Qo’l jangi bo’yicha xalqaro turnir bo’lib o’tdi

2 iyun kuni Nukus shahridagi Amfiteatrda qo’l jangi bo’yicha professional sportchilar o’rtasidagi xalqaro turnir bo’lib o’tdi.

Turnirda yurtimiz sportchilari bilan birga Rossiya, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon hamda Kamerundan kelgan qo’l jangi ustalari g’oliblik uchun bahslashdi.

Dastlab turnirning tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi M.Kamalov, hukumat a’zolari, turnirni tashkil etgan vazirlik va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

O’zbekiston va Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi.

Marosimda so’zga chiqqanlar yurtimizda Prezidentimiz tomonidan sportni rivojlantirish, o’sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog’lom insonlar qilib voyaga etkazish, yosh sportchilarni qo’llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi va  sportchilarga omad tiladi.

Turnirning dastlabki bellashuvi 65 kilogramm vazn toifasidagi sportchilar o’rtasida bo’ldi. Unda hamyurtimiz, ikki karra O’zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar sovrindori Nurpeys Qarlibaev ozarbayjonlik sportchi, xalqaro turnirlar va jahon chempionati sovrindori Ruslan Mammadovni engdi.

Turning vazni 75 kilogramm bo’lgan sportchilar o’rtasidagi bahsda yana bir hamyurtimiz, qo’l jangi bo’yicha ikki karra mamlakat chempioni, xalqaro turnirlar sovrindori Sherzad Jumanazarov kamerunlik sportchi Rushie Shanelni muddatidan avval enggan bo’lsa, mazkur vazn toifasidagi tutil jangida qo’l jangi bo’yicha Osiyo va jahon chempioni Jahongir Jumaev belaruslik Artyom Buloichukni nokautga uchratdi.

Sportchilarimizni Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi M.Kamalov tabriklab, ularga pul mukofotlari va esdalik sovg’alarini topshirdi.

Shuningdek, turnirda Maftuna Quvondiqova rossiyalik Diana Saadullaeva, Shaxboz Tursunov rossiyalik Arsen Mutachev, Olim Normurodov ukrainalik Anatoliy Jurakievskiy ustidan g’alaba qozondi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi matbuot xizmati