QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASI JO’QORG’I KENGESINING O’N BEShINChI SESSIYaSI TO’G’RISIDA AXBOROT

12 fevral kuni Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining o’n beshinchi sessiyasi bo’lib o’tdi.

Videokonferentsaloqa tarzida o’tgan sessiyada O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Qoraqalpog’iston Respublikasi hukumati a’zolari, cektor va soha rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo’qorg’i Kenges deputatlari shahar va tuman studiyalarida ishtirok etdi.

Sessiyani Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisining o’rinbosari A.Davletov kirish so’z bilan ochdi va boshqarib bordi.

Deputatlar sessiyaning Kotibiyatini sayladi va kun tartibini tasdiqladi.

Ta’kidlanganidek, Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonun bilan muhofaza qilinadigan huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini orttirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoni sud-huquq tizimi sohasidagi davlat siyosatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko’tarishda, sud hokimiyatining tom ma’nodagi mustaqilligini ta’minlashda, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishda, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan asosiy yo’nalishlarni belgilab berishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

O’z navbatida, mazkur farmonda belgilangan vazifalar fuqarolarning sudma-sud sarson-sargardon bo’lib yurishini bartaraf etib, ularning muammosini bir joyda hal qilish, sud tizimini boshqarish masalalarini takomillashtirish, shuningdek, sudlarni tashkiliy-moliyaviy va moddiy-texnik tomondan ta’minlash ishlarini yanada yaxshilash imkoniyatini bermoqda.

Kun tartibidagi birinchi masala – ya’ni «Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgarishlar va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi Qoraqalpog’iston Respublikasi Qonuni loyihasi haqidagi masala bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari qo’mitasi raisi Z.Reymova, 45-son «Shumanay» saylov okrugidan deputat, senator U.Jalmenov so’zga chiqdi.

Bu masala bo’yicha deputatlar tegishli qaror qabul qildi.

Barchamizga ma’lum, joriy yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo’llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilinib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi «2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo’llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to’g’risida”gi Farmoni qabul qilindi.

10 fevral kuni Hurmatli Prezidentimiz raisligida ushbu Davlat dasturining ijrosini samarali tashkil etish bo’yicha videoselektor yig’ilishi o’tkazildi.

Mazkur videoselektor yig’ilishida davlatimiz rahbari rivojlanishdan ortda qolayotgan tumanlar va og’ir ahvoldagi mahallalarning yo’li, ichimlik suvi va elektr ta’minoti, irrigatsiya tarmog’ini yaxshilash, tibbiyot va ta’lim tizimidagi islohotlarni eng uzoq qishloqlargacha etkazish, yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlash, dehqonchilik bilan shug’ullanishni istagan yoshlarga 10 sotixdan 1 gektargacha er ajratish va bu jarayonda jamoatchilik fikrini inobatga olish, hududlardagi yirik ziyorat ob’ektlari atrofini obodonlashtirish va infratuzilmasini yaxshilash, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari joylardagi “o’sish nuqtalari”dan kelib chiqib, shakllantirilish hamda mahalliy kengashlarga kiritish, madaniyat markazlari, muzeylar va teatr binolarini ta’mirlash hamda jihozlash, kommunal xizmatlar tizimini yanada yaxshilash singari bir qator eng muhim vazifalarga to’xtalib o’tdi hamda ijrosini ta’minlash bo’yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Sessiyada Davlat dastur yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlashda, aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzini qaror toptirishda, iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xalq farovonligini oshirishda alohida ahamiyat kasb etishi, undagi har bir bandning ijrosi bo’yicha deputatlik nazorat o’rnatilishi  va aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi kerakligi alohida ta’kidlandi.

Bundan tashqari, har chorakda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, takliflar, xususan, Davlat dasturi ijrosi bo’yicha sektorlar va tegishli tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitib, tanqidiy muhokama qilib borilishi aytib o’tildi.

Kun tartibidagi ikkinchi masala – ya’ni “Yoshlarni qo’llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining ijrosini samarali tashkil etish haqidagi masala bo’yicha Qoraqalpo­g’­iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o’rinbosari M.Jumanov bayonot qildi.

Shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish va jamoat birlashmalari masalalari qo’mitasi raisi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Jo’qorg’i Kengesdagi fraktsiyasi rahbari D.Qurbaniyazov, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Yoshlar siyosati va sog’lom avlodni tarbiyalash masalalari qo’mitasi raisi, senator A.Daniyarov, O’zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Jo’qorg’i Kengesdagi fraktsiyasi rahbari T.Romanov, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Jo’qorg’i Kengesdagi fraktsiyasi rahbari Sh.O’temisov, O’zbekiston Xalq demokratik partiyasining Jo’qorg’i Kengesdagi fraktsiyasi rahbari X.Eshimbetov, O’zbekiston Ekologik partiyasining Jo’qorg’i Kengesdagi fraktsiyasi a’zosi M.Gaipov  so’zga chiqib, Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalarning o’z muddatlarida va sifatli bajarilishi ustidan doimiy deputatlik nazorati amalga oshirilishini ta’kidladi.

Bu masala bo’yicha deputatlar tegishli qaror qabul qildi.

Sessiyada “Ayollar daftari” bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar to’g’risida Qoraqalpog’iston Respublikasi Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligining hisoboti haqidagi masala bo’yicha vazirning birinchi o’rinbosari M.Axmedova, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 yanvardagi “O’zbekiston Respublikasi qishloq xo’jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo’ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dasturida belgilangan vazifalarning Qoraqalpog’iston Respublikasidagi ijrosi bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirining hisoboti haqidagi masala bo’yicha vazir A.Yakubovning hisobotlari tinglandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, sessiyada Jo’qorg’i Kenges Prezidiumi tomonidan sessiyalar oralig’ida qabul qilingan tegishli qarorlarni tasdiqlash to’g’risidagi masalalar ko’rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Shu bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining o’n beshinchi sessiyasi o’z ishini yakunladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi matbuot xizmati
M.Habibullaev olgan suratlar