O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida
Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniyat va san’at sohasi vakillari hamda ijodkorlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining boy va qadimiy madaniyatini o‘zaro uyg‘un va hamohang ravishda rivojlantirish, shuningdek, badiiy jamoalarning mahalliy va xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish ishlarini doimiy moliyalashtirish tizimini yaratish maqsadida:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar:
a) Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining qo‘shimcha manbalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman (shahar)larining mahalliy budjetlarida shakllangan qo‘shimcha manbalar hisobidan har chorakda ajratiladigan mablag‘lar;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari hamda texnik ko‘mak mablag‘lari;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
davlat-xususiy sheriklik asosida olinadigan daromadlarning taqsimlanishidan tushadigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari etib belgilansin:
madaniyat va san’at sohasi vakillari, iqtidorli ijodkorlarni, ayniqsa, yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;
og‘ir iqtisodiy vaziyatga tushib qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj madaniyat va san’at xodimlarini aniqlash, ularga manzilli ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish tadbirlarini tashkil etish hamda moliyalashtirish;
madaniyat va san’at tashkilotlari faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash;
ijodkorlar, ijodiy va badiiy jamoalarning mahalliy va xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish;
madaniyat tashkilotlarining binolari va madaniyat obyektlarida qurilish-montaj ishlarini olib borish, ularning faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalarni joriy etish;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xarajatlarni qoplash.
3. Madaniyat va turizm vazirligi Jamg‘armaga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan 2023-yil uchun Madaniyat va turizm vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan 20 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Jamg‘armaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘lar ajratish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga takliflar kiritib borsin.
5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Jamg‘arma to‘g‘risidagi nizomni va uning vasiylik kengashi tarkibini tasdiqlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib madaniyat va turizm vaziri O.A. Nazarbekov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-iyul,
PQ-219-son