TURIZM TO’G’RISIDA

QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

14.03.2000 y. №35/II

  

TURIZM TO’G’RISIDA

 

Ushbu Qonunga qo’yidagilarga muvofiq o’zgartirishlar kiritilgan:

18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

 

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi turizm sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, turistik xizmatlar bozorini rivojlantirish, shuningdek turistlar va turistik faoliyat sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

 

2-modda. Turizm to’g’risidagi qonun hujjatlari

Qoraqalpog’iston Respublikasining turizm to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Qoraqalpog’iston Respublikasining turizm to’g’risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.

 

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:

turizm – jismoniy shaxsning doimiy istiqomat joyidan sog’lomlashtirish, ma’rifiy, kasbiy-amaliy yoki boshqa maqsadlarda borilgan joyda (mamlakatda) haq to’lanadigan faoliyat bilan shug’ullanmagan holda uzog’i bilan bir yil muddatga jo’nab ketishi (sayohat qilishi);

turist – O’zbekiston va Qoraqalpog’iston Respublikasi hududi bo’ylab yoki boshqa mamlakatga sayohat qiluvchi (doimiy istiqomat joyidan turizm maqsadida jo’nab ketgan) jismoniy shaxs; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

turistik faoliyat – ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq sayohatlarni va ular bilan bog’liq xizmatlarni tashkil etish borasidagi faoliyat;

ekskursiya faoliyati – turistik faoliyatning tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar va boshqa ob’ektlar bilan tanishtirish maqsadida oldindan tuzilgan yo’nalishlar bo’yicha ekskursiya etakchisi hamrohligidagi 24 soatdan oshmaydigan ekskursiyalarni tashkil etishga doir qismi;

turistik resurslar – tegishli hududning tabiiy-iqlim, sog’lomlashtirish, tarixiy-madaniy, ma’rifiy va ijtimoiy-maishiy ob’ektlari majmui;

turistik faoliyat sub’ektlari – belgilangan tartibda ro’yxatga olingan va turistik xizmatlar ko’rsatish bilan bog’liq faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyasi bo’lgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar;

turistik industriya – turistik faoliyatning turistlarga xizmat ko’rsatishni ta’minlovchi turli sub’ektlari (mehmonxonalar, turistik komplekslar, kempinglar, motellar, pansionatlar, umumiy ovqatlanish, transport korxonalari, madaniyat, sport muassasalari va boshqalar) majmui;

tur – muayyan yo’nalish bo’yicha turistik xizmatlar majmui (joy bandlash, joylashtirish, ovqatlantirish, transport, rekreatsiya, ekskursiya xizmatlari va boshqa xizmatlar) bilan ta’minlangan aniq muddatlardagi turistik sayohat;

turistik xizmatlar – turistik faoliyat sub’ektlarining joylashtirish, ovqatlantirish, transport, axborot-reklama xizmatlari ko’rsatish borasidagi, shuningdek turistlarning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan boshqa xizmatlari;

turistik guruh rahbari – turistik faoliyat sub’ektining vakili bo’lgan va uning nomidan ish ko’rib, turistlarga hamrohlik qiluvchi, turistik xizmatlar ko’rsatish shartnomasi shartlarining bajarilishini ta’minlovchi jismoniy shaxs; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

gid (ekskursiya etakchisi) – tur qatnashchilariga turistik xizmatlar ko’rsatish shartnomasi doirasida ekskursiya-axborot, tashkiliy yo’sindagi xizmatlar va malakali yordam ko’rsatuvchi jismoniy shaxs; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya – turistik faoliyatni amalga oshirishga bo’lgan huquqni tasdiqlovchi maxsus ruxsatnoma;

sertifikat – turistik xizmatlar sifatini va ularning muayyan standartga yoki boshqa normativ hujjatga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat.

 

4-modda. Turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari

Turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari quyidagilardan iborat:

turizm va turistik industriyani rivojlantirish;

fuqarolarning sayohat qilish paytidagi dam olish, erkin harakatlanish va boshqa huquqlarini ta’minlash;

turistik resurslardan oqilona foydalanish va ularni saqlash;

turizm sohasidagi normativ bazani takomillashtirish;

bolalar, yoshlar, nogironlar va aholining kam ta’minlangan qatlamlari turizmi (ekskursiyalari) uchun sharoit yaratish;

turistik industriyani rivojlantirish uchun investitsiyalar jalb etish;

tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari uchun turistik xizmatlar bozorida teng imkoniyatlar yaratish;

turistlarning xavfsizligini, ularning huquqlari, qonuniy manfaatlari va mol-mulki muhofaza qilinishini ta’minlash, turizm sohasining ilmiy ta’minotini tashkil etish va rivojlantirish;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

chet mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

 

5-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining turizm sohasidagi vakolatlari

Turizm sohasida Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi:

turizmni rivojlantirish davlat dasturini tasdiqlaydi;

turistlarning borishi taqiqlanadigan ob’ektlar va hududlarni belgilaydi;

turistlarning ayrim toifalariga imtiyozlar berish tartibini belgilaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qiladi.

 

6-modda. Vakolatli davlat organining turizm sohasidagi vakolatlari

Turizm sohasida vakolatli davlat organi:

turizmni rivojlantirish davlat dasturlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;

turistik xizmatlar infratuzilmasini shakllantiradi;

tarixiy-madaniy merosni targ’ib qilishni, turistik salohiyatni saqlash va rivojlantirishni tashkil etadi;

O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini ta’minlaydi;

turistik faoliyat sub’ektlariga ularning faoliyatini tashkil etish bilan bog’liq masalalarda uslubiy va boshqa yo’sinda yordam ko’rsatadi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qiladi.

 

7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining turizm sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari turizm sohasida turizmni rivojlantirishning mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qiladilar.

 

8-modda. Turistik faoliyatni litsenziyalash

Turistik faoliyat litsenziya asosida amalga oshiriladi.

Turistik faoliyatni litsenziyalash tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

 

9-modda. Turistik faoliyatni moliyalash manbalari

Turistik faoliyat:

turistik faoliyat sub’ektlarining o’z mablag’lari;

yuridik va jismoniy shaxslarning pul badallari; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

zayom mablag’lari (obligatsiya zayomlari va boshqa zayomlar, bank kreditlari va boshqa kreditlar);

chet el investitsiyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

 

10-modda. Turistik xizmatlarni  sertifikatlashtirish

Turistik xizmatlar majburiy sertifikatlashtirilishi lozim. Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va sertifikat berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Turistik faoliyat sub’ektining turistik xizmatlarni majburiy sertifikatlashtirishdan bosh tortishi, turistik xizmatlarni sertifikatlashtirishning natijasi salbiy bo’lishi, shuningdek sertifikatning amal qilishini bekor qilish turistik faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishini to’xtatib qo’yishga yoki litsenziyadan mahrum qilishga sabab bo’ladi.

 

11-modda. Turistik sayohat va turistik xizmatlar majmui

Turistik sayohat yakka tartibda yoki turistlar guruhi tarkibida amalga oshiriladi.

Turistik xizmatlar majmui transport xizmati ko’rsatishni, yashash, ovqatlantirish, ekskursiya xizmati ko’rsatish, madaniy, sport dasturlarini tashkil etish va boshqa xizmatlarni o’z ichiga oladi.

 

12-modda. Turistik xizmatlar ko’rsatish shartnomasi

Turistik xizmatlar shartnoma asosida ko’rsatiladi.

Shartnoma ko’rsatiladigan xizmatlarning ko’lami va sifatini, taraflarning huquqlari hamda majburiyatlarini, haq to’lash va hisob-kitoblar tartibini, shartnomaning amal qilish muddatini va uni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikni, shuningdek taraflarning kelishuviga ko’ra boshqa shartlarni belgilaydi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

13-modda. Turistik yo’llanma (vaucher)

Turistik yo’llanma (vaucher) – turistning yoki turistlar guruhining tur tarkibiga kiruvchi turistik xizmatlarga bo’lgan huquqini belgilovchi va bunday xizmatlar ko’rsatilganligini tasdiqlovchi hujjat.

Turistik yo’llanmaning (vaucherning) shakli turizm sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.

 

 

14-modda. Turistning huquqlari

Turist:

shartnomada nazarda tutilgan turistik xizmatlar majmuidan to’la foydalanish;

sayohatga taalluqli to’liq va ishonchli axborot olish;

shaxsiy xavfsizlik, o’z huquqlarining himoya qilinishi, shuningdek o’z mol-mulkining asralishi;

shoshilinch tibbiy yordam olish:

shartnoma bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda moddiy zararning to’lanishi, shuningdek ma’naviy ziyonning o’rni qoplanishi;

agar turning umumiy qiymati oshishi uning shartlashilgan qiymatidan ortib ketsa, shuningdek fors-major holatlari ro’y bergan taqdirda turistik faoliyat sub’ektiga etkazilgan zararning o’rnini qoplamasdan shartnomani bekor qilish huquqiga ega.

Turist qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’ladi.

 

15-modda. Turistning majburiyatlari

Turist:

shartnoma shartlariga;

bojxona va chegara nazorati qoidalariga;

borilgan mamlakatning qonun hujjatlari talablariga rioya etishi shart.

Turist qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo’ladi.

 

16-modda. Turistik faoliyat sub’ektining huquqlari

Turistik faoliyat sub’ekti Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida turistlarga xizmatlar ko’rsatish paytida:

turning muddati va yo’nalishini, xizmat ko’rsatish darajasini, transport xizmati ko’rsatish turini, turistning xavfsizligini ta’minlash va uning mol-mulkini qo’riqlash usulini turistning roziligi va xohishi bilangina o’zgartirish;

turistning roziligi bilan hamda bu xususda tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin turistni xabardor qilish sharti bilan turning shartlashilgan qiymatini oshirish;

xizmatlar ko’rsatish mumkin bo’lmagan fors-major holatlar ro’y berganda, shuningdek guruhni tuzish uchun zarur miqdorda turistlar yig’ilmagan taqdirda turistlarni bu haqda tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin xabardor qilgan holda turistik xizmatlar ko’rsatish shartnomasini bekor qilish;

turistlar yoki turistlarga xizmat ko’rsatishni tashkil etish bo’yicha sheriklar tomonidan etkazilgan zararning o’rni qoplanishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda talab qilish huquqiga ega.

Turistik faoliyat sub’ekti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’ladi.

 

17-modda. Turistik faoliyat sub’ektining majburiyatlari

Turistik faoliyat sub’ekti:

turistlarga shartnomada shartlashilgan xizmatlarni ko’rsatishi;

turistik xizmatlar ko’rsatilmagan yoki to’la hajmda yoxud lozim darajada sifatli ko’rsatilmagan taqdirda turistlarga etkazilgan zararning o’rnini qoplashi;

turistlarga turni tashkil qilish, ularning huquqlari va majburiyatlari to’g’risida to’liq axborot berishi;

turistik resurslar, ko’rsatiladigan ob’ektlarning (tarixiy-arxitektura yodgorliklari, tabiat ob’ektlari va boshqalarning) saqlanishiga ko’maklashishi;

turistlarning borilgan joy (mamlakat) qonun hujjatlariga rioya etishlari ustidan nazoratni amalga oshirishi shart.

Turistik faoliyat sub’ekti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo’ladi.

 

18-modda. Turistlarning xavfsizligi kafolati

Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida turistlarning xavfsizligi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Turizm sohasidagi vakolatli davlat organi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda turistlarning himoya qilinishini hamda xavfsizligini ta’minlash dasturini ishlab chiqadi va uning bajarilishini tashkil etadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari turizm sohasida barcha turistik yo’nalishlar bo’yicha turistlarning himoya qilinishini va xavfsizligini ta’minlash mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqadilar va ularning bajarilishini ta’minlaydi.

Turistik faoliyat sub’ektlari turistlarning xavfsizligini ta’minlash, ular jarohatlanganda, kasallanganda va boshqa hollarda tibbiy va o’zga xil yordam ko’rsatish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqadilar.

 

19-modda. Turistlarning xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari

Turistik faoliyat sub’ektlari turistlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida:

turistlarning safarda xavf-xatardan xoli bo’lishlari uchun shart-sharoitni, safar, sayr, ekskursiya yo’llari, musobaqalar o’tkaziladigan joylarning obodligini ta’minlashlari;

turistlarga jarohatlanish va baxtsiz hodisalardan saqlanish hamda ularning oldini olish usullarini o’rgatishlari, birlamchi tibbiy yordam ko’rsatish yuzasidan yo’l-yo’riq berishlari, shuningdek belgilangan yo’nalishning xususiyati va turistlarning xatti-harakatiga bog’liq holda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan xavf manbalari haqida ularning o’zini xabardor qilishlari;

turistlarning sayohatlar, safarlar, musobaqalar, boshqa turistik tadbirlarga tayyorgarligi ustidan nazoratni amalga oshirishlari;

falokatga uchragan turistlarga tezkor yordam ko’rsatishlari;

avtomobil, tog’, chang’i, velosiped, suv, mototsikl, piyoda safar, g’or turizmi va turizmning boshqa maxsus turlarini tashkil etish va o’tkazishda xavfsizlikning alohida talablarini ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari shart.

Turistik sayohatlarni turistlar harakatlanishining faol shakllaridan foydalangan holda tashkil etishga ixtisoslashgan turistik faoliyat sub’ektlari turistlarning xavfsizligini ta’minlash, ekstremal vaziyatlarda ularga yordam ko’rsatish va ularni himoya qilish maqsadida xizmat ko’rsatishni ko’zlab qidiruv-qutqaruv xizmatlari bilan shartnomalar tuzadilar. Qidiruv-qutqaruv xizmatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.

 

20-modda. Turistlarni sug’urta qilish

Turistlarni sug’urta qilish majburiydir va u turistik faoliyat sub’ektlari tomonidan sug’urta faoliyati olib borish huquqiga ega bo’lgan tegishli sug’urta tashkilotlari bilan tuziladigan bitimlar asosida amalga oshiriladi.

 

21-modda. Nizolarni hal etish

Turizm sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.

 

22-modda. Turizm to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Turizm to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar.