DAVLAT GRANTLARI G’OLIBLARIGA SERTIFIKATLAR TOPShIRILDI

2 iyul kuni Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesida Jo’qorg’i Kenges huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo’llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan davlat grantlari uchun e’lon qilingan tanlovlar g’oliblariga sertifikat topshirish marosimi o’tkazildi.

Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo’yicha jamoat komissiyasi a’zolari, Jo’qorg’i Kenges huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo’llab-quvvatlash Jamoat fondi, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisining o’rinbosari A.Davletov Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida demokratik o’zgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo’llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish borasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 martdagi «Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlashga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi qarori respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokchi va hamkor sifatida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini yanada oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash ko’lamini kengaytirish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qarorga muvofiq Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo’llab-quvvatlash Jamoat fondiga 2021 yil uchun mahalliy byudjet hisobidan 1 milliard so’mdan ortiq mablag’ ajratildi.

Jamoat fondi tomonidan joriy yilning 20 mayidan – 20 iyunigacha muddat oralig’ida Davlat grantlari uchun “Jamiyatimizda oila institutini mustahkamlash hamda xotin-qizlarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash” mavzusida birinchi tanlovi hamda “Yoshlarni qo’llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining ijrosini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlarining loyihalarini qo’llab-quvvatlash” mavzusida ikkinchi tanlovi e’lon qilingan edi.

Tanlovlarga nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan bir nechta loyihalar taqdim etilib, ular Jo’qorg’i Kenges huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo’yicha jamoat komissiyasining Ishchi guruhi tomonidan dastlabki tarizda o’rganib chiqildi va komissiyaning 28 iyun kuni o’tkazilgan yig’ilishida g’oliblar aniqlandi.

Tadbirda tanlovlarda g’olib bo’lgan O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog’iston bo’limi, “Hunarmand” uyushmasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, “O’zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi” Qoraqalpog’iston Respublikasi hududiy bo’limi, O’zbekiston nogrionlar jamiyati Taxtako’pir tumani bo’limi, “Panatseya” jamoat birlashmasi rahbarlariga sertifikatlar topshirildi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi matbuot xizmati