JO’QORG’I KENGESDA QABUL

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi Murat Kamalov 19 iyul kuni “Diplomatic World” jurnali ijrochi direktori Barbara Ditrix va “Diplomatic World Institute” markazi menejeri Alberto Turkstrani qabul qildi.

Uchrashuvda Jo’qorg’i Kenges Raisi M.Kamalov mehmonlarni respublikamizga tashrifi bilan qutlab, hurmatli Prezidentimiz tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar to’g’risida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog’iston Respublikasida so’nggi yillarda barcha sohalarda katta o’zgarish va yangilanishlar yuz bermoqda. Ayniqsa, shahar va tumanlarni har tomonlama rivojlantirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash, qishloq xo’jaligi, kichik biznes va tadbirkorlik, turizm sohalarini yanada qo’llab-quvvatlash, Orolbo’yidagi ekologik muammolarni hal qilish bo’yicha bir qator hujjatlar qabul qilinib, aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 2 oktyabrdagi Qoraqalpog’iston Respublikasiga tashrifi davomida Respublikani rivojlantirish bo’yicha bir qator vazifalarni belgilab bergani hamda 11 noyabr kungi “Qoraqalpog’iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorining qabul qilingani Qoraqalpog’iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy, jumladan, sanoat va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, hududda muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va sanoat infratuzilmalarni yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, shu asosda aholining bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.

2021 yil 18 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Orolbo’yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilinishi to’g’risidagi maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi Orolbo’yi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik holatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy chora-tadbirlarni amalga oshirish, hududimizning tabiatini tiklash va yaxshilash, tabiyiy resurslarni saqlash va aholining turmush sifatini oshirish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichda davom ettirishda katta ahamiyatga ega tarixiy voqea bo’ldi.

Mehmonlar samimiy qabul uchun o’z minnatdorchiligini bildirib, ko’p yillar davomida Orol dengizining qurishining salbiy oqibatlari bilan kurashib kelayotgan respublikada bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Shu bilan birga, O’zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi rahbariyati bilan erishilgan kelishuv bo’yicha 2021 yil sentyabrda O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bag’ishlangan jurnalning maxsus soni nashr qilinishi, unda Qoraqalpog’iston Respublikasida Orol dengizining qurishi bilan bog’liq tabiyiy ofatning oqibatlarini bartaraf etish, mintaqani ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish, turizmni rivojlantirish, respublikaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, energetika jabhasini rivojlantirish bo’yicha olib borilayotgan ishlar xususida material tayorlashni rejalashtirayotganini aytib o’tdi.

“Diplomatic World” jurnali siyosat, diplomatiya, biznes, moliya, san’at va madaniyat sohalarini keng yoritib kelmoqda. Jurnal Evropaning parlament a’zolari, Evropa Ittifoqi rahbarlari, ishbilarmon doiralar, diplomatik korpus va Bryusselda akkreditatsiyadan o’tgan xalqaro tashkilotlarga tarqatiladi.

Uchrashuvda kelgusida hamkorlikni bundan buyon rivojlantirish bo’yicha o’zaro fikr almashildi.

Belgiyalik mehmonlar Qoraqalpog’istonga tashrifi davomida I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyiga sayoxat qilishi va Mo’ynoq tumani bilan tanishishi rejalashtirilgan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi matbuot xizmati

M.Habibullaev olgan suratlar