JO’QORG’I KENGES RAISI “BIZNES MARAFON” MOTIVATsION TRENINGI IShTIROKChILARI BILAN UChRAShDI

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi Murat Kamalov shu yilning 2-iyun kuni poytaxtimiz Nukus shahrida o’tkaziladigan “Biznes marafon” motivatsion treningi tashkilotchilari, tadbirkorlar va biznes trenerlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Jo’qorg’i Kenges Raisi M.Kamalov Hurmatli Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, bu sohaga yoshlarni keng jalb qilish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikning yangi, zamonaviy, dunyo bozorida o’z o’rniga ega, yurtimiz iqtisodiy salohiyatini ko’tarish bilan birga uning xalqaro maydondagi imidjini yuksaltirishga xizmat qiladigan tarmoqlarini ommalashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor o’z natijalarini berayotganini ta’kidlab,  bu borada respublikamizda amalga oshirilayotgan ishlar va rejalar to’g’risida ma’lumot berdi.

O’z navbatida “Biznes marafon” motivatsion treningi qatnashchilari samimiy qabul uchun Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisiga o’z minnatorchiligini bildirib o’tdi. Qoraqalpog’istonda so’nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish, yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyundagi “O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoniga asos yoshlarni tadbirkorlikka faol jalb qilish orqali o’zini o’zi rivojlantirish bo’yicha kuchli motivatsiya uyg’otish maqsadida xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori nufuzga ega notiqlar (etakchi tadbirkorlar)ni jalb etgan holda Respublika bo’ylab “Biznes marafon” motivatsion treninglar tashkil etilmoqda.

“Biznes marafon”lar joriy yilning aprel-may oylarida Namangan, Andijon, Farg’ona, Sirdaryo, Toshkent, Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatlarida o’tkazilib, ushbu tadbirlarda 13 ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi.

Bugun poytaxtimizda o’tkaziladigan “Biznes marafon”da motivatsion treninglarni “Deli.uz”, “Dekos.uz”, “Mfaktor” loyihalari asoschisi Hasan va Husan Mamasaidovlar, “Asaxiy.uz” internet do’koni asoschisi Feruz Allaev, “Yaskanamu”, “Alvon” tekstil brendlari asoschisi Sherzod Beknazarov, “Thompson school” o’quv markazlari asoschisi Shaxzod Bahodirov, “Sobirovs Law Firm” (Kanada) kompaniyasi asoschisi Rahmad Sobirov singari yurtimizda va xorijda muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz, tajribali tadbirkorlar va biznes trenerlar olib boradi.

Uchrashuvda kelgusida bir qator loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish bo’yicha o’zaro fikr almashildi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi matbuot xizmati