hech qachon oldinga qo’yilgan maqsadlarga erisha olmaydi, «1177 kishi bu–juda katta raqam. Bu nima degani? Bu jamiyatimiz adolat, halollik, mas’uliyat, xalq ehtiyojlarini qondirish, xalqqa xizmat qilish kabi tushunchalardan xali uzoqligidan dalolat beradi», – degan edi.

Shu o’rinda ta’kidlab o’tish kerakki, aslini olganda xalqimiz ongiga chuqur singib ketgan bu odat korruptsiya deb atalmasa ham qon-qoniga singib ketgan bir bedavo dard, tuzalmas bir og’ir kasal ekanligini tushunib etmayapmiz.

Yoshgina ona o’g’ilchasi yoki qizchasini bolalar bog’chasiga olib borar ekan, tarbiyachiga albatta biror sovg’a berish kerak, deb o’ylaydi. Shu ­bilan endi tarbiyachi bolamga yaxshi qaraydi, deb ko’ngli xotirjam tortadi.

Yoki endigina maktabni bitkazgan farzandning otasi o’g’li oliy o’quv yurtiga kirishi uchun umri davomida yiqqan sarmoyasini kimga, kim orqali berishni, nima qilib bo’lsa ham shu yo’l bilan farzandi o’qishga kirishini o’ylaydi.

Keksa otasi yoki onasi bemor bo’lib qolgan farzand yoki bolasi xas­talangan ota-ona shifokorga nimadir bersa uning dardi oson kechib, shifokor ota-onasining dardiga mal­ham topadiganday yoki farzandi tez tuzalib ketadiganday holatlarni ­boshidan kechiradi.

Shu harakatlari bilan ular hech qachon men korruptsiyaga qo’l urdim deb o’ylamaydi. O’zining qilgan harakatini juda to’g’ri baholaydi. Ota-onaning tuzalib ketishi oldida pul nima bo’libdi, jonimni ham ayamayman, deb o’ylaydi. Bolalar bog’chalari, Oliygoh,  shifoxonadagilar esa ulardan bu pullarni olib, men pora oldim, korruptsiyaga yo’l qo’ydim, davlat qonunlarini buzdim, deb o’ylamaydi.

Hamma illat shundaki, endigina hayotga qadam qo’yayotgan farzandlar ota-onasining xatti-harakatlari orqali nimadir bersang mushkuling oson bo’ladi, degan tushuncha bilan o’sib, ulg’aya boshlaydi.

Talaba imtihonga tayyor bo’lmasa domlaga pul berib baho qo’ydirib oladi. Ana shunday harakatlar bilan oilada ota-ona bilib bilmay, o’z farzandini korruptsiya yo’lida tarbiyalay boshlaydi.

Haqiqatning yuziga tik qarasak bunday holatlar hamma sohalarga o’tib, chirmashib o’sadigan chirmovuqqa o’xshab jamiyatni butkul o’rab olgan. Bu chirmovuqni tag-tomiri bilan yulib, uni o’sishdan to’xtatishning iloji bo’ladimi?  Biz bugun bu savolga ha, albatta bo’ladi, deb javob bera olamiz.

Ayniqsa, keyingi 3 yil davomida sohada olib borilayotgan chuqur islohotlar, korruptsiya va qonunbuzarlikning oldini olish profilaktikasi, ko’rilayotgan keskin choralar «Korruptsiyaga qarshi kurashish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining amal qilayotganligi fikrimizning yorqin dalilidir.

Qoraqalpog’istonda ham korrup­tsiyaga qarshi olib borilayotgan murosasiz kurash jamiyat hayotida, fuqarolarimizning ogohliligi, ­hushyorligida namoyon bo’lmoqda. Huquqbuzarliklarning oldi olinib,  ularning soni kamaymoqda.

Ayniqsa, Qoraqalpog’is­ton Respublikasi prokuratura organlari tomonidan hududda uyushgan jinoyatchilik hamda korruptsiyaga qarshi kurashishning samarali choralarini ko’rish, fuqarolar huquq va erkinliklari buzulishining hamda iqtisodiyotga zarar etkazilishining oldini olish, boshqaruv va hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining korruptsiyalashgan jinoyatlarini fosh etish, poraxo’rlik hamda mansab ­suiiste’molliklariga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda Komissiyaning tegishli idoralar bilan olib borgan amaliy ishlari natijasida ­keyingi yillarda Qoraqalpog’iston Respublikasida korruptsiya bilan bog’liq qo’zg’atilgan va sudga oshirilgan jinoiy ishlar soni o’tgan yildagiga nisbatan ancha kamaygan.

Tergov qilingan jinoyat ishlari yakuni bo’yicha tegishli idoralarga taqdimnomalar kiritilib, aniqlangan qonunbuzulish holatlarini bartaraf etish choralari ko’rib borilmoqda. Jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida davlat hamda jamiyat manfaatlariga etkazilgan milliard-milliard  so’mlik zararlar undirilishi ta’minlangan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi idoralararo komissiyasi tomonidan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yuzasidan 6 mingdan ortiq uchrashuvlar, seminar hamda davra suhbatlari o’tkazilgan. Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va ularning oldini olish, bartaraf etish bo’yicha ommaviy axborot vositalari orqali mingga yaqin chiqishlar qilingan.

Lekin, ochiq aytish kerakki, bu ­tadbirlar korruptsiya sohasida ­Prezidentimizning  farmon, qarorlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashni to’liq qamrab olayotgani yo’q. Qoraqalpo­g’istonda bu borada qilinadigan ishlar juda ko’p ekanligini hayotning o’zi ko’rsatib turibdi.

Biz keyingi paytlarda huquqiy ong, huquqiy madaniyatni oshirish borasida juda ko’p gapiryapmiz. Idora  va tashkilotlar, o’quv muassasalarida bu sohada o’tkazilayotgan tadbirlar, tanlovlarning son-sanog’i yo’q. To’g’ri, mustaqillik yillarida tug’ilgan yangi avlod, ularning bugungi kun va kelajakka bo’lgan nuqtai nazari, davlat, xalq, inson huquqi, barkamollik to’g’risidagi tushunchalari boshqacha. Demak biz o’tkazila­yotgan ma’naviy, huquqiy mavzudagi turli tadbirlarga ko’proq katta avlod vakillarini ham qatnashtirsak yosh avlod ongiga korruptsiya tushunchalari kirib borishining oldini olgan bo’lardik.

Korruptsiyaning ildiziga eng avvalo katta avlod bolta urishi kerak. O’z foydasi, o’z manfaati uchun davlatimiz qonunlarini buzmasligi kerak. Buning uchun biz baribir qayta-qayta inson ma’naviyati to’g’risida gapirishdan charchamasligimiz lozim. Chunki, ma’naviyatli insonda imon-e’tiqod, ishonch  kuchli bo’ladi. Imon-e’tiqodli, ma’naviyatli inson halollik, to’g’rilik, adolat tushunchalarini insonning toza, pokiza hayotida ko’radi. U korruptsiyaga qo’l urmaydi.

Prezidentimiz tomonidan boshlangan korruptsiyaga qarshi ayovsiz kurash, OAV, radio, televidenie, internet saytlari orqali namoyish qilinayotgan eshittirish, ko’rsatuvlarda o’z aksini topmoqda. Ya’ni byudjet xalq pulini o’marayotgan, pora orqasida etti avlodiga etadigan mol dunyo to’playotgan  korruptsionerlar kim bo’lishidan qat’iy nazar prokurormi, hokimmi, vazirmi davlatimiz qonunlari oldida javob berayaptilar. Ko’rayapmizki, oy sayin qaysidir bir katta amaldor yoki xizmatchi, xodim korruptsiya botqog’iga botib, pora degan balo ortidan jazoga tortilayapti.

Mustabidlik davridan bugungi erkin va ozod hayotimizga o’tgan  qora dog’, illat bo’lib kelayotgan korruptsiyaga qarshi kurash bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir. Bu vazifa nafaqat huquq organlari, balki har birimizdan katta mas’uliyat talab qiladi. Ota-onalar, nuroniylar, jamoat tashkilotlari hamkorlikda bu illatga qarshi kurashda faol bo’lishimiz zarur.

Prezidentimizning 2019 yil 27 may kuni qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada ­takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi farmoni bu borada katta dasturilamal bo’lib xizmat qilishi shak-shubhasizdir.

Guliston ANNAQILIChEVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi deputati,

O’zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati a’zosi.