YOD ETIShMASLIGI KASALLIKLARI PROFILAKTIKASI TO’G’RISIDA

QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

25.04.2009 y. №236/III

  

YOD ETIShMASLIGI KASALLIKLARI PROFILAKTIKASI TO’G’RISIDA

 

I-BOB. UMUMIY QOIDALAR

 

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

 

2-modda. Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to’g’risidagi qonun hujjatlari

Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Korakalpogiston  Respublikasining yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to’g’risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.

 

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:

yod etishmasligi kasalliklari – organizmda yodning etishmasligi oqibatida qalqonsimon bez kasalliklari ko’rinishida namoyon bo’ladigan kasalliklar;

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi – yod etishmasligi kasalliklarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi;

yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari – ishlab chiqarish jarayonida yod bilan boyitilgan oziq-ovqat mahsulotlari;

yodlangan tuz – ishlab chiqarish jarayonida yod bilan boyitilgan osh tuzi.

 

II-BOB. YOD ETIShMASLIGI KASALLIKLARI PROFILAKTIKASI SOHASINING DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLINIShI

(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

4-modda. Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi davlat siyosati

Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi davlat siyosati yod etishmasligi kasalliklari kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan bo’lib, quyidagilar orqali ro’yobga chiqariladi:

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to’g’risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;

iste’mol bozorini yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan to’ldirishga qaratilgan iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish;

yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi, ularni saqlash sharoitlari ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash;

bolalarni va tug’ish yoshidagi ayollarni tarkibida yod bo’lgan preparatlar bilan profilaktik ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish;

yodlangan tuz, yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari va yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi hamda ularni davolash uchun foydalaniladigan dori vositalari va preparatlarni ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash;

yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari ishlab chiqarish sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etish;

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasiga doir tadbirlar samaradorligining monitoringi;

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasida hisobga olishning axborot-tahlil va statistik tizimlarini takomillashtirish;

yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, chet el yuridik va jismoniy shaxslarining mablag’larini yod etishmasligi kasalliklari muammolariga, mazkur kasalliklarning profilaktikasi hamda davolash usullariga jalb etish;

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

 

5-modda. Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasida davlat boshqaruvi

Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasida davlat boshqaruvini Qoraqalpog’iston  Respublikasi Vazirlar Kengashi, shuningdek Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog’iston Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari amalga oshiradi.

Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasida davlat boshqaruvi:

profilaktika va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari o’tkazishni, yod etishmasligi kasalliklariga tashxis qo’yish va ularni davolashni tashkil etishni;

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi va ularni davolash uchun dori vositalari hamda preparatlarni, yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovkat mahsulotlarini standartlashtirish hamda sertifikatlashtirishni;

tuz va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlashni davlat tomonidan normalashtirishni; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan olib tashlangan)

davlat boshqaruvi organlarining, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib borishni;

yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ularning muomalasi ustidan davlat nazoratini o’z ichiga oladi.

 

6-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi vakolatlari

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi:

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishiga qatnashadi va ro’yobga chiqarilishini ta’minlaydi; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va ro’yobga chiqarilishini ta’minlaydi;

tegishli davlat organlarining aholini yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;

yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi, ularni saqlash sharoitlari ustidan o’z vakolatlari doirasida davlat nazoratini amalga oshiradi; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

davlat boshqaruvi organlarining yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi masalalariga doir faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

7-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligining yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi vakolatlari

Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi:

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to’g’risidagi qonun hujjatlari talablarining bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi davlat dasturlarini ro’yobga chiqaradi;

tuzni va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash bo’yicha sanitariya-epidemiologiya talablarini belgilashda ishtirok etadi; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, ishlab chiqarilishi, saqlanishi, olib kirilishi hamda realizatsiya qilinishi monitoringini olib boradi;

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasida mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishda ishtirok etadi; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

aholi o’rtasida yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi bo’yicha tushuntirish ishlarini olib boradi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

8-modda. Qoraqalpog’iston Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasining yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi vakolatlari

Qoraqalpog’iston Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi:

yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashga taalluqli davlat standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashda xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan standartlarning majburiy talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va ro’yobga chiqarilishini ta’minlaydi;

tegishli davlat organlarining aholini yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;

yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi, ularni saqlash sharoitlari ustidan o’z vakolatlari doirasida davlat nazoratini amalga oshiradi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

III-BOB. YOD ETIShMASLIGI KASALLIKLARI PROFILAKTIKASIGA DOIR ChORA-TADBIRLAR

 

10-modda. Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi turlari

Inson organizmining yodga bo’lgan zaruriy ehtiyojini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida yod etishmasligi kasalliklarining ommaviy va yakka tartibdagi profilaktikasi amalga oshiriladi.

 

11-modda. Yod etishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi

Yod etishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi oziq-ovqatga yodlangan tuz ishlatish va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilish orqali amalga oshiriladi.

Yodlangan tuz iste’mol qilish tibbiy jihatdan yoki boshqa jihatdan to’g’ri kelmaydigan shaxslar uchun yodlanmagan tuz olish imkoniyati tegishli vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda ta’minlanadi.
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

12-modda. Yod etishmasligi kasalliklarining yakka tartibdagi profilaktikasi

Yod etishmasligi kasalliklarining yakka tartibdagi profilaktikasi profilaktika va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari, tibbiy ko’riklar o’tkazish, tashxis qo’yish va davolash orqali amalga oshiriladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi yod etishmasligi kasalliklarining yakka tartibdagi profilaktikasini ta’minlash maqsadida profilaktika va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari, tibbiy ko’riklar o’tkazish, yod etishmasligi kasalliklariga tashxis qo’yish va ularni davolash tartibini ishlab chiqishda ishtirok etadi va uni amalga oshirishini nazorat qiladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

13-modda. Aholini yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi masalalariga doir axborot bilan ta’minlash

Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari aholiga yod etishmasligi kasalliklarining kelib chiqishi va tarqalishi omillari, bunday kasalliklarning profilaktikasiga doir choralar to’g’risida ishonchli va o’z vaqtida axborot berilishini ta’minlaydi.

 

14-modda. Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasiga doir tadbirlarni moliyalashtirish

Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasiga doir tadbirlarni moliyalashtirish byudjet mablag’lari, byudjetdan tashqari mablag’lar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

 

IV-BOB. YODLANGAN TUZGA VA YODLANGAN OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARIGA DOIR TALABLAR

 

15-modda. Tuz va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash

Qoraqalpog’iston Respublikasida ishlab chiqariladigan va realizatsiya qilinadigan osh tuzi albatta yodlanishi kerak, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

16-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligiga doir talablar

Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari davlat standartlari, qoidalari hamda normalari talablariga muvofiq bo’lishi kerak.

Tuz va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash uchun tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadigan, tarkibida yod bo’lgan preparatlardan foydalaniladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Tuz va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash, yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi, ularni saqlash sharoitlari ustidan davlat nazorati qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

17-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish

Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish davlat standartlari, qoidalari hamda normalari talablariga muvofiq yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Belgilangan yaroqlilik muddati o’tgan yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari utilizatsiya qilinishi, sanoat yo’li bilan qayta ishlanishi yoki qayta yodlanishi kerak.

 

18-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlashtirish

Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlashtirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

19-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, o’rash va tamg’alash

Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari qadoqlangan, o’ralgan hamda tamg’alangan holda ishlab chiqarilishi kerak.

Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, o’rash hamda tamg’alashga nisbatan qonun hujjatlarida oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, o’rash va tamg’alash borasida nazarda tutilgan qoidalar qo’llaniladi.

 

20-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilish

Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar ularni tashish, saqlash hamda realizatsiya qilishni qonun hujjatlarida belgilangan qoidalar va normalarga rioya etgan holda amalga oshirishlari shart.

Muvofiqlik sertifikati bo’lmagan va yaroqlilik muddati o’tgan yodlangan tuz hamda yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilish taqiqlanadi.

 

21-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish shartlari

Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari O’zbekiston Respublikasi hududiga faqat o’ralgan tarzda hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablarga rioya etilgan holda olib kirilishi mumkin.

 

V-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR

 

22-modda. Nizolarni hal etish

Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

 

23-modda. Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar.