1

FUQAROLAR SOG’LIG’INI SAQLASH TO’G’RISIDA

QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

25.06.1997 y. №259/I

  

FUQAROLAR SOG’LIG’INI SAQLASH TO’G’RISIDA

 

Ushbu Qonunga quyidagilarga muvofiq o’zgartirishlar kiritilgan

28.12.2001 y. 144/II-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

12.11.2008 y. 201/III-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

28.12.2010 y. 64/IV-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

18.08.2018 y. 167/XXII-sonli Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni

 

  1. UMUMIY QOIDALAR

 

1-modda. Fuqarolar sog’lig’ini saqlash to’g’risidagi qonun hujjatlari

Fuqarolar sog’lig’ini saqlash to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

Agar xalqaro shartnomada fuqarolarning sog’lig’ini saqlash to’g’risidagi qonun hujjatlaridagidan o’zgacha qoidalar belgilangan bo’lsa, u holda xalqaro shartnoma qoidalari qo’llanadi.

 

2-modda. Fuqarolar sog’lig’ini saqlash to’g’risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari

Fuqarolar sog’lig’ini saqlash to’g’risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

fuqarolarning sog’liqni saqlashga doir huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishini ta’minlash;

fuqarolarning sog’lom turmush tarzini shakllantirish;

davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining fuqarolar sog’lig’ini saqlash sohasidagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish.

 

3-modda. Fuqarolar sog’lig’ini  saqlashning asosiy printsiplari

Fuqarolar sog’lig’ini saqlashning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:

sog’liqni saqlash sohasida inson huquqlariga rioya qilinishi;

aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo’la olishi;

profilaktika chora-tadbirlarining ustunligi;

sog’lig’ini yo’qotgan taqdirda fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishi;

tibbiyot fanining amaliyot bilan birligi.

 

4-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining fuqarolar sog’lig’ini saqlash sohasidagi vakolatlari

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi:

sog’liqni saqlash sohasida inson huquqlari himoya qilinishini;

fuqarolar sog’lig’ini saqlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish;

sog’liqni saqlash va tibbiyot fanini rivojlantirish dasturlari tasdiqlanishi va mablag’ bilan ta’minlanishini;

sog’liqni saqlash tizimining boshqaruv organlarini shakllantirish, uning muassasalari tarmog’ini rivojlantirish;

birlamchi tibbiy-sanitariya va tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish, ulardan hammaning bahramand bo’la olishini ta’minlash, tibbiy yordam sifatining klinik-statistik standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, tasarrufdagi hududda fuqarolarni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash;

sog’liqni saqlash xarajatlarini moliyaviy ta’minlashning o’z manbalarini shakllantirish;

fuqarolarning sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligini ta’minlash, profilaktika, sanitariya-gigiena, epidemiyaga qarshi va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish;

atrof muhitni muhofaza etish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash;

favqulodda vaziyatlarda odamlarning hayotini saqlab qolish va ularning sog’lig’ini muhofaza etish chora-tadbirlarini ko’rish, fuqarolarni favqulodda vaziyat zonasidagi ahvol va ko’rilayotgan chora-tadbirlardan xabardor qilish;

sog’liqni saqlash tizimi organlari, muassasalari va korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish, sog’liqni saqlash muassasalarida ko’rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam sifatini nazorat qilib borish;

nogironlar va tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning kuch-quvvatini tiklaydigan muassasalar tashkil etish va ular faoliyatini ta’minlash;

oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

fuqarolarga sanitariya-gigiena va ekologiya ta’limi berishni tashkil etish;

farmatsevtika faoliyatining yo’nalishini – dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalashni belgilangan tartibda amalga oshirish;

sog’liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarini rivojlantirishni rag’batlantiruvchi sharoitlar yaratish;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

 

5-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligining vakolatlari

Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi:

sog’liqni saqlash va tibbiy sug’urtaning normativ bazasini, tibbiy yordam sifati va hajmi davlat standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

barcha tibbiy muassasalarning fuqarolar sog’lig’ini saqlash to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

fuqarolar sog’lig’ini saqlash sohasida maqsadli davlat dasturlarini amalga oshiradi;

davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko’rsatilishini tashkil etadi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi o’z vakolatlari doirasida davolash-profilaktika, sanitariya, epidemiyaga qarshi, radiatsiya, ekologiya masalalari yuzasidan chiqaradigan normativ-huquqiy hujjatlar respublika hududidagi barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari hamda jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi shart.

 

6-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar sog’lig’ini saqlash sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining tasarrufiga quyidagilar kiradi:

sog’liqni saqlash sohasida inson huquqlarini himoya qilish;

fuqarolar sog’lig’ini saqlash sohasidagi qonun hujjatlari bajarilishini ta’minlash;

sog’liqni saqlash tizimining boshqaruv organlarini shakllantirish, uning muassasalari tarmog’ini rivojlantirish;

birlamchi tibbiy-sanitariya va tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish, ulardan hammaning bahramand bo’la olishini ta’minlash, tibbiy yordam sifatining klinik-statistik standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, tasarrufdagi hududda fuqarolarni dori-darmonlar va tibbiyot mahsulotlari bilan ta’minlash;

sog’liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarini rivojlantirishni rag’batlantiruvchi sharoitlar yaratish;

sog’liqni saqlash xarajatlarini moliyaviy ta’minlashning o’z manbalarini shakllantirish;

fuqarolarning sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligini ta’minlash, profilaktika, sanitariya-gigiena, epidemiyaga qarshi va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish;

atrof-muhitni muhofaza etish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash;

favqulodda vaziyatlarda odamlarning hayotini saqlab qolish va ularning sog’lig’ini muhofaza etish chora-tadbirlarini ko’rish, fuqarolarni favqulodda vaziyat zonasidagi ahvol va ko’rilayotgan chora-tadbirlardan xabardor qilish;

sog’liqni saqlash tizimi organlari, muassasalari va korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish, sog’liqni saqlash muassasalarida ko’rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam sifatini nazorat qilib borish;

nogironlar va tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning kuch-quvvatini tiklaydigan muassasalar tashkil etish va ular faoliyatini ta’minlash;

oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

fuqarolarga sanitariya-gigiena va ekologiya ta’limi berishni tashkil etish;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

 

7-modda. Sog’liqni saqlash tizimi

Qoraqalpog’iston Respublikasida sog’liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlari yig’indisidan iborat yagona sog’liqni saqlash tizimi amal qiladi.

 

8-modda. Davlat sog’liqni saqlash tizimi

Davlat sog’liqni saqlash tizimiga Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi, uning shahar va tuman bo’linmalari kiradi.

Davlat sog’liqni saqlash tizimiga davlat mulki bo’lgan va davlat sog’liqni saqlash tizimining boshqaruv organlariga bo’ysunuvchi davolash-profilaktika va ilmiy-tadqiqot muassasalari, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari tayyorlaydigan hamda ularni qayta tayyorgarlikdan o’tkazadigan o’quv yurtlari, farmatsevtika korxonalari va tashkilotlari, sanitariya-profilaktika muassasalari, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari, tibbiy dori-darmonlar va tibbiyot texnikasi ishlab chiqaradigan korxonalar hamda asosiy faoliyati fuqarolar sog’lig’ini saqlash bilan bog’liq boshqa korxona, muassasa va tashkilotlar kiradi.

Ilmiy-tadqiqot institutlarining klinikalari, vazirliklar, idoralar, davlat korxonalari, muassasa va tashkilotlari barpo etadigan davolash-profilaktika va dorixona muassasalari davlat sog’liqni saqlash tizimiga kiradi.

Davlat sog’liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalari aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam ko’rsatadi.

Davlat sog’liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalari aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam ko’rsatadi. Bepul tibbiy yordam ko’rasatish hajmi va tartibi qonun hujjatlar bilan belgilanadi.

Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmining belgilangandan ortiqcha tibbiy va boshqa xil xizmatlar ko’rsatish qo’shimcha xizmatlar bo’lib, aholi tomonidan belgilangan tartibda haq to’lanadi.

 

9-modda. Davlat sog’liqni saqlash tizimini mablag’ bilan ta’minlash

Davlat sog’liqni saqlash tizimini mablag’ bilan ta’minlash manbalari quyidagilardan iborat:

davlat byudjeti mablag’lari;

tibbiy sug’urta mablag’lari;

fuqarolarning sog’lig’ini saqlashga mo’ljallangan maqsadli fondlarning mablag’lari;

korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari hamda jismoniy shaxslarning sog’liqni saqlash muassasalariga ixtiyoriy va hayriya badallari; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

banklarning kreditlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

 

 

10-modda. Sog’liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari

Sog’liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari jumlasiga o’z mablag’lari, jalb etilgan mablag’lar va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika, dorixona muassasalari, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar, shuningdek xususiy farmatsevtika faoliyati bilan shug’ullanuvchi jismoniy shaxslar kiradi.

Sog’liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlariga taalluqli davolash-profilaktika muassasalari fuqarolarning ayrim guruhlariga bepul tibbiy xizmat ko’rsatadilar. Bunday xizmatlarning hajmi, ro’yxati, ularni ko’rsatish tartibi hamda kompensatsiyasi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi.

Sog’liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarida faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo’llanilishiga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qo’yish hamda davolash vositalaridan foydalaniladi.

Sog’liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari belgilangan tartibda tibbiy hujjatlarni yuritishi hamda statistika ma’lumotlarini taqdim etishi shart.

 

11-modda. Tibbiyot va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash

Tibbiy faoliyat tegishli litsenziyaga ega bo’lgan yuridik shaxslar tomonidan, farmatsevtika faoliyati esa tegishli litsenziyaga ega bo’lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

12-modda. Aholining sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi

Aholining sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi qonun hujjatlariga muvofiq davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va fuqarolar tomonidan sanitariya-gigiena yo’sinidagi hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar o’tkazilishi orqali ta’minlanadi.

 

  1. FUQAROLARNING SOG’LIG’INI HUQUQIY

JIHATDAN MUHOFAZA QILISh

 

13-modda. Fuqarolarning sog’liqni saqlash huquqi

Qoraqalpog’iston Respublikasi fuqarolari sog’liqni saqlash borasida daxlsiz huquqqa ega.

Davlat yoshi, jinsi, irqi, millati, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, fuqarolarning sog’lig’i saqlanishini ta’minlaydi.

Davlat fuqarolarda kasalliklarning har qanday shakllari borligidan qat’i nazar, ularning kamsitishlardan himoya qilinishini kafolatlaydi. Ushbu qoidani buzishda aybdor bo’lgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar.

 

14-modda. Ajnabiy fuqarolar, fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning sog’liqni saqlash huquqi

Qoraqalpog’iston Respublikasi hududidagi ajnabiy fuqarolarning sog’liqni saqlash huquqi O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq kafolatlanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Qoraqalpog’iston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo’lmagan shaxslar, sog’liqni saqlashda Qoraqalpog’iston Respublikasining fuqarolari bilan teng huquqdan foydalanadilar.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko’rsatib o’tilgan shaxslarga tibbiy yordam ko’rsatish tartibi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

15-modda. Fuqarolarning sog’liqqa ta’sir etuvchi omillar haqida axborot olish huquqi

Fuqarolar sog’liqqa ta’sir etuvchi omillar haqida, shu jumladan, yashash hududining sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi to’g’risida, ovqatlanishning oqilona normalari xususida, tovarlar, ishlar, xizmatlar, ularning xavfsizligi, sanitariya normalari va qoidalariga muvofiqligi to’g’risida o’z vaqtida va aniq axborot olish huquqiga ega.

 

16-modda. Fuqarolarning tibbiy-ijtimoiy yordam olish huquqi

Kasal bo’lib qolganda, mehnat layoqatini yo’qotganda va boshqa hollarda fuqarolar profilaktik, tashxis qo’yish-davolash, kuch-quvvatni tiklash, sanatoriy-kurort, protez-ortopediya yordami va boshqa xil yordamni, shuningdek bemorlarni, mehnatga layoqatsiz va nogiron kishilarni boqish-parvarishlash yuzasidan ijtimoiy chora-tadbirlarni, shu jumladan, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to’lashni o’z ichiga oladigan tibbiy-ijtimoiy yordam olish huquqiga ega.

Tibbiy-ijtimoiy yordam tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislar tomonidan ko’rsatiladi.

Fuqarolar o’zlarini ixtiyoriy ravishda tibbiy sug’urta qildirish asosida, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablag’lari, o’z shaxsiy mablag’lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qo’shimcha tibbiy va boshqa xil xizmatlardan foydalanish huquqiga ega.

Fuqarolarning ayrim toifalari protezlar, ortopedik va moslama buyumlar, eshitish apparatlari, harakatlanish vositalari va boshqa maxsus vositalar bilan imtiyozli tarzda ta’minlanish huquqiga ega. Bunday huquqqa ega bo’lgan fuqarolarning toifalarini, shuningdek ularni ta’minlash shartlari va tartibi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Fuqarolar ixtisoslashgan sog’liqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalarida tibbiy ekspertizadan o’tish huquqiga ega.
(QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

17-modda. Ayrim turdagi kasb-kor bilan shug’ullanuvchi fuqarolarning sog’lig’ini saqlash

Fuqarolarning sog’lig’ini saqlash, yuqumli va kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida ro’yxati tegishli tartibda tasdiqlanadigan ishlab chiqarishlar hamda ayrim kasblarning xodimlari ishga kirish vaqtida dastlabki majburiy tibbiy ko’rikdan hamda keyinchalik vaqti-vaqti bilan tibbiy ko’rikdan o’tadilar. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Sog’lig’ining holatiga ko’ra fuqaro ayrim turdagi kasb-kor hamda yuqori darajali xavf manbai bo’lgan faoliyat bilan shug’ullanishga vaqtincha yoki doimiy layoqatsiz deb topilishi mumkin. Bunday qaror tibbiyot nuqtai nazaridan shug’ullanish nomaqbul deb topilgan faoliyatlar ro’yxatiga muvofiq holda tibbiy komissiyalar chiqargan xulosa asosida qabul qilinadi va uning ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Tibbiyot nuqtai nazaridan shug’ullanish nomaqbul deb topilgan ayrim turdagi kasb-kor va yuqori darajada xavfli manba bilan bog’liq faoliyatlar ro’yxati Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari tomonidan Qoraqalpog’iston kasaba uyushmalari bilan birgalikda belgilanadi hamda besh yilda kamida bir marta qayta ko’rib chiqiladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan olib tashlangan)

Ish beruvchilar o’z xodimlarining majburiy tibbiy ko’rikdan o’z vaqtida o’tishi uchun va majburiy tibbiy ko’rikdan o’tmagan shaxslarni ishga qo’yish natijasida fuqarolarning sog’lig’iga etkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo’ladilar.

 

18-modda. Oila sog’lig’ini saqlash

Har bir fuqaro davlat sog’liqni saqlash tizimi muassasalarida oilaga taalluqli masalalar, o’zida ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar va atrofdagilar uchun xavfli bo’lgan kasalliklar bor-yo’qligi yuzasidan, nikoh va oila munosabatlarining tibbiy-ruhiy jihatlari yuzasidan bepul maslahatlar olish, shuningdek tibbiy-irsiy hamda boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar olish va tekshiruvdan o’tish huquqiga ega.

Har bir oila o’ziga oilaviy shifokor tanlash huquqiga ega.

Bolali oilalar fuqarolar sog’lig’ini saqlash sohasida qonun hujjatlarida belgilagan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega.

Uch yoshga to’lmagan bolalar, shuningdek shifokorlarning xulosasiga ko’ra qo’shimcha qarovga muhtoj bo’lgan katta yoshdagi kasali og’ir bolalar statsionar shifoxonada davolanayotganida ularning otasi yoki onasiga yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga davolash muassasasida uning yonida birga bo’lishi uchun imkoniyat yaratiladi va mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.

 

19-modda. Voyaga etmaganlarning huquqlari

Davlat voyaga etmaganlarning sog’liqni saqlash huquqlarini ularning jismoniy, ma’naviy rivojlanishi uchun, kasalliklarning oldini olish uchun eng qulay sharoit yaratish, shuningdek maktabgacha tarbiya muassasalari, maktablar va boshqa muassasalarda tibbiy xizmatni yo’lga qo’yish orqali ta’minlaydi.

Voyaga etmaganlar quyidagi huquqlarga ega:

Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda dispanser nazoratida bo’lish hamda bolalar va o’smirlarning davolash-profilaktika muassasalarida davolanish;

sanitariya-gigiena ta’limi olish, o’qish hamda o’zlarining fiziologik xususiyatlari va sog’lig’iga mos sharoitlarda mehnat qilish;

kasbga yaroqliligini aniqlash chog’ida byudjet mablag’lari hisobidan bepul tibbiy maslahatlar olish;

sog’liqlari to’g’risida o’zlari uchun qulay tarzda zarur axborot olish.

O’n to’rt yoshdan oshgan voyaga etmaganlar ma’lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega.

Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor voyaga etmaganlar ota-onalarining yoki ular o’rnini bosuvchi shaxslarning arizasiga ko’ra byudjet mablag’lari, hayriya jamg’armalari va boshqa fondlarning mablag’lari, shuningdek ota-onalar yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslarning mablag’lari hisobidan ijtimoiy himoya tizimi muassasalarida yashashlari mumkin.

Ota-onalar yoki boshqa shaxslarning o’z tarbiyasidagi voyaga etmaganlarning huquqlari va manfaatlarini buzishlari, ularni tarbiyalashdan bo’yin tovlashlari, voyaga etmaganlar bilan ularning sog’lig’iga zarar etkazadigan darajada shafqatsiz munosabatda bo’lishlari qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab bo’ladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

20-modda. Harbiy xizmatchilar, harbiy va muqobil xizmatga chaqiriladigan hamda harbiy xizmatga kontrakt bo’yicha kiradigan fuqarolarning huquqlari

Harbiy xizmatchilar harbiy xizmatga yaroqli yoki yaroqsiz ekanliklarini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o’tish hamda harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi asosida harbiy xizmatdan muddatidan ilgari bo’shatilish huquqiga ega.

Harbiy va muqobil xizmatga chaqiriladigan yoki harbiy xizmatga kontrakt bo’yicha kiradigan fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o’tadi hamda sog’lig’iga ko’ra harbiy xizmatga chaqiruvni kechiktirish yoki chaqiruvdan ozod etilish huquqini beradigan tibbiy ma’lumotlar to’g’risida to’liq axborot olish huquqiga ega.

 

21-modda. Pensiya yoshidagi fuqarolarning huquqlari

Pensiya bilan ta’minlanish huquqini beradigan yoshga etgan fuqarolarga davlat sog’liqni saqlash va mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimi muassasalarida tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatiladi. (QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatish o’z ichiga statsionar-ambulatoriya yo’li bilan davolashni, sanatoriy va dam olish uylarida sog’lomlashtirishni, yolg’iz keksalarga ularning o’z uyida hamda internat-uylarda xizmat ko’rsatishni qamrab oladi.

Pensiya yoshidagi fuqarolar tibbiy xulosa asosida qonun hujjatlariga muvofiq ijtimoiy sug’urta mablag’lari, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlarining mablag’lari hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablag’lari hisobidan kuch-quvvatni tiklash huquqiga ega. (QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

22-modda. Nogironlarning huquqlari

Nogironlar, shu jumladan, nogiron bolalar va bolalikdan nogironlar tibbiy-ijtimoiy yordam olish, kuch-quvvatni tiklashning barcha turlaridan foydalanish, dori-darmonlar, protez-ortopediya moslamalari, harakatlanish vositalari bilan imtiyozli asoslarda ta’minlanish, shuningdek kasb-kor egallash va qayta tayyorgarlikdan o’tish huquqiga ega.

Nogironlar davlat sog’liqni saqlash tizimi va mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalarida bepul tibbiy-ijtimoiy yordam olish, o’z uylarida parvarish qilinish, o’zganing parvarishiga muhtoj bo’lgan yolg’iz nogironlar va surunkali ruhiy xastaliklarga chalingan nogironlar esa ijtimoiy ta’minot muassasalarida yashash huquqiga ega. (QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatish tartibi va ularga beriladigan imtiyozlar ro’yxati qonun hujjatlarida belgilab qo’yiladi.

 

23-modda. Favqulodda vaziyatlar tufayli jabr ko’rgan fuqarolarning huquqlari

Favqulodda vaziyat tufayli jabr ko’rgan fuqarolar bepul tibbiy yordam olish va sog’liqni tiklash tarzida davolanish, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish hamda hayoti va sog’liqlariga tahdid solayotgan xavfni kamaytirishga qaratilgan gigiena chora-tadbirlari va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o’tkazish huquqiga ega.

Favqulodda vaziyat sharoitida odamlarni qutqarish va tibbiy yordam ko’rsatish chog’ida jabr ko’rgan fuqarolarga bepul davolanish, shu jumladan, sanatoriy va kurortlarda davolanish, kuch-quvvatni tiklashning barcha turlaridan foydalanish, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moddiy kompensatsiya olish kafolatlanadi.

 

24-modda. Bemorning huquqlari

Bemor tibbiy yordam so’rab murojaat qilgan va tibbiy yordam olayotgan paytda quyidagi huquqlarga ega:

tibbiyot xodimlari va xizmat ko’rsatuvchi xodimlarning hurmat va mehr-muruvvat ko’rsatishlari;

shifokorni va davolash-profilaktika muassasasini tanlash;

sanitariya-gigiena talablariga javob beradigan sharoitda tekshiruvdan o’tish, davolanish va parvarish qilinish;

belgilangan tartibda o’z iltimosiga ko’ra boshqa mutaxassislarning konsilium qilishi va ulardan maslahatlar olish; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

tibbiy yordam so’rab murojaat qilganligi, sog’lig’ining holati, qo’yilgan tashxis to’g’risidagi ma’lumotlar hamda uni tekshirish va davolash chog’ida olingan boshqa ma’lumotlar sir saqlanishi;

tibbiy aralashuvga o’z ixtiyori bilan rozilik berish yoki uni rad etish;

o’z huquq va burchlari xususida hamda sog’lig’ining holati haqida ma’lumot olish, shuningdek sog’lig’ining holatiga doir ma’lumotlarni uning manfaatini ko’zlagan holda bersa bo’ladigan shaxslarni tanlash;

ixtiyoriy tibbiy sug’urta doirasida tibbiy va boshqa xil xizmatlardan foydalanish;

tibbiy yordam ko’rsatish vaqtida sog’lig’iga zarar etkazilgan taqdirda ko’rilgan zararning o’rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi;

huquqini himoya qilishi uchun huzuriga advokat yoki boshqa qonuniy vakil qo’yilishi.

Huquqlari buzilgan taqdirda bemor yoki uning qonuniy vakili bevosita davolash-profilaktika muassasasining rahbari yoki boshqa mansabdor shaxsiga, yuqori boshqaruv organiga yoki sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.

 

25-modda. Fuqarolarning o’z sog’lig’ining holati to’g’risida ma’lumot olish huquqi

Har bir fuqaro o’z sog’lig’ining holati to’g’risida ma’lumot, shu jumladan tekshirish natijalari, qanday kasali borligi, qanday tashxis qo’yilganligi, kasallikning bundan buyon qanday kechishiga oid taxminlar, davolash usullari va bu usullar bilan bog’liq xavf-xatar, tibbiy aralashuvning ehtimol tutilgan turlari va ularning oqibatlari, amalga oshirilgan davolashning natijalari to’g’risidagi ma’lumotlarni olish huquqiga ega.

Fuqaroning sog’lig’i haqidagi ma’lumotni uning o’ziga, o’n to’rt yoshga to’lmagan shaxslar hamda qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar sog’lig’i to’g’risidagi ma’lumotlarni esa ularning qonuniy vakillariga davolash-profilaktika muassasasining davolovchi shifokori, bo’lim mudiri yoki tekshirish va davolashda bevosita qatnashayotgan boshqa mutaxassislar beradi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Kasallikning kechishi nomaqbul deb taxmin qilingan hollarda bu haqda fuqaroga va basharti uning o’zi oila a’zolariga xabar qilishni taqiqlamagan va (yoki) bunday ma’lumot berilishi uchun biror shaxsni tayinlamagan bo’lsa, bemorning oila a’zolariga tibbiy-odob me’yorlariga rioya qilgan holda xabar qilinishi kerak.

Fuqaroning talabiga muvofiq unga sog’lig’ining holatini aks ettiruvchi tibbiy hujjatlardan ko’chirmalar beriladi.

Fuqaroning tibbiy hujjatlarida aks etgan ma’lumotlar shifokorlik siri bo’lib, u faqat ushbu Qonun 45-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslardagina fuqaroning roziligisiz taqdim etilishi mumkin.

 

26-modda. Tibbiy aralashuvga rozilik berish

Fuqaroning o’z kasaliga doir ma’lumotlarni bilgan holda o’z ixtiyori bilan rozilik berishi tibbiy aralashuvning dastlabki zarur shartidir.

Fuqaroning ahvoli o’z xohish-irodasini izhor etishga imkon bermaydigan, tibbiy aralashuvni esa kechiktirib bo’lmaydigan hollarda fuqaroning manfaatini ko’zlab tibbiy aralashuvni amalga oshirish masalasini konsilium hal qiladi, basharti konsiliumga yig’ilishning iloji bo’lmagan taqdirda esa, keyinchalik davolash-profilaktika muassasasining mansabdor shaxslarini xabardor qilish sharti bilan bevosita davolovchi (navbatchi) shifokor hal etadi.

O’n to’rt yoshga to’lmagan shaxslarga va qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarga nisbatan tibbiy aralashuvga ularning qonuniy vakillari rozilik beradi. Ota-ona yoki boshqa qonuniy vakillar yo’qligida tibbiy aralashuv to’g’risidagi qarorni konsilium qabul qiladi, basharti konsiliumga yig’ilishning iloji bo’lmagan taqdirda esa, keyinchalik davolash-profilaktika muassasasining mansabdor shaxslari va bemorning qonuniy vakillarini xabardor qilish sharti bilan bevosita davolovchi (navbatchi) shifokor qabul qiladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

27-modda. Tibbiy aralashuvni rad etish

Ushbu Qonunning 28-moddasida nazarda tutilgan hollar boshqa vaqtda fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to’xtatilishini talab qilish huquqiga ega bo’ladi. Bunday hollarda shifokor yozma tasdiqnoma olishga, agar tasdiqnoma olishning iloji bo’lmasa  tibbiy aralashuvni rad etishni guvohlar ishtirokida tegishli dalolatnoma bilan guvohlantirib olishga haqlidir.

Agar tibbiy aralashuvni bemorning qonuniy vakili rad etsa va bu hol bemor uchun og’ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo’lsa, shifokor bu haqda vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilishi shart.

 

28-modda. Fuqarolarning roziligisiz tibbiy yordam ko’rsatish

Atrofdagilar uchun xavfli kasallikka chalingan shaxslarga fuqarolar yoki ular qonuniy vakillarining roziligisiz tibbiy yordam ko’rsatilishiga (tibbiy ko’rikdan o’tkazish, kasalxonaga yotqizish, kuzatish va yakkalab qo’yishga) qonun hujjatlarida belgilangan asoslarda va tartibda yo’l qo’yiladi.

 

III. FUQAROLARGA TIBBIY-IJTIMOIY YoRDAM KO’RSATISh

 

29-modda. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami

Davlat sog’liqni saqlash tizimi, jamoat birlashmalarining muassasalari ko’rsatadigan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tibbiy xizmat ko’rsatishning asosiy, qulay va bepul turi bo’lib, quyidagilarni o’z ichiga oladi:
(QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli, 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonunlariga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

eng ko’p tarqalgan kasalliklar, shikastlanish, zaharlanish va shoshilinch yordam talab etiladigan boshqa holatlarni davolashni;

sanitariya-gigienaga doir va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar, eng muhim kasalliklarning tibbiy profilaktikasini o’tkazishni;

oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tadbirlarini, turar joylarda fuqarolarga tibbiy-sanitariya yordami ko’rsatish bilan bog’liq boshqa chora-tadbirlar ko’rishni.

xususiy va boshqa xil sog’liqni saqlash tizimlarining muassasalari tomonidan ko’rsatiladigan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko’rsatishning hajmi va tartibini Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi belgilaydi.
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonunlariga asosan olib tashlangan)

 

30-modda. Shoshilinch va tez tibbiy yordam

Fuqarolar sog’liqni saqlash tizimining har qanday davolash-profilaktika muassasasida shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatishlari shart. Ular shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatishdan bo’yin tovlaganlik, shuningdek fuqarolarning sog’lig’iga etkazilgan zarar uchun qonunga muvofiq javobgar bo’ladilar.

Tez tibbiy yordam sog’liqni saqlash tizimining maxsus tez tibbiy yordam xizmati tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan olib tashlandi) ko’rsatiladi.

Fuqaroning hayoti xavf ostida bo’lgan taqdirda tibbiyot xodimlari uni davolash-profilaktika muassasasiga olib borish uchun har qanday transport turidan foydalanish huquqiga ega. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Voqea sodir bo’lgan joyda tibbiyot xodimlari etib kelgunga qadar birlamchi shoshilinch yordamni militsiya, yong’indan saqlash, avariya xizmatlari va transport tashkilotlari xodimlari, shuningdek qonunchilik bilan shunday vazifa yuklangan boshqa kasb-kor vakillari  ko’rsatishlari shart. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

31-modda. Ixtisoslashgan tibbiy yordam

Ixtisoslashgan tibbiy yordam profilaktika, tashxis qo’yish, davolashning va murakkab tibbiy texnologiyalardan foydalanishning maxsus usullarini taqozo etuvchi kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko’rsatiladi.

Ixtisoslashgan tibbiy yordam davolash-profilaktika muassasalarida mutaxassis shifokorlar tomonidan ko’rsatiladi.

Sog’liqni saqlash muassasalarida ko’rsatiladigan ixtisoslashgan tibbiy yordamning turlari, hajmi va sifat standartlari tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

32-modda. Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatish

Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan fuqarolarga davlat sog’liqni saqlash tizimining tegishli davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatiladi va doimiy tibbiy kuzatuv ta’minlanadi.

Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklar ro’yxati va bunday kasalliklarga chalingan shaxslar uchun imtiyozlar, shuningdek ularga ko’rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam turlari va hajmi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko’rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam turlari va hajmini Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda belgilaydi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan olib tashlandi)

 

33-modda. Atrofdagilar uchun xavfli bo’lgan kasalliklarga chalingan fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatish

Atrofdagilar uchun xavfli bo’lgan kasalliklarga chalingan fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatish davlat sog’liqni saqlash tizimining ana shunday maqsadga mo’ljallangan muassasalarida bepul amalga oshiriladi.

Atrofdagilar uchun xavfli bo’lgan kasalliklarning ro’yxati, shuningdek, ularga chalingan fuqarolarga ko’rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamning turlari va hajmi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

34-modda. Profilaktika, tashxis qo’yish, davolashning yangi usullarini, dori-darmonlar, immunobiologiya preparatlari va dezinfektsiya vositalarini qo’llash hamda biologik-tibbiy tadqiqotlar o’tkazish tartibi

Sog’liqni saqlash amaliyotida faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo’llashga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qo’yish, davolash usullaridan, tibbiyot texnologiyalari, dori-darmonlar, immunobiologiya preparatlari va dezinfektsiya vositalaridan foydalaniladi.

Qo’llanishga ruxsat etilmagan, lekin belgilangan tartibda ko’rib chiqilayotgan tashxis qo’yish, davolash usullari va dori vositalardan bemorni davolash manfaatini ko’zlab faqat uning ixtiyoriy ravishdagi yozma roziligi olinganidan keyin, o’n to’rt yoshga to’lmagan shaxslarni davolashda esa faqat ularning hayoti bevosita xavf ostida qolgan taqdirda va qonuniy vakillarining yozma roziligi bilangina foydalanish mumkin. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tashxis qo’yish, davolash usullari va dori-darmonlarni, immunobiologiya preparatlari va dezinfektsiya vositalarini, shu jumladan, chet elda foydalaniladiganlarini qo’llash tartibi Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

Insonni ob’ekt sifatida jalb etib, biologik-tibbiy tadqiqot o’tkazishga faqat laboratoriya tajribalari o’tkazilganidan va fuqaroning yozma roziligi olinganidan keyingina davlat sog’liqni saqlash tizimi muassasalarida yo’l qo’yiladi. Fuqaroni biologik-tibbiy tadqiqotlarda qatnashishga majburlash mumkin emas.

 

Biologik-tibbiy tadqiqot o’tkazishga fuqarodan rozilik olinayotganda unga tadqiqotning maqsadi, usullari, qo’shimcha oqibatlari, ehtimol tutilgan xavfi, tadqiqotning qancha davom etishi va kutilayotgan natijalariga oid ma’lumotlar berilishi lozim. Fuqaro tadqiqotning istalgan bosqichida unda qatnashishdan bosh tortish huquqiga ega.

Belgilangan tartibda tekshiruv sinovlaridan o’tmagan profilaktika, tashxis qo’yish, davolash usullari va dori-darmonlarni targ’ib qilish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida targ’ib qilish taqiqlanadi. Ushbu normani buzish qonunda belgilanganidek javobgarlikka tortishga sabab bo’ladi.

 

35-modda. Fuqarolarni dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash

Shifokorning doriqog’ozi bo’yicha va doriqog’ozsiz beriladigan dori-darmonlar ro’yxati Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Dori-darmonlar va yakka tartibda foydalaniladigan tibbiyot buyumlari bilan imtiyozli asoslarda ta’minlanadigan fuqarolarning toifalari Qoraqalpog’iston Respublikasi mintaqaviy uzgarishlarni xisobga olgan xolda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan belgilanadi.

Davlat sog’liqni saqlash tizimining davolovchi shifokorlari fuqarolarning dori-darmonlar bilan imtiyozli asoslarda ta’minlanishi uchun doriqog’oz yozib berish huquqiga ega.

 

  1. TIBBIY EKSPERTIZA

 

36-modda. Mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertizalash

Fuqarolarning kasallik, shikastlanganlik, homiladorlik, oilaning betob a’zosini parvarishlaganlik, protez qo’ydirganlik, sanatoriy-kurortda davolanganlik munosabati bilan va boshqa hollardagi mehnatga vaqtincha layoqatsizligini ekspertizalash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o’tkaziladi.

Mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertizadan o’tkazish davlat sog’liqni saqlash tizimining davolovchi shifokorlari tomonidan amalga oshiriladi va ular fuqarolarga mehnatga layoqatsizlik varaqasini beradi. Xususiy va boshqa xil sog’liqni saqlash tizimlarida davolangan fuqarolarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda beriladi.

Mehnatga vaqtincha layoqatsizlik ekspertizasi o’tkazilganda xodimni sog’lig’ining holatiga qarab vaqtincha yoki doimiy ravishda boshqa ishga o’tkazish zarurati va muddati aniqlanadi, shuningdek fuqaroni belgilangan tartibda, shu jumladan unda nogironlik belgilari mavjud bo’lgan taqdirda tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga yo’llash to’g’risida qaror qabul qilinadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

 

37-modda. Tibbiy-mehnat ekspertizasi

Tibbiy-mehnat ekspertizasi fuqarolar nogironligining sababi va guruhini, ularning mehnat layoqatini yo’qotganlik darajasini, ular sog’lig’ini tiklashning turlari, hajmi va muddatini hamda ijtimoiy himoyalash chora-tadbirlarini belgilaydi, tegishli xulosalar beradi. Ushbu xulosalar korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining ma’muriyati uchun majburiydir.

Tibbiy-mehnat ekspertizasini tashkil qilish va o’tkazish tartibi qonun hujjatlarida belgilab qo’yiladi. Tibbiy-mehnat ekspertizasini o’tkazgan muassasaning xulosasi ustidan fuqaroning o’zi yoki uning qonuniy vakili sudga shikoyat qilishi mumkin.

 

38-modda. Harbiy-tibbiy ekspertiza

Harbiy-tibbiy ekspertiza harbiy yoki muqobil xizmatga chaqiriladigan, harbiy xizmatga kontrakt bo’yicha kiradigan, O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining, ichki ishlar va Milliy xavfsizlik xizmati organlarining zaxirasida (rezervida) turgan fuqarolarning hamda harbiy xizmatchilarning salomatligi jihatidan harbiy xizmatga yaroqli yoki yaroqsiz ekanligini, kasallik, yaradorlik, shikastlanganlik harbiy xizmat (harbiy yig’inlarni o’tash) bilan bog’liqligini aniqlaydi, harbiy xizmatchilarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatish va ularning sog’lig’ini tiklashning turlari, hajmi va muddatini belgilaydi.

Harbiy-tibbiy ekspertizani tashkil etish va o’tkazish tartibini, shuningdek harbiy yoki muqobil xizmatga chaqiriladigan, harbiy xizmatga kontrakt bo’yicha kiradigan fuqarolar va harbiy xizmatchilar sog’lig’ining holatiga nisbatan qo’yiladigan talablar tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Harbiy-tibbiy ekspertizaning xulosalari mansabdor shaxslar ijro etishi uchun majburiydir. Harbiy-tibbiy ekspertizani o’tkazgan muassasaning xulosasi ustidan fuqaroning o’zi yoki uning qonuniy vakili sudga shikoyat qilishi mumkin.

 

39-modda. Sud-tibbiyot va sud-psixiatriya ekspertizalari

Sud-tibbiyot ekspertizasi davlat sog’liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalarida ekspert tomonidan, uning yo’qligida esa – ekspertiza o’tkazishga jalb etilgan shifokor tomonidan surishtiruv o’tkazayotgan shaxs, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi asosida o’tkaziladi.

Sud-psixiatriya ekspertizasi davlat sog’liqni saqlash tizimining shu maqsadga mo’ljallangan muassasalarida o’tkaziladi.

Sud-tibbiyot va sud-psixiatriya ekspertizalarini tashkil etish va o’tkazish tartibi qonun hujjatlarida belgilab qo’yiladi.

Sud-tibbiyot va sud-psixiatriya ekspertizalarini o’tkazgan muassasalarning xulosalari ustidan fuqaroning o’zi yoki uning qonuniy vakili sudga shikoyat qilishi mumkin.

 

 

40-modda. Patologik-anatomik tadqiqotlar o’tkazish va odamning o’lgan vaqtini aniqlash

Patologik-anatomik tadqiqotlar sog’liqni saqlash muassasalarida odam hayotligida hamda o’lganidan so’ng tashxis qo’yish (biopsiya va autopsiya), shuningdek klinik sharoitda tashxis qo’yish va kasallikni davolash ishlarining to’g’ri olib borilganligini nazorat qilish, o’lim sabablari haqida aniq ma’lumotlar olish maqsadida o’tkaziladi.

Patologik-anatomik tadqiqotlar o’tkazish va odamning o’lgan vaqtini aniqlash tartibi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

 

  1. TIBBIYoT VA FARMATsEVTIKA XODIMLARI

 

41-modda. Tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug’ullanish huquqi

Qoraqalpog’iston Respublikasida tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug’ullanish huquqiga oliy yoki o’rta maxsus tibbiyot o’quv yurtini tamomlaganlik to’g’risida diplom olgan shaxslar ega bo’ladilar.

Tibbiyot va farmatsevtika ma’lumoti to’g’risidagi diplomni xorijiy davlatlarda olgan shaxslarning tibbiyot yoki farmatsevtika faoliyati bilan shug’ullanishiga tegishli vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda yo’l qo’yiladi.

O’z kasbi bo’yicha uch yildan ko’p ishlamagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining tegishli faoliyat bilan shug’ullanishiga tegishli o’quv yurtlarida qayta tayyorgarlikdan o’tganlaridan keyin yoki tegishli vakolatli organining attestatsiya komissiyalari o’tkazadigan attestatsiya asosida yo’l qo’yiladi.

Tibbiyot yoki farmatsevtika sohasida tugallanmagan oliy ma’lumoti bo’lgan shaxslarning tibbiyot sohasida o’rta ma’lumoti bo’lgan xodimlar ishlaydigan lavozimlarda tibbiyot yoki farmatsevtika faoliyati bilan shug’ullanishiga tegishli vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda yo’l qo’yiladi.

Oliy va o’rta maxsus tibbiyot o’quv yurtlari talabalarining fuqarolarga tibbiy yordam ko’rsatishda ta’lim dasturlariga muvofiq qatnashishiga tibbiyot xodimlari nazorati ostida tegishli vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda yo’l qo’yiladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

G’ayriqonuniy ravishda tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug’ullanuvchi shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo’ladilar.

 

42-modda. Xususiy tibbiyot amaliyoti bilan shug’ullanish huquqi

(Ushbu modda QR JK 12.11.2008 yil XI sessiyasida qabul qilingan qonunga asoslanib olib tashlangan)

 

43-modda. Professional tibbiyot va farmatsevtika uyushmalari

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari o’z huquqlarini himoya qilish, tibbiyot va farmatsevtika amaliyotini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarga ko’maklashish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasb faoliyati bilan bog’liq boshqa masalalarni hal etish maqsadida ixtiyoriy asosda tarkib topadigan professional uyushmalar hamda boshqa jamoat birlashmalari tuzish huquqiga ega.

Professional tibbiyot, farmatsevtika uyushmalari va boshqa jamoat birlashmalari o’z faoliyatlarini ustavlar asosida va qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradilar.

 

  1. YaKUNLOVChI QOIDALAR

 

44-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi shifokorining qasamyodi

Shifokor diplomini olayotgan shaxslar quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:

“Shifokor degan yuksak unvonni olib, tibbiyot faoliyatiga kirishar ekanman:

o’zimning bor bilim va mahoratimni bemorni davolashga hamda inson sog’lig’ini saqlashga bag’ishlashga;

yoshi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har bir bemorga kuch-g’ayratim va vaqtimni ayamay tibbiy yordam ko’rsatishga;

bemorning sog’lig’ini shaxsiy manfaatlarimdan yuqori qo’yishga, kamtar va halol bo’lishga, o’z bilim va mahoratimni doimo oshirib borishga;

shifokor sirini saqlashga;

kishilarga hamisha mehr-muruvvat va shifo topishlariga ishonch hadya etishga;

Buqrot, Abu Ali ibn Sino singari ulug’ tabiblarning shonli an’analarini davom ettirishga tantanali qasamyod qilaman.

Ushbu qasamyodga umrimning oxirigacha sodiq qolishga qasamyod qilaman”.

Shifokorlar qasamyodni buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladilar.

 

45-modda. Shifokor siri

Fuqaroning tibbiy yordam so’rab murojaat qilganligi, uning sog’lig’ining holati, kasalligiga qo’yilgan tashxis xususidagi hamda uni tekshirish va davolash davomida olingan boshqa ma’lumotlar shifokor sirini tashkil etadi.

Shifokor siri hisoblangan ma’lumotlardan o’qish hamda kasb-korga, xizmatga doir va boshqa xil vazifalarni bajarish paytida xabardor bo’lib qolgan shaxslarning bu ma’lumotlarni fuqaro yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oshkor qilishiga yo’l qo’yilmaydi, ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan hollar bundan mustasno.

Shifokor siri hisoblangan ma’lumotlarni fuqaro yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz berishga quyidagi sabablarga ko’ra yo’l qo’yiladi:
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

ahvoli og’irligi sababli o’z xohish-irodasini bildira olmaydigan fuqaroni tekshirish va davolash maqsadida;

yuqumli kasalliklar tarqalishi, yalpi zaharlanish va zararlanish xavfi tahdid solganida;

tergov yoki sud tekshiruvi o’tkazilishi munosabati bilan surishtiruv va tergov organlarining, prokuratura va sudning so’rovi bo’yicha;

o’n besh yoshga to’lmagan voyaga etmagan shaxsga yordam ko’rsatilayotganda uning ota-onasi yoki qonuniy vakillarini xabardor qilish uchun; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

fuqaroning sog’lig’iga g’ayriqonuniy xatti-harakatlar yoki baxtsiz tasodif natijasida zarar etkazilgan deb gumon qilishga asoslar mavjud bo’lganida.

Shifokor siri hisoblangan ma’lumotlar qonunda belgilangan tartibda berilgan shaxslar shifokor sirini oshkor qilganlik uchun qonun hujjatlariga muvofiq tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan bab-baravar javobgar bo’ladilar.

 

46-modda. Fuqarolarning sog’lig’iga etkazilgan zararni qoplash

Fuqarolarning sog’lig’iga zarar etkazilgan hollarda aybdorlar jabrlanganlar ko’rgan zarar o’rnini qonun hujjatlarida belgilangan hajm va tartibda qoplashlari shart. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

G’ayriqonuniy xatti-harakatlardan jabr ko’rgan fuqarolarga tibbiy yordam ko’rsatishga sarflangan mablag’lar ularning sog’lig’iga etkazilgan zarar uchun javobgar bo’lgan jismoniy va yuridik shaxslardan undiriladi.
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o’zgartirishlar kiritilgan)

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari o’z kasb-kor vazifalarini malakali bajarmaganliklari oqibatida fuqarolarning hayoti va sog’lig’iga zarar etgan hollarda etkazilgan zarar o’rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.

Zararning o’rnini qoplash tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qonunga muvofiq intizomiy, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikdan ozod etmaydi.

 

47-modda. Sog’liqni saqlash sohasida fuqarolar huquq va erkinliklarini kamsituvchi davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan fuqarolarning shikoyat qilish huquqi

Davlat organlari va mansabdor shaxslarning ushbu Qonunda belgilangan fuqarolar huquq va erkinliklarini kamsituvchi xatti-harakatlari ustidan yuqori davlat organlariga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.