Nukusda Prezident maktabi ochildi

Bugun poytaxtimiz Nukus shahrida zamonaviy, xalqaro andozalar asosida barpo etilgan Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
Tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, keng jamoatchilik vakillari, Prezident maktabi o’qituvchi va o’quvchilari, ota-onalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Marosimni Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi M.Erniyazov ochdi va Muhtaram Prezidentimiz tomonidan so’nggi yillarda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, iqtidorli bolalarni qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish xalq ta’limi sohasidagi davlat siyosatining eng muhim yo’nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari o’tgan yili Qoraqalpog’istonga tashrifi doirasida mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga ko’tarishda, eng avvalo, salohiyatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash zarurligi, buning uchun yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi maktablar – Prezident maktablari tashkil etilishini alohida ta’kidlagan edi. Davlatimiz rahbarining “Bu maktablarning o’qituvchisi ham, o’quvchisi ham eng namunali bo’lishi lozim. Chuqur bilim bilan birga ma’naviyat, vatanparvarlik hissi ham singdirilishi zarur. Bu erga bilimli bolalar kelishi uchun har bir tumanda bazaviy bog’cha va maktablar shakllanishi lozim. Shunda umumiy bilim, saviya, ta’lim muhiti o’zgaradi” degan gaplari bugun Prezident maktabi faoliyati misolida o’zining yaqqol tasdig’ini topmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o’rinbosari A.Sa’dullaev, O’zbekiston Respublikasi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori S.Babaxodjaev va boshqalar mamlakatning kelgusidagi jadal taraqqiyoti yosh iste’dodlarni aniqlash, iqtidorli bolalarni tanlab olish va o’qitish tizimini tashkil qilish, o’sib kelayotgan avlodning intellektual imkoniyatlarini namoyon etishga yordam beruvchi ko’p tarmoqli ta’lim muhitini yaratish bo’yicha ishlar sifatini oshirish zaruratini taqozo etayotganini, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 20 fevralida qabul qilingan “Prezident maktablarini tashkil etish to’g’risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.


Mamlakatimizning har bir hududida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga kerakli sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etilgan Prezident maktablarida eng qobiliyatli o’quvchilar tanlab olinib, ularga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg’or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o’rgatiladi. Ta’lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o’quv rejalari va dasturlari bo’yicha ingliz tilida olib boriladi. Shu bilan birga, maktablarga malakali xorijlik hamda mahalliy pedagoglar jalb etilib, ularning faoliyati uchun kerakli shart-sharoitlar yaratilgan.
Nukus shahrida foydalanishga topshirilgan Prezident maktabiga 2018 yilning mart oyida tamal toshi qo’yilgan edi. Oradan ko’p o’tmay ikki gektar hududda zamonaviy ta’lim muassasasi barpo etildi. Maktabning qurilishi uchun mahalliy byudjetdan 67 milliard so’m mablag’ ajratilib, zamonaviy loyiha asosida 168 o’ringa mo’ljallangan ikki qavatli o’quv binosi, uch qavatli yotoqxona, barcha sharoitlarga ega mehmonxona, gimnastika va sport zallari, suv havzasi, oshxona va dars tayyorlash xonalari barpo etildi. Maktabning barcha jihoz va inventarlari Turkiya, Xitoy singari davlatlardan keltirildi.
Maktabda o’quv jarayoni qoraqalpoq, o’zbek tillarida, shuningdek, «STEAM» ta’lim dasturi asosida olib boriladi. Shu yo’nalishdagi aniq fanlar Buyuk Britaniyaning Cambridge University tashkilotining dasturi asosida ingliz tilida o’qitiladi. Mahalliy o’qituvchilar bilan bir qatorda Keniyadan Ondeki Xezbon Opiti, Buyuk Britaniyadan Tajerout Nourid, Janubiy Afrikadan Lerato Irin va Moytsa Mokege Richard kabi tajribali o’qituvchilar taklif etilgan.
Bu yil maktabga 7500 o’quvchi hujjat topshirgan bo’lsa, shundan Kembrij universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon kengashi tomonidan 144 o’quvchi tanlab olindi.
Prezident maktabi – orzu-umidlar maktabi, Vatanimizning buyuk kelajagini yaratuvchi yangi avlod maktabidir. Bu maktabda ta’lim olgan farzandlarimiz kelajakda Vataniga xizmat qiladigan, uning sha’nini yuksaltiradigan insonlar bo’lib etishishi shubhasiz.
Tadbir ishtirokchilari Prezident maktabida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.