Jo’qorg’i Kenges Raisi va Prezident maslahatchisi Taxtako’pir hamda Qorao’zak tumani yoshlari bilan uchrashdi

Mamlakatimizda yoshlarga bo’lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko’tarilgani bilan ham ahamiyatlidir. 2019 yil 27 dekabr kuni Prezidentimizning Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan o’tkazgan uchrashuvi tarixiy voqelik sifatida yoshlarning qalbida abadiy muhrlanadi desak, mubolag’a bo’lmaydi.

Joriy yil 16 yanvar kuni Taxtako’pir tumanidagi 17-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi M.Erniyazov va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudaybergenovning taxtako’pirlik hamda qorao’zaklik yoshlar bilan uchrashuvi o’tkazildi.

Mazkur uchrashuvda ham ishtirokchilar tomonidan Muhtaram Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuv chog’ida aytilgan so’zlari alohida g’urur va iftixor bilan tilga olindi.

Uchrashuv davomida yoshlarning bandligi ta’minlash, ularning bo’sh vaqtini mazmunli o’tkazish, kitobxonlikka yo’naltirish, bilim olishi, kasb egallashiga sharoit yaratish, qobiliyatli yoshlarni qo’llab-quvvatlash, hozirgi kunda Orol dengizining qurigan tubida cho’lga chidamli o’simliklarni ekishda yoshlarning qo’shayotgan hissasi haqida so’z etildi.

Tadbirda so’zga chiqqan yoshlar o’zlarining bor kuch-g’ayratini yurtimizning gullab-yashnashiga, shuningdek, Orol dengizining hududini yashil qoplamalarga aylantirishga o’z hissasini qo’shishga hamda har doim Prezidentimizga kamarbasta bo’lishga va’da berdilar.

Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar Prezident maslahatchisi va Jo’qorg’i Kenges Raisi tomonidan qo’llab-quvvatlandi.

Uchrashuv so’ngida sportda muvaffaqiyatlarga erishgan bir guruh yoshlarga sovg’alar topshirildi.