Aholi murojaatlari bilan ishlash masalasi muhokama etildi

28 iyul kuni Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo’yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo’mitasi bilan  hamkorlikda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 23 iyul kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo’yicha o’tkazilgan videoselektor yig’ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag’ishlangan yig’ilish o’tkazildi.

Yig’ilishni Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisining o’rinbosari A.Davletov ochdi va boshqarib bordi.

Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 23 iyul kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo’yicha o’tkazilgan videoselektor yig’ilishida aholi murojaatlari bilan ishlashning bugungi holati vazirlik va hududlar kesimida muhokama qilinib, bu borada ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda bugungi kunda aholining murojaatlari bilan ishlash bo’yicha barcha mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar, sektor rahbarlaridan iborat ishchi guruh tashkil qilindi. Ishchi guruh shahar va tumanlarga, ayniqsa, chekka mahalla va ovullarga 15 kunlik mobilizatsiya qilinib, murojaatlarni joyiga chiqqan holda ijobiy hal qilish choralarini ko’rish belgilandi. Tasdiqlangan grafiklar asosida haftasiga kamida 2 kun olis, chekka, og’ir va muammoli hududlarda sayyor qabullar tashkil etish yo’lga qo’yildi,  ma’lum muddat talab etadigan va moliyalashtirish zarur bo’lgan murojaatlarni hal qilish bo’yicha Tuman, Qoraqalpog’iston Respublikasi va Respublika darajasiga qarab, “Yo’l xaritalar”ni ishlab chiqish va ijrosini alohida nazoratga olish belgilab olindi.

Yig’ilishda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo’yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo’mitasi raisi B.Alixonov, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog’iston Respublikasidagi xalq qabulxonasi rahbari S.Xudaybergenov, Qoraqalpog’iston Respublikasidagi O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko’rib chiqish qabulxonasi R.Aytmuratov va boshqalar bugungi kunda aholidan kelib tushgan murojaatlarning hal qilinish holati, bu borada amalga oshirilgan ishlar va muhim vazifalar haqida to’xtalib o’tdi.

Xalq va Virtual qabulxonalarga aholi tomonidan joriy yilning yanvar-iyun oylarida jami 33 ming 934 ta murojaatlar kelib tushib, o’tgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobarga o’sgan. Murojaatlarning 7276 tasi, ya’ni 21 foizi ijobiy hal qilingan. Kelib tushgan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganida fuqarolar ko’proq aholining bandligini ta’minlash, kredit ajratish, moddiy yordam va nafaqa, elektr va gaz, sog’liqni saqlash masalalarida murojaatlar yo’llagani aniqlangan.

Shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasidagi O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko’rib chiqish qabulxonalariga 2021 yilning yanvar-iyun oylarida 1640 ta masala bo’yicha 1534 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 1607 tasi (98,0%) hal etilgan.

Yig’ilishda bildirilgan fikr-mulohazalar atroflicha muhokama etildi, aholi murojaatlari bilan ishlashda deputatlarning o’rni va mas’uliyatini oshirish, ularning o’zlari saylangan hududdagi muammolar tegishli vazirlik va hokimliklar tomonidan qay darajada hal etilayotganini doimiy o’rganib, nazorat qilib borish, aholi murojaatlari bilan ishlash, muammolarini ijobiy hal qilish, ayniqsa, chekka hududlardagi aholining yashash sharoitini o’rganish va yaxshilash masalasiga jiddiy e’tibor qaratishi lozimligi alohida ta’kidlandi.

Qoraqalpo­g’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi matbuot xizmati
M.Habibullaev tushirgan suratlar