JO’QORG’I KENGES RAISI BOLALARNI BAYRAM BILAN TABRIKLADI

Bolalar – hayotimiz quvonchi, kelajagimiz egalari. Ularga mehr va g’amxo’rlik ko’rsatish, tarbiya berish barchamizning insoniy burchimizdir.

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi reabilitatsiya markaziga ega bo’lgan “Imkon” davlat ko’p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasida bayram tadbiri bo’lib o’tdi.

Tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi M.Kamalov, Qoraqalpog’iston Respublikasi Prokurori F.Allambergenov, Maktabgacha ta’lim vaziri J.Usnatdinova, Nukus shahar hokimi U.Panaev bolalarni bayram bilan tabriklab, sovg’alar topshirdi.

Hurmatli Prezidentimiz tomonidan yurtimizda bolalarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 avgustdagi “Orolbo’yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega bo’lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko’p tarmoqli maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarori asosida qurilib, 2019 yilda  foydlanishga topshirilgan reabilitatsiya markaziga ega bo’lgan “Imkon” davlat ko’p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasi 120 o’ringa mo’ljallangan bo’lib, bugungi kunda 118 bola tarbiyalanmoqda. Markazga eshitishida, psixologik rivojlanishida va harakat tizimida nuqsoni bo’lgan 2 yoshdan 7 yoshgacha bolalar qabul qilinadi. Shu bilan birga, 2 yoshdan 16 yoshgacha bolalar va o’smirlar ham reabilitatsiya markaziga qatnashi mumkin.

Muassasada Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi “Bolalik” reabilitatsiya markazida, Sankt-Peterburg shahridagi A.I.Gertsen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetida, Koreya Respublikasida tajriba orttirib kelgan pedagoglar, tibbiyot xodimlari va defektologlar faoliyat olib bormoqda.

Hozirgi vaqtda bu bolalar bog’chasida 137 yuqori malakali tibbiyot xodimlari va tajribali pedagog kadrlar korrektsiyaviy pedagogika faoliyatini olib bormoqda. Bu erda bolalarning salomatligini tiklash, ularga bilim va tarbiya berish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Tadbirda bog’cha tarbiyalanuvchilari ijrosidagi kontsert dasturi barchaga bayram kayfiyatini bag’ishladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi matbuot xizmati