MADANIY BOYLIKLARNING OLIB CHIQILIShI VA OLIB KIRILISHI TO’G’RISIDA

QORAQALPOG’ISTON  RESPUBLIKASINING  QONUNI

28.11.1998 y. №408/I

  

MADANIY BOYLIKLARNING OLIB CHIQILIShI VA OLIB KIRILISHI TO’G’RISIDA

 

Ushbu Qonunga qo’yidagilarga muvofiq o’zgartirishlar kiritilgan:

05.10.2007 y. 165/III-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

02.03.2015 y. 28/III-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

 

1-modda. Qonunning maqsadi

Mazkur Qonunning maqsadi Qoraqalpog’iston xalqining madaniy merosini asrash, madaniy boyliklarni qonunga xilof ravishda olib chiqilishi va olib kirilishidan muhofaza qilish bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solishdan, ularning Qoraqalpog’iston Respublikasidan olib chiqilishi va Qoraqalpog’iston Respublikasiga olib kirilishining yagona tartibini belgilashdan, shuningdek xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishga ko’maklashishdan iborat.

 

2-modda. Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to’g’risidagi qonun hujjatlari

Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to’g’risidagi Qoraqalpog’iston Respublikasining qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to’g’risidagi Qoraqalpog’iston Respublikasining qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.

 

3-modda. Asosiy tushunchalar

Mazkur Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:

madaniy boyliklar – moddiy dunyoning milliy, tarixiy, badiiy, ilmiy-ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy va boshqa madaniy ahamiyatga molik ko’char ashyolari;

madaniy boyliklarning olib chiqilishi – madaniy boyliklarni Qoraqalpog’iston Respublikasi hududidan tashqariga ularni qaytarib olib kirish majburiyatisiz bojxona chegarasi orqali olib o’tish;

madaniy boyliklarning olib kirilishi – madaniy boyliklarni Qoraqalpog’iston Respublikasi hududiga ularni qaytarib olib chiqish majburiyatisiz bojxona chegarasi orqali olib o’tish;

madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi – madaniy boyliklarni Qoraqalpog’iston Respublikasi hududidan tashqariga ularni shartlashib qo’yilgan muddatda qaytarib olib kirish majburiyati bilan bojxona chegarasi orqali olib o’tish;

madaniy boyliklarning vaqtincha olib kirilishi – madaniy boyliklarni Qoraqalpog’iston Respublikasi hududiga ularni shartlashib qo’yilgan muddatda qaytarib olib chiqish majburiyati bilan bojxona chegarasi orqali olib o’tish.

 

4-modda. Mazkur Qonunning ta’siri ostida bo’ladigan madaniy boyliklar

Quyidagilar mazkur Qonunning ta’siri ostida bo’ladi: (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan yaratilgan madaniy boyliklar;

chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida yaratilgan madaniy boyliklar;

Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida topilgan madaniy boyliklar;

muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida, arxivlarda, idoraviy arxivlarda, kino-, foto-, fonotekalarda, suratlar galereyalarida va boshqa saqlash joylarida to’plangan madaniy boyliklar; (QR 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

qaysi davlatlarga mansub bo’lsa, o’sha davlatlarning vakolatli organlari roziligi bilan arxeologik, etnologik va tabiiy-ilmiy ekspeditsiyalar tomonidan qo’lga kiritilgan madaniy boyliklar;

ixtiyoriy ravishda ayirboshlashlar natijasida olingan madaniy boyliklar;

qaysi davlatlarga mansub bo’lsa, o’sha davlatlarning vakolatli organlari roziligi bilan meros, hadya sifatida olingan yoki qonuniy qo’lga kiritilgan madaniy boyliklar;

chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Qoraqalpog’iston  Respublikasi hududiga olib kirilayotgan madaniy boyliklar. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

5-modda. Davlat organlarining madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasidagi vakolatlari

Qoraqalpog’iston Respublikasi hududidan madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishini tartibga solishni Qoraqalpog’iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Qoraqalpog’iston Respublikasi Davlat bojxona Boshqarmasi amalga oshiradi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Qoraqalpog’iston Respublikasi Madaniyat vazirligi: (QR 05.10.2007 y. 165/III-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

tegishli vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan tartibda madaniy boyliklar sirasiga kiruvchi ashyolarning toifasini aniqlaydi; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

madaniy boyliklarning olib chiqilishi, vaqtincha olib chiqilishi mumkinligi to’g’risida qarorlar qabul qiladi;

olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan, shuningdek vaqtincha olib chiqilayotgan va vaqtincha olib kirilayotgan madaniy boyliklarni ro’yxatga oladi;

olib chiqiladi, vaqtincha olib chiqiladi deb e’lon qilingan, shuningdek vaqtincha olib chiqilganidan keyin qaytarib olib kelingan madaniy boyliklarni ekspertizadan o’tkazishni ta’minlaydi;

madaniy boyliklarning olib chiqilishi va vaqtincha olib chiqilishi huquqini beruvchi sertifikatlar beradi; (QR 02.03.2015 y. 28/III-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

ushlab qolingan yoki musodara qilingan madaniy boyliklarni tegishli davlat organlaridan qabul qilib oladi, ularni ekspertizadan o’tkazadi hamda ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Davlat bojxona boshqarmasi qonun hujjatlariga muvofiq madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Madaniy boyliklarni ekspertizadan o’tkazish hamda ularning olib chiqilishi va olib kirilishini nazorat qilish tartibi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

6-modda. Olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan madaniy boyliklarga bo’lgan mulk huquqi

Olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan madaniy boyliklarga davlat mulki huquqi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mulk huquqi yuzaga kelishiga quyidagilar asos bo’ladi: (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

madaniy boyliklar davlat byudjeti hisobiga yaratilganligi;

madaniy boyliklar yuridik va jismoniy shaxslarning o’z faoliyati hisobiga yaratilganligi; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

madaniy boylik yaratilishi yoki qo’lga kiritilishiga asos bo’lgan bitimlar;

meros olish.

Ayni paytda intellektual mulk ob’ekti ham bo’lgan madaniy boyliklarga mulk huquqi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

 

7-modda. Mulkdorning madaniy boyliklarning olib chiqilishiga bo’lgan huquqi

Madaniy boyliklarning o’z mulkdori yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan olib chiqilishi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Qoraqalpog’iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan beriladigan olib chiqish huquqini beruvchi sertifikat asosida amalga oshiriladi. (QR 05.10.2007 y. 165/111-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Muallif o’zi yaratgan, o’z mulki bo’lgan madaniy boyliklarni olib chiqishga haqli.

 

 

8-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin bo’lmagan madaniy boyliklar

Quyidagilar Qoraqalpog’iston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas:

ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar;

davlat tomonidan muhofaza ro’yxatlari va reestrlariga kiritilgan madaniy boyliklar;

muzeylar, axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar, idoraviy arxivlar va boshqa saqlash joylarida doimiy saqlanayotgan madaniy boyliklar.
(QR 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

9-modda. Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi

Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin:
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

ko’rgazmalar tashkil etish uchun;

qayta tiklash-ta’mirlash ishlarini va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun;

teatr, kontsert va boshqa san’atkorlik faoliyati munosabati bilan;

davlat elchixonalarini va vakolatxonalarini bezash uchun;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Vaqtincha olib chiqilayotgan madaniy boyliklar kreditni ta’minlash vositasi sifatida ishlatilishi yoki garov narsasi bo’lib xizmat qilishi mumkin emas.

 

10-modda. Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi shartlari

Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi uchun Qoraqalpog’iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi beradigan guvohnoma asos bo’ladi. (QR 05.10.2007 y. 165/III-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Madaniy boyliklarning olib chiqilishi huquqini beruvchi guvohnomani berish tartibi Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. (QR 02.03.2015 y. 28/III-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

11-modda. Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi to’g’risidagi guvohnomani olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar

Muzeylar, axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar, idoraviy arxivlar va boshqa saqlash joylari tomonidan madaniy boyliklarni vaqtincha olib chiqish to’g’risida sertifikat olish uchun ariza berilib, unga quyidagilar ilova qilinadi: (QR 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishining maqsadlari, muddatlari va shartlari to’g’risida qabul qiluvchi tomon bilan tuzilgan shartnoma;

sug’urta xavflarining barcha hollari ta’minlangan holda vaqtincha olib chiqilayotgan madaniy boyliklar mulkiy sug’urta shartnomasining sug’urta polisi (guvohnoma, sertifikat, kvitantsiya);

qabul qiluvchi tomon davlat organlarining vaqtincha olib chiqilayotgan madaniy boyliklarning saqlanishi va o’z vaqtida qaytarilishi xususidagi yozma kafolatlari.

Boshqa yuridik shaxslar tomonidan (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan) madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi to’g’risidagi guvohnomani olish uchun arizaga ushbu moddaning birinchi qismi ikkinchi va uchinchi xatboshisida ko’rsatilgan hujjatlar ilova qilinadi. (QR 02.03.2015 y. 28/III-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Jismoniy shaxslar tomonidan (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan) madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi to’g’risidagi guvohnomani olish uchun arizaga ushbu moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisida ko’rsatilgan hujjatlar ilova qilinadi. (QR 02.03.2015 y. 28/III-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

12-modda. Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi to’g’risidagi guvohnoma berishni rad etish (QR 02.03.2015 y. 28/III-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Madaniy boyliklarning vaqtincha olib chiqilishi to’g’risidagi guvohnoma quyidagi hollarda berilmaydi, agar: (QR 02.03.2015 y. 28/III-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

ushbu Qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilmagan bo’lsa;

vaqtincha olib chiqiladi deb e’lon qilingan madaniy boyliklarning holati ularni saqlash sharoitlarini o’zgartirish imkoniyatini bermasa;

vaqtincha olib chiqiladi deb e’lon qilingan madaniy boyliklarning mulkdori aniqlanmagan bo’lsa;

madaniy boyliklar mulk huquqi to’g’risidagi nizo mavzui bo’lsa;

madaniy boyliklarni vaqtincha olib chiqishga mo’ljallanayotgan mamlakatda vaqtincha olib chiqilayotgan madaniy boyliklarning saqlanishini ta’minlashga to’sqinlik qiladigan tabiiy ofat sodir bo’lgan yoki boshqa holatlar yuzaga kelgan bo’lsa.

Madaniy boyliklarni vaqtincha olib chiqilishi to’g’risida guvohnoma berish haqida arizani qayta ko’rib chiqishda ushbu guvohnomani berishdan bosh tortish to’g’risidagi bildirishda avval ko’rsatilmagan yangi asoslar bo’yicha uni berishni rad etish mumkin emas. (olib tashlandi) (QR 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qonuniga asosan olib tashlangan)

 

13-modda. Vaqtincha olib chiqilgan madaniy boyliklarni muhofaza qilish

Qoraqalpog’iston Respublikasidan vaqtincha olib chiqilgan madaniy boyliklarni muhofaza qilish O’zbekiston Respublikasining tegishli mamlakatdagi diplomatiya vakolatxonalari tomonidan amalga oshiriladi.

 

14-modda. Vaqtincha olib kirilgan madaniy boyliklar saqlanishining kafolatlari

Davlat Qoraqalpog’istonga vaqtincha olib kirilgan madaniy boyliklarning saqlanishini kafolatlaydi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

15-modda. Ashyolarning madaniy boyliklar niqobi ostida olib kirilishini taqiqlash

Konstitutsiyaviy tuzum va davlat mustaqilligiga putur etkazishga, hududiy yaxlitlikni buzishga qaratilgan, urushni, terrorchilikni, zo’ravonlikni, diniy ekstremizmni, irqchilikni targ’ib qiluvchi ashyolarning, shuningdek pornografik mazmundagi materiallarning madaniy boyliklar niqobi ostida olib kirilishi taqiqlanadi.

 

16-modda. Madaniy boyliklarning qonunga xilof ravishda olib kirilishi va qo’lga kiritilishining oldini olish

Madaniy boyliklarga nisbatan qidiruv e’lon qilingan bo’lsa, ular keyinchalik qonuniy mulkdorlariga qaytarish maqsadida ushlab qolinishi kerak.

Boshqa mamlakatlardan qonunga xilof ravishda olib chiqilgan, o’g’irlangan yoki qonunga xilof ravishda qo’lga kiritilgan madaniy boyliklarni qo’lga kiritishning oldini olish maqsadida muzeylar, axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar, idoraviy arxivlar va boshqa saqlash joylari ularning kelib chiqishi to’g’risida zarur axborotga ega bo’lishi shart.
(QR 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

17-modda. Madaniy boyliklarni realizatsiya qilish

Olib chiqilishi mumkin bo’lmagan madaniy boyliklarni realizatsiya qilish bu boyliklarning Qoraqalpog’iston Respublikasidan tashqariga olib chiqilishi mumkin emasligi to’g’risida xaridor yozma ravishda ogohlantirilganidan keyingina amalga oshiriladi.

Madaniy boyliklarni kimoshdi savdosiga (auktsionga) qo’yish tegishli vakolatli organ bilan kelishuvga ko’ra amalga oshiriladi. Madaniy boyliklarni realizatsiya qilishda ishtirok etuvchi yuridik shaxslar tegishli vakolatli organning ruxsatnomasini olishi shart. (QR 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

18-modda. Madaniy boyliklar tranziti va ularni pochta jo’natmalarida yuborish

Madaniy boyliklarni Qoraqalpog’iston Respublikasi hududi orqali tranzit tartibida olib o’tish va pochta jo’natmalarida yuborish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

 

19-modda. Madaniy boyliklarni insofli egallovchining huquqlari

Boshqa mamlakatlardan qonunga xilof ravishda olib chiqilgan, boshqa davlatlarda o’g’irlangan yoki yo’qolgan madaniy boyliklarni insofli egallovchi ularni qonuniy mulkdoriga qaytarishi lozim. Bunday hollarda insofli egallovchiga belgilangan tartibda kompensatsiya to’lanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq qaytarilgan madaniy boyliklar bojxona to’lovlari va boshqa yig’imlardan ozod qilinadi. Talab qiluvchi taraf qaytarishga doir boshqa xarajatlarni ko’taradi.

 

20-modda. Madaniy boyliklarni qaytarish

Davlat qonunga xilof ravishda olib chiqilgan va Qoraqalpog’iston Respublikasiga qaytarilishi lozim bo’lgan madaniy boyliklarni talab qilib olish choralarini ko’radi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi hududidan uning mustaqilligi e’lon qilingunga qadar qonunga xilof ravishda olib chiqilgan madaniy boyliklarni qaytarish to’g’risidagi talablarga nisbatan da’vo muddati tatbiq etilmaydi.

Qaytarilgan madaniy boyliklarning mulkdorlari ularni qaytarib olib kirishda bojxona to’lovlari va maxsus yig’imni to’lashdan ozod qilinadi.

 

21-modda. Madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan o’tkazganlik uchun maxsus yig’im

Madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan o’tkazganlik uchun belgilangan tartibda maxsus yig’im to’lanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

22-modda. Madaniy boyliklar uchun bojxona to’lovlari

Madaniy boyliklarning olib kirilishi va olib chiqilishida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona to’lovlari olinadi.

 

23-modda. Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar.