NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTLARI TO’G’RISIDA

QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

29.05.2004 y. №270/XI

  

NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTLARI TO’G’RISIDA

 

Ushbu Qonunga qo’yidagilarga muvofiq o’zgartirishlar kiritilgan

09.10.2004 y. 293/II-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

22.05.2010 y. 31/II-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

28.12.2013 y. 187/XIV-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

02.03.2015 y. 28/III-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

18.08.2018 y. 28/XXII-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

 

  1. UMUMIY QOIDALAR

 

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi nodavlat notijorat tashkilotlarining, shuningdek xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining, xalqaro hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlari vakolatxonalari va filiallarining Qoraqalpog’iston Respublikasi hududidagi faoliyati bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

 

2-modda. Nodavlat notijorat tashkiloti tushunchasi

Nodavlat notijorat tashkiloti – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o’z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o’z qatnashchilari (a’zolari) o’rtasida taqsimlamaydigan o’zini o’zi boshqarish tashkilotidir.

Nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, boshqa demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish, ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish, hayriya faoliyatini amalga oshirish uchun hamda boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarda tuziladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asos o’zgartirishlar kiritilgan)

 

3-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari  to’g’risidagi qonun hujjatlari

Nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

Siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, diniy tashkilotlar hamda boshqa ayrim nodavlat notijorat tashkilotlarini tuzishning, ular faoliyatining, qayta tashkil etilishi va tugatilishining xususiyatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati sohasining u yoki bu munosabatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinmagan hollarda ushbu Qonunning normalari qo’llaniladi.

Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risidagi Qoraqalpog’iston Respublikasining Qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.

 

4-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari bilan o’zaro munosabatlari

Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining alohida ijtimoiy foydali dasturlariga davlat ko’mak ko’rsatishi mumkin.

Davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek nodavlat notijorat tashkilotining davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga aralashishiga yo’l qo’yilmaydi.

 

5-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining xalqaro aloqalari

Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlariga kirishi, ular bilan to’g’ridan to’g’ri xalqaro aloqalar o’rnatishi, hamkorlik to’g’risida tegishli bitimlar tuzishi mumkin.

 

  1. NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTINING HUQUQIY MAQOMI, HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI

 

6-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining huquqiy maqomi

Nodavlat notijorat tashkiloti yuridik shaxs bo’ladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asos o’zgartirishlar kiritilgan)

Nodavlat notijorat tashkiloti, agar uning ta’sis hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan bo’lmasa, faoliyat muddati cheklanmagan holda tashkil etiladi.

 

7-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining huquqlari

Nodavlat notijorat tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:

o’z a’zolari va qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;

ijtimoiy hayotning turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga takliflar kiritish;

davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qarorlarini ishlab chiqishda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ishtirok etish;

o’z faoliyati to’g’risida axborot tarqatish;

ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish hamda belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;

ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil etish;

o’z ramziy belgilarini ta’sis etish;

o’z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan yig’ilishlar, konferentsiyalar o’tkazish;

qonun hujjatlariga muvofiq vakolatxonalar ochish va filiallar tashkil etish.

Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.

 

8-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining majburiyatlari

Nodavlat notijorat tashkiloti:

qonun hujjatlari va ta’sis hujjatlariga rioya etishi;

o’z mol-mulki va pul mablag’laridan foydalanishi, shu jumladan moliyalashtirish manbalari to’g’risidagi axborot bilan tanishish erkinligini ta’minlashi;

ro’yxatdan o’tkazuvchi organ bilan tadbirlar o’tkazishni kelishib olishi (siyosiy partiyalar bundan mustasno) va uning vakiliga o’tkazilayotgan tadbirlarga erkin kirish imkonini berishi;

nodavlat notijorat tashkiloti vakillarining chet mamlakatlarga nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati bilan bog’liq tashriflari uyushtirilishi haqida ro’yxatdan o’tkazuvchi organni xabardor qilishi;

chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig’iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag’lari va mol-mulk olishni ro’yxatdan o’tkazuvchi organ bilan kelishib olishi;

ro’yxatdan o’tkazuvchi organga, davlat soliq xizmati organlariga va davlat statistikasi organlariga o’z faoliyati to’g’risida belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etishi shart.

Nodavlat notijorat tashkilotining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining tadbirlar o’tkazishni, shuningdek chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig’iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag’lari va mol-mulk olishni ro’yxatdan o’tkazuvchi organ bilan kelishib olishi tartibi O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi. (QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asos o’zgartirishlar kiritilgan)

 

9-modda. Nodavlat notijorat  tashkilotlarining vakolatxonalari  va filiallari

Nodavlat notijorat tashkilotining vakolatxonasi u turgan erdan tashqarida joylashgan alohida bo’linma bo’lib, nodavlat notijorat tashkilotining manfaatlarini ifodalaydi va himoya qiladi.

Nodavlat notijorat tashkilotining filiali u turgan erdan tashqarida joylashgan alohida bo’linma bo’lib, uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan, vakolatxona vazifalarini amalga oshiradi.

Nodavlat notijorat tashkilotining vakolatxonalari va filiallari davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan e’tiboran yuridik shaxs maqomiga ega bo’lishi mumkin. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asos o’zgartirishlar kiritilgan)

Bosh tashkiloti O’zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari yuridik shaxslardir. (QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asos o’zgartirishlar kiritilgan)

 

10-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy shakllari

Nodavlat notijorat tashkilotlari jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond, muassasa shaklida, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqa shaklda tashkil etilishi mumkin.

Nodavlat notijorat tashkilotlari o’zlarining faoliyatini muvofiqlashtirib borish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida uyushmalar shaklida birlashmalar tuzishi mumkin.

 

11-modda. Jamoat birlashmasi

Ma’naviy yoki boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish uchun o’z manfaatlarining mushtarakligi asosida qonunda belgilangan tartibda birlashgan fuqarolarning ixtiyoriy birlashmasi jamoat birlashmasi deb e’tirof etiladi.

Jamoat birlashmasi qatnashchilari mazkur birlashmaga mulk qilib bergan mol-mulklariga, shu jumladan, a’zolik badallariga bo’lgan huquqlarini saqlab qolmaydilar. Ular a’zo sifatida qatnashayotgan jamoat birlashmasining majburiyatlari bo’yicha javob bermaydilar, mazkur birlashma esa o’z a’zolarining majburiyatlari bo’yicha javob bermaydi.

 

12-modda. Jamoat fondi

Jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy mulkiy badallar qo’shish asosida tashkil etilgan, hayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko’zlaydigan, a’zoligi bo’lmagan nodavlat notijorat tashkiloti jamoat fondi deb e’tirof etiladi.

Jamoat fondiga uning muassislari (muassisi) yoki vasiyat qiluvchi tomonidan o’tkazilgan mol-mulk fondning mulkidir. Fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma bo’yicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi fondning majburiyatlari bo’yicha javob bermaydi, fond esa muassislarning (muassisning) yoki vasiyatnomani ijro etuvchining majburiyatlari bo’yicha javob bermaydi.

Jamoat fondi har yili o’z faoliyati to’g’risida hisobot e’lon qilib borishi shart.

 

13-modda. Muassasa

Ijtimoiy, madaniy va boshqa notijorat tusdagi vazifalarni amalga oshirish uchun jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan tuzilgan nodavlat notijorat tashkiloti muassasa deb e’tirof etiladi.

 

 

14-modda. Xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti

O’z ustaviga va Qoraqalpog’iston Respublikasining Qonun hujjatlariga muvofiq Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida hamda bitta yoki undan ko’proq chet el davlati hududida faoliyat olib borishi mumkin bo’lgan xalqaro tashkilot xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti deb hisoblanadi.

 

III. NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTINI TUZISh TARTIBI

 

15-modda. Nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish

Nodavlat notijorat tashkiloti uning muassislari (a’zolari) qarori asosida qonun hujjatlariga muvofiq tuziladi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining uyushmalari (ittifoqlari) kamida ikkita nodavlat notijorat tashkiloti tashabbusi bilan tuzilishi mumkin.

Nodavlat notijorat tashkilotining tashabbuskorlari yoki muassislari ta’sis s’ezdini (konferentsiyasini) yoki umumiy yig’ilishni chaqiradilar, unda ustav qabul qilinadi hamda rahbar organlari tuziladi.

Nodavlat notijorat tashkiloti davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan e’tiboran tuzilgan deb hisoblanadi.

 

16-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining ta’sis hujjatlari

Nodavlat notijorat tashkilotining ta’sis hujjatlari quyidagilardan iborat:

muassislar (a’zolar) tomonidan tasdiqlangan ustav;

qatnashchilar tomonidan tuzilgan ta’sis shartnomasi va ular tasdiqlagan ustav – uyushma uchun.

Nodavlat notijorat tashkiloti ta’sis hujjatlarining talablari nodavlat notijorat tashkilotining o’zi uchun, uning muassislari va qatnashchilari (a’zolari) uchun majburiydir.

Ta’sis shartnomasida taraflar (muassislar) nodavlat notijorat tashkilotlari uyushmasini  tuzish majburiyatini oladilar, uni tuzish sohasida birgalikda faoliyat ko’rsatish tartibini, unga o’z mol-mulkini berish hamda uning faoliyatida ishtirok etish, nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatini boshqarish, muassislarning uning tarkibidan chiqish shartlarini belgilab beradilar.

Ta’sis shartnomasiga muassislarning kelishuviga binoan boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.

 

17-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining ustavi

Nodavlat notijorat tashkilotining ustavida quyidagilar nazarda tutiladi:

nodavlat notijorat tashkilotining nomi, maqsad va vazifalari, uning tashkiliy-huquqiy shakli, u o’z faoliyatini amalga oshiradigan hudud;

nodavlat notijorat tashkilotining tuzilmasi va rahbar organlari, zaruratga qarab uning nazorat-taftish organlari (ijtimoiy fondlar uchun – majburiy) yoki auditorlarni (auditorlik firmalarini) jalb etishning majburiyligi;

rahbar organlarning vakolat doirasi va ularni shakllantirish tartibi, ularning vakolat muddatlari, doimiy asosda ishlaydigan rahbar organ joylashgan er; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asos o’zgartirishlar kiritilgan)

a’zolik belgilangan birlashmalar uchun – a’zo bo’lish va a’zolikdan mahrum bo’lish shartlari va tartibi, a’zolarning huquq va majburiyatlari;

pul mablag’lari va boshqa mol-mulkni shakllantirish manbalari, nodavlat notijorat tashkiloti hamda uning tarkibiy bo’linmalarining mol-mulkni boshqarish borasidagi huquqlari;

qayta tashkil qilish va tugatish tartibi;

ustavga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish tartibi.

Nodavlat notijorat tashkilotining ustavida uning ramziy belgilari tavsifi bo’lishi mumkin.

Ustavda nodavlat notijorat tashkilotining faoliyatiga taalluqli, qonun hujjatlariga zid bo’lmagan boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.

 

18-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining muassislariga, qatnashchilariga (a’zolariga) qo’yiladigan umumiy talablar

Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan bo’lmasa, o’n sakkiz yoshga to’lgan jismoniy shaxslar, shuningdek yuridik shaxslar nodavlat notijorat tashkilotining muassislari, qatnashchilari (a’zolari) bo’lishi mumkin. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asos o’zgartirishlar kiritilgan)

Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotiga o’n to’rt yoshga to’lgan shaxslar, bolalarning nodavlat notijorat tashkilotiga esa o’n yoshga to’lgan shaxslar a’zo bo’lishi mumkin.

Nodavlat notijorat tashkilotiga a’zo bo’lish, a’zolikdan mahrum bo’lish shartlari va tartibi, shu jumladan, yoshiga ko’ra a’zolikdan chiqish shartlari tegishli nodavlat notijorat tashkilotlarining ustavlari bilan belgilanadi.

Rasmiy hujjatlarda u yoki bu nodavlat notijorat tashkilotiga a’zolik yoki uning faoliyatidagi ishtirokning ko’rsatilishini talab qilishga yo’l qo’yilmaydi. Fuqarolarning nodavlat notijorat tashkilotiga mansubligi yoki mansub emasligi ularning huquqlari va erkinliklarini cheklash uchun asos bo’la olmaydi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar O’zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda nodavlat notijorat tashkilotining muassislari, qatnashchilari (a’zolari) bo’lishi mumkin, Qoraqalpog’iston  Respublikasining qonunlari va xalqaro shartnomalarida belgilangan hollar bundan mustasno.

 

19-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining ramziy belgilari

Nodavlat notijorat tashkiloti bayroq, emblema, vimpel va boshqa ramziy belgilarga ega bo’lishi mumkin. Nodavlat notijorat tashkilotining ramziy belgilari davlat ramziy belgilariga o’xshamasligi kerak.

Nodavlat notijorat tashkilotining ramziy belgilari ustavga muvofiq uning rahbar organi tomonidan tasdiqlanadi hamda davlat ro’yxatidan o’tkazilishi kerak.

 

20-modda. Nodavlat notijorat tashkilotini qayta tashkil etish

Nodavlat notijorat tashkilotini qayta tashkil etish uning yuqori organi qaroriga binoan birlashish, qo’shilish, bo’linish, ajralib chiqish va o’zgartirish yo’li bilan amalga oshiriladi.

Nodavlat notijorat tashkilotini qayta tashkil etish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

 

  1. NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTINI DAVLAT RO’YXATIDAN O’TKAZISh TARTIBI

 

21-modda. Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazish

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xalqaro nodavlat  notijorat tashkilotlari, bosh tashkiloti O’zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari, tuman, shahar, posyolka va qishloq hududlarida faoliyat olib boradigan nodavlat notijorat tashkilotlari O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tkaziladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi tuman, shahar, posyolka va qishloq hududlarida faoliyat olib boradigan nodavlat notijorat tashkiloti Qoraqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro’yxatdan o’tkaziladi.

O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari bo’lgan xodimlarini, shuningdek ularning qaramog’idagi oila a’zolarini belgilangan tartibda akkreditatsiya qilishni amalga oshiradi.

Nodavlat notijorat tashkilotini ro’yxatga olgan organ uning faoliyati ustavda belgilangan maqsadlarga hamda Qoraqalpog’iston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiqligini nazorat qiladi. (QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asos o’zgartirishlar kiritilgan)

 

22-modda. Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun talab etiladigan hujjatlar

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun ro’yxatga oluvchi organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

mazkur nodavlat notijorat tashkilotining rahbar-organi a’zolari har birining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug’ilgan yili va joyi, yashash joyi hamda manzilini ko’rsatgan holda ular tomonidan imzolangan ariza;

nodavlat notijorat tashkilotining ustavi yoxud yuridik shaxs bo’lgan vakolatxona yoki filial to’g’risidagi nizom davlat tilida ikki nusxada;

ta’sis shartnomasi – nodavlat notijorat tashkilotlarining uyushmalari (ittifoqlari) uchun;

nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish to’g’risidagi ta’sis s’ezdi (konferentsiyasi) yoki umumiy yig’ilishning bayonnomasi yoxud ta’sischining qarori (respublika va viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlari uchun tegishli vakolatxonalar va filiallarni tashkil etish, rahbar organlarni hamda boshqa organlarni shakllantirish to’g’risidagi ma’lumotlar ham ko’rsatiladi);

joylashgan eri nodavlat notijorat tashkilotining pochta manzili sifatida foydalanilishi mo’ljallanayotgan ko’chmas mulkka bo’lgan mulk huquqini yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat;

nodavlat notijorat tashkilotini tuzish tashabbuskorlari yoxud uning ta’sischilari to’g’risidagi ma’lumotlar;

tashabbuskor fuqarolarning ro’yxati;

bosh nodavlat notijorat tashkiloti davlat ro’yxatidan o’tganligi to’g’risidagi guvohnoma nusxasi – vakolatxonalar va filiallar uchun;

dastlabki mablag’lar shakllantirilganligini tasdiqlovchi hujjat – jamoat fondlari uchun;

vasiyatnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi – vasiyatnoma bo’yicha tashkil etilayotgan jamoat fondlari uchun;

davlat boji to’langanligi to’g’risidagi bank to’lov hujjati.

Qo’shib yuborish, bo’lish, ajratib chiqarish yoki o’zgartirish shaklida qayta tashkil etish yo’li bilan tuzilayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari qo’shimcha ravishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

qayta tashkil etilayotgan tashkilotlarga ma’lum bo’lgan barcha kreditorlar yozma ravishda xabardor qilinganligining va qayta tashkil etish to’g’risida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganligining tasdiqnomasi;

qayta tashkil etilayotgan tashkilotlarning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan barcha majburiyatlari, shu jumladan taraflar nizolashayotgan majburiyatlari bo’yicha huquqiy vorislik to’g’risidagi qoidalar ko’rsatilgan topshirish dalolatnomasi (qo’shib yuborish va o’zgartirishda) yoki taqsimlash balansi (bo’lish va ajratib chiqarishda);

davlat ro’yxatidan o’tkazilganligi to’g’risidagi guvohnomaning asl nusxasi, shuningdek ichki ishlar organlarining tashkilot muhri va shtampi yo’q qilib tashlanganligi to’g’risidagi ma’lumotnomasi (qo’shib yuborish, bo’lish va o’zgartirishda).

Davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun hujjatlar ta’sis s’ezdi (konferentsiyasi) yoki umumiy yig’ilish o’tkazilgan kundan e’tiboran ikki oy ichida, jamoat birlashmasi uchun esa bir oy ichida taqdim etiladi.

Nodavlat notijorat tashkilotining yuridik shaxs bo’lgan vakolatxonalari va filiallarini davlat ro’yxatidan o’tkazish vakolatxona va filial tomonidan taqdim etilgan, nodavlat notijorat tashkilotining markaziy rahbar organi tomonidan tasdiqlangan hujjatlar asosida, shuningdek nodavlat notijorat tashkiloti davlat ro’yxatidan o’tganligi to’g’risidagi guvohnomaning nusxasi asosida tegishli adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Nodavlat notijorat tashkilotining yuridik shaxs bo’lmagan vakolatxonalari va filiallarini hisobga qo’yish nodavlat notijorat tashkiloti markaziy rahbar organlari tomonidan taqdim etilgan va tasdiqlangan hujjatlar asosida, shuningdek nodavlat notijorat tashkiloti davlat ro’yxatidan o’tganligi to’g’risidagi guvohnomaning nusxasi asosida tegishli adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi. (QR 02.03.2015 y. 28/IIIsonli, 28.12.2016 y. 119/XIIIsonli, 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonunlariga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

23-modda. Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazish to’g’risidagi qaror

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun hujjatlarni qabul qilib olgan adliya organi ularni ikki oylik muddat ichida ko’rib chiqadi hamda nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazish to’g’risida yoki davlat ro’yxatidan o’tkazishni rad etish to’g’risida qaror qabul qiladi va qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran uch kun ichida muassislarga davlat ro’yxatidan o’tkazish to’g’risida guvohnoma yoki qonun hujjatlarining qaysi qoidalari buzilganligi davlat ro’yxatidan o’tkazishni rad etishga olib kelganligi haqida aniq ko’rsatilgan hujjat beradi.
(QR 02.03.2015 y. 28/III-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

24-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining ma’lumotlarini yuridik shaxslarning yagona davlat reestriga kiritish

Davlat ro’yxatidan o’tgan nodavlat notijorat tashkilotlari yuridik shaxslarning hamma tanishib chiqishi uchun ochiq bo’lgan yagona davlat reestriga kiritiladi. (18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonunlariga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Yuridik shaxslarning yagona davlat reestrida quyidagilar ko’rsatiladi: (18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonunlariga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

ta’sis etilgan sana;

nomi va joylashgan eri;

rahbar organlari;

vakillar sifatida ish olib borishga vakolatli shaxslar;

faoliyat sohasi.

 

25-modda. Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazishni rad etish asoslari

Nodavlat notijorat tashkilotni davlat ro’yxatidan o’tkazishni quyidagi holatlardagina rad etish mumkin:

nodavlat notijorat tashkilotining ta’sis hujjatlari O’zbekiston va Qoraqalpog’iston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo’rlik bilan o’zgartirishni, suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga putur etkazishni, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitishni, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qilishni, fuqarolarning sog’lig’i va ma’naviyatiga tajovuz qilishni maqsad qilib qo’ygan bo’lsa;

hujjatlar ro’yxat bo’yicha to’liq taqdim etilmagan yoki ular lozim darajada rasmiylashtirilmagan bo’lsa;

hujjatlar ustav qabul qilingan paytdan boshlab ikki oylik muddat o’tganidan keyin taqdim etilgan bo’lsa;

ilgari xuddi shu nomdagi nodavlat notijorat tashkiloti ro’yxatdan o’tkazilgan bo’lsa;

nodavlat notijorat tashkilotini tuzishning qonunda belgilangan tartibi buzilgan bo’lsa yoki uning ta’sis hujjatlarida qonunga nomuvofiqliklar bo’lsa;

ro’yxatdan o’tkazish uchun taqdim etilgan ta’sis hujjatlarida atayin noto’g’ri ma’lumotlar keltirilganligi aniqlangan bo’lsa;

nodavlat notijorat tashkilotining nomi yoki ramziy belgilari ma’naviyatga fuqarolarning milliy va diniy tuyg’ulariga daxl qilsa;

nodavlat notijorat tashkilotining ta’sis hujjatlarida harbiylashtirilgan birlashmalar tuzish nazarda tutilgan bo’lsa.

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazish ta’sis hujjatlarida O’zbekiston Respublikasining va Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyalariga,  qonunlariga zid qoidalar mavjud bo’lgan boshqa hollarda ham rad etilishi mumkin.

Nodavlat notijorat tashkilotini tuzish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan uni ro’yxatdan o’tkazishni rad etishga yo’l qo’yilmaydi.

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazishning rad etilishi rad etish sabablari bartaraf etilgan taqdirda hujjatlarni davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun takroran taqdim etishga to’sqinlik qilmaydi.

Nodavlat notijorat tashkilotini ro’yxatdan o’tkazuvchi adliya organiga takroriy qilingan murojaatni ko’rib chiqish va bu murojaat yuzasidan qaror chiqarish ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

 

26-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining ro’yxatdan o’tkazish rad etilganligi ustidan shikoyat qilish

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro’yxatidan o’tkazish rad etilganligi, shuningdek ro’yxatdan o’tkazish muddatlari buzilganligi ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.

 

27-modda. Nodavlat notijorat tashkilotini qayta ro’yxatdan o’tkazish

Nodavlat notijorat tashkilotining ta’sis hujjatlariga kiritiladigan o’zgartirish va qo’shimchalar nodavlat notijorat tashkilotining o’zini davlat ro’yxatidan o’tkaziladigan tartibda va muddatlarda davlat ro’yxatidan o’tkazilishi kerak.

Nodavlat notijorat tashkiloti xalqaro nodavlat notijorat tashkilotiga yoki uning filialiga aylantirilgan taqdirda uni qayta ro’yxatdan o’tkazish majburiydir. (QR 28.12.2016 y. 119/XIIIsonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

  1. NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTI FAOLIYaTINING

IQTISODIY ASOSLARI

 

28-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining mol-mulki

Binolar, inshootlar, turar joylar, uskunalar, inventar, pul mablag’lari, shu jumladan, chet el valyutasidagi pul mablag’lari, qimmatli qog’ozlar va boshqa mol-mulk nodavlat notijorat tashkilotining mulki bo’lishi mumkin.

Nodavlat notijorat tashkilotining mulki qonun bilan muhofaza qilinadi. Nodavlat notijorat tashkiloti o’z majburiyatlari yuzasidan qonunlarga muvofiq undirish qaratilishi mumkin bo’lgan mol-mulki bilan javob beradi.

 

29-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining mol-mulkini shakllantirish manbalari

Nodavlat notijorat tashkilotining mol-mulkini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat bo’lishi mumkin:

kirish va a’zolik badallari, agar ular ustavda nazarda tutilgan bo’lsa;

muassislardan, qatnashchilardan (a’zolardan) bir marotaba va muntazam ravishda keladigan tushumlar;

ixtiyoriy mulkiy badallar va ehsonlar;

tadbirkorlik faoliyatidan olingan, faqat ustav maqsadlari uchun ishlatiladigan daromadlar (foyda);

qonunlarda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

 

30-modda. Nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatining turlari

Nodavlat notijorat tashkiloti qonun bilan taqiqlanmagan hamda o’zining ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan maqsadlarga muvofiq bo’lgan faoliyatning har qanday turini amalga oshirishi mumkin.

Bosh tashkiloti O’zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda chet el nodavlat  notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari hamda bunday vakolatxonalarning (filiallarning) xodimlari O’zbekiston Respublikasi hududida biron bir siyosiy faoliyatda va vakolatxona yoki filialning ustavda belgilangan maqsadlari va vazifalariga to’g’ri kelmaydigan boshqa faoliyatda ishtirok etishga haqli emas. Ularning siyosiy partiyalar hamda ommaviy harakatlar tomonidan o’tkaziladigan amaliy harakatlar va tadbirlarni moliyalashtirishiga, shuningdek bunday tashkilotlarni tuzish tashabbusi bilan chiqishiga hamda shunday tashkilotlar tuzishni qo’llab-quvvatlashiga yo’l qo’yilmaydi.

Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ayrim faoliyat turlari faqat litsenziyalar asosidagina amalga oshirilishi mumkin. Bunday faoliyat turlarining ro’yxati qonun hujjatlari bilan belgilanadi. (QR 28.12.2016 y. 119/XIIIsonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

31-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining tadbirkorlik faoliyati

Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq o’z ustav maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanishi mumkin.

 

32-modda. Nodavlat notijorat tashkilotiga soliq solish

Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda byudjetga va davlat maqsadli jamg’armalari soliqlar hamda boshqa majburiy to’lovlar to’laydi, shuningdek imtiyozlardan foydalanadi.

 

 

  1. YaKUNLOVChI QOIDALAR

 

33-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining hisob va hisoboti

Nodavlat notijorat tashkiloti o’z faoliyatining natijalari hisobini yuritadi hamda ro’yxatdan o’tkazuvchi, soliq va statistika organlariga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etadi. (QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

34-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining faoliyatini to’xtatib qo’yish

Nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati u Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonun hujjatlarini buzgan taqdirda sud tomonidan to’xtatib qo’yilishi mumkin.

Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilgan, shuningdek ustav maqsadlariga zid harakatlar sodir etilgan taqdirda prokuratura organlari yoki adliya organlari ko’rsatilgan qoidabuzarliklar to’g’risida mazkur nodavlat notijorat tashkilotining rahbar organlariga taqdimnoma kiritadi hamda bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatini belgilaydi. Agar bu qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati prokuratura va adliya organlarining taqdimnomasi asosida sudning qarori bilan olti oygacha bo’lgan muddatga to’xtatib qo’yiladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasining hududida favqulodda holat joriy etilgan taqdirda nodavlat notijorat tashkilotining faoliyatini to’xtatib qo’yish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

 

35-modda. Nodavlat notijorat tashkilotining faoliyatini to’xtatib qo’yish oqibatlari

Nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati sudning qarori bilan belgilangan muddatga to’xtatib qo’yilgan taqdirda uning ommaviy axborot vositalari muassisi tariqasidagi huquqlari to’xtatib qo’yiladi, unga ommaviy tadbirlar tashkil etish, bank omonatlaridan foydalanish taqiqlanadi, xo’jalik faoliyati, mehnat shartnomalari, o’z harakatlari (harakatsizligi) oqibatida etkazilgan zararlarning o’rnini qoplash va jarimalar to’lashga doir xarajatlar bundan mustasno.

Agar nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatini to’xtatib qo’yishning sud tomonidan belgilangan muddati mobaynida u o’z faoliyatining to’xtatilishiga sabab bo’lgan qoidabuzarlikni bartaraf etsa, mazkur muddat tugaganidan so’ng nodavlat notijorat tashkiloti o’z faoliyatini qaytadan boshlashi mumkin. Nodavlat notijorat tashkiloti ko’rsatilgan qoidabuzarlikni bartaraf etmagan taqdirda uning faoliyatini to’xtatib qo’yish to’g’risida sudga taqdimnoma kiritgan organ bu tashkilotni tugatish to’g’risida sudga taqdimnoma kiritishi mumkin.

 

 

 

36-modda. Nodavlat notijorat tashkilotini tugatish

Nodavlat notijorat tashkilotini tugatish uning yuqori organi qaroriga binoan yoki sud tartibida amalga oshiriladi.

Nodavlat notijorat tashkilotining muassislari, qatnashchilari (a’zolari) yoki nodavlat notijorat tashkilotini tugatish to’g’risida qaror qabul qilgan organ davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi adliya organi bilan kelishgan holda tugatish komissiyasini tayinlaydi.

Nodavlat notijorat tashkilotini tugatish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Kreditorlarning talablari qondirilgandan keyin qolgan mol-mulk tashkilot qatnashchilari (a’zolari), shuningdek rahbar organlarning a’zolari yoki nodavlat notijorat tashkilotlarining xodimlari o’rtasida taqsimlanishi mumkin emas hamda undan belgilangan tartibda foydalaniladi. (QR 28.12.2016 y. 119/XIIIsonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

37-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo’lgan shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo’ladilar.