ERKINLIGIMIZ, FAROVON VA BAXTLI HAYoTIMIZ TIMSOLI

Poytaxtimizdagi Amfiteatrda yurtimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag’ishlangan «Yangi O’zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» shiori ostida bayram tadbiri bo’lib o’tdi.

Unda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi deputatlari, hukumat a’zolari, sektor rahbarlari, vazirlik va tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tantanali tadbirni Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi M.Kamalov ochib, xalqimizni eng ulug’, eng muqaddas bayram – yurtimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida o’tgan qisqa vaqt ichida barcha hududlar qatori Qoraqalpog’istonda ham keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilib, yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

So’nggi besh yilda yurtimizda kichik biznes va tadbirkorlik, sanoat, xizmat ko’rsatish va qishloq xo’jaligi sohalarida bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Buning natijasida aholi uchun yangi ish o’rinlari yaratilib, bir qator yirik sanoat korxonalari, ko’plab ijtimoiy soha ob’ektlari ishga tushdi.

Aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” yo’lga qo’yildi.

Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunar  va tadbirkorlikka o’rgatish, har tomonlama qo’llab-quvvatlash, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish borasida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O’z navbatida yoshlarimiz bunday e’tibor va g’amxo’rlikka javoban turli sohalarda yuqori natijalarga erishmoqda.

Jumladan, yaqinda Yaponiyada bo’lib o’tgan Olimpiya o’yinlarida 4 nafar sportchimizning ishtirok etgani, bir qator yoshlarimizning davlat mukofotlari bilan taqdirlangani buning yaqqol dalilidir.

…O’zbekiston va Qoraqalpog’iston Respublikalari davlat madhiyalari ijro etiladi.

Tadbirda Olimpiya o’yinlarida ishtirok etgan sportchilarimiz va ularning murabbiylariga Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Prezidiumining qaroriga muvofiq, davlat mukofotlari, shuningdek, sportchilarga Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan pul mukofotlari topshirildi.

Tantanali bayram tadbiri kontsert dasturi bilan davom etdi. Dasturdan joy olgan san’at ustalari va yosh iqtidor egalari ijrosidagi Vatan, do’stlik, tinchlik va totuvlik, yoshlik haqidagi qo’shiqlar va raqslar yig’ilganlarga ko’tarinki kayfiyat bag’ishladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi matbuot xizmati