Prezidentimiz Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksini qurish loyihasi bilan tanishdi

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 yanvardagi qarorida ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish choralari belgilangan.

Majmuada yiliga 900 ming tonna armatura, 225 ming tonna sim, 375 ming tonna ugolok, shveller, 22 ming tonna vannadiy shlagi va boshqa metall materiallar ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning 35 foizini eksport qilish rejalashtirilgan. Kondagi mavjud rezervlar 1,1 milliard tonnani tashkil etadi.

Loyihani tayyorlash va amalga oshirishga Germaniyaning ““DMT-Group Consulting” va Avstriyaning “Horst Wiesinger Consulting” korxonalari jalb etilgan.

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko’ra, loyiha to’liq ishga tushganidan keyin yiliga 33 million tonna ruda qazib olinib, undan 1,5 million tonna temir moddasi olish ko’zda tutilgan.

Bu yo’nalishdagi ishlarni amalga oshirish maqsadida “O’zbekiston temir yo’llari” aktsiyadorlik jamiyati tarkibida maxsus direktsiya tashkil etildi. U “O’zbekiston temir yo’llari” AJ mablag’lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Loyihani amalga oshirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo’yicha ishchi komissiya tuzilgan. Uning zimmasiga loyihani amalga oshirish, qurilish va qurilish-montaj ishlarining sifatli va o’z vaqtida bajarilishi yuzasidan mansabdor vazirliklar bilan muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring o’tkazish yuklatilgan.
Prezidentimizga mazkur loyihaning ahamiyati va istiqboli haqida batafsil ma’lumot berildi. Soha mutasaddilari va xorijiy mutaxassislarning fikricha mazkur loyiha to’liq o’zini oqlaydi. Uning amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyoti rivojida, jumladan, qora metall ishlab chiqarish va qayta ishlash ko’lamini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shavkat Mirziyoev xorijiy kompaniyalar mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Majmua qurilishiga ilmiy jihatdan puxta yondashish, metalldan mahsulot ishlab chiqarish sohasida o’ziga xos maktab yaratish kerakligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini mukammal ishlab chiqish, uni amalga oshirishga yoshlarni ko’proq jalb etish bo’yicha ko’rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Qoraqalpog’iston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.