Bugungi kunda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonunlar, dolzarb ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ahamiyatga ega davlat dasturlarining bajarilishini so’zsiz ta’minlashga qaratilgan ishlar ilgari surilmoqda. Jo’qorg’i Kengesda, Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlarida deputatlar mahalliy byudjetni tasdiqlash, uning ijrosini nazorat qilishdan tortib, hududdagi dolzarb masalalarni ham sessiyalarida ko’rib chiqib, hal etmoqda. Shu bilan birga, mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobotlarini doimiy ravishda tinglash amaliyoti yo’lga qo’yildi. Bularning barchasi ularning faoliyatini tubdan o’zgartirib, qonunda belgilangan vakolatlaridan unumli foydalanish samaradorligini oshirmoqda.

Lekin, deputatlik korpusi vakillarining to’liq ish olib borishiga to’sqinlik etuvchi ayrim omillar, ya’ni, parlament nazoratining zarur institutlaridan biri hisoblangan deputat so’rovi institutidan foydalanish, uning kafolatlarini yanada mustahkamlash bilan bog’liq tashkilotchilik-huquqiy masalalar bo’yicha muammolar mavjud ekanligi aniqlanmoqda. Jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan deputatlar oldidagi o’z vazifalarini bajarmaslik, ularning ishiga to’sqinlik qilish, kafolatlarini buzish, deputat savoliga yuzaki qarash, ko’rmasdan qoldirish yoki ularni ko’rib chiqish muddatini buzish, noto’g’ri ma’lumotlarni taqdim etish holatlari ham uchramoqda.

Yuqoridagi qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish, Jo’qorg’i Kenges deputatining obro’sini ko’tarish va davlat organlarining deputat so’roviga bo’lgan dunyoqarashini tubdan o’zgartirish maqsadida Vazirlar Kengashiga parlament so’rovi yuborish ma’qul deb topildi. Deputatlar va siyosiy partiyalarning vakillari ushbu muhim masala yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, sessiyada “Qoraqalpog’iston Respublikasi hududidagi madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida Qoraqalpog’iston Respublikasi Madaniyat vazirining hisoboti to’g’risida”gi, «Jo’qorg’i Kengesning ayrim qo’mitalari tarkibiga o’zgarishlar kiritish to’g’risida»gi, “Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasi raisining o’rinbosarini saylash to’g’risida»gi, «Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisining o’rinbosarlarini saylash to’g’risida»gi masalalar ko’rib chiqildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan sessiyada tegishli qarorlar qabul qilindi.

Dovud Abibullaev, Maqsad Habibullaev (surat), O’zA