QURILISh SOHASIDA MALAKALI MUTAXASSISLARNI TAYYoRLASh MARKAZI OChILDI

Nukus transport kollejida tashkil etilgan Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi M.Kamalov so’zga chiqib, yig’ilganlarni markazning ochilishi bilan tabrikladi hamda ushbu markaz yurtimizga qurilish sohasida zamonaviy bilimga ega, tajribali kadrlarni tayyorlab berishiga qat’iy ishonch bildirdi.

Ta’kidlanganidek, so’nggi yillarda yurtimizda ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, bu sohada malakali kadrlarga talab ortib bormoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 yanvardagi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslarni va band bo’lmagan aholini o’qitishni tashkil etish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori ichki va tashqi mehnat bozoriga qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashda, mehnat migrantlarining ish sifati va sharoitlarini yaxshilashda, shuningdek, fuqarolarning bandligini va ijtimoiy himoyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur qaror asosida Nukus transport kolleji binosida Qurilish sohasi malakali kadrlarini tayyorlash markazi tashkil etildi. Markazda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, zarur jihozlar va o’quv jarayonida foydalaniladigan maxsus texnikalar bilan ta’minlandi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma’lum qilishicha, markaz 14 kasb bo’yicha o’quv reja va o’quv dasturlari bilan to’liq ta’minlangan bo’lib, hozirda ushbu yo’nalishlarda 300 fuqaro o’qishga qabul qilindi. Ular uch oy davomida bilim va tajribasini oshiradi va o’qish yakunida ularga sertifikat beriladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi matbuot xizmati