O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida
Qoraqalpog‘iston Respublikasining mavjud tabiiy xom ashyo resurslaridan samarali foydalanish orqali sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalarini jadal rivojlantirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, tadbirkorlik va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash, shu asosda aholi bandligini ta’minlash hamda turmush darajasini oshirish maqsadida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024-yilda aholining doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda bandligini ta’minlash maqsadli ko‘rsatkichlari 1 — 1.4-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida 2024-yilda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining yig‘ma jadvali va manzilli ro‘yxati 2 va 2.1-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024-yilda aholini biznesga jalb qilishning maqsadli ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024-yilda yangi tashkil etiladigan xizmat ko‘rsatish obyektlari maqsadli ko‘rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024-yilda yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari 5-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga doir 2024-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar 6-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024-2025-yillarda maxsus sanoat (erkin iqtisodiy), kichik sanoat, yoshlar va tadbirkorlik sanoat zonalarida loyihalarni joylashtirish uchun auksion savdolariga chiqariladigan bo‘sh yer maydonlari ro‘yxati 7-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 2024-yilda noruda foydali qazilma konlari va uchastkalaridan foydalanish huquqini auksion savdolariga chiqarish grafigi 8-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi bandligini ta’minlash maqsadida 2024-yilda ajratiladigan subsidiya mablag‘lari taqsimoti 9-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2024-yilda ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini amalga oshirish uchun Biznesni rivojlantirish banki kredit resurslari hisobidan 11-ilovaga muvofiq 320 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi;
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-son Farmoni 2-bandi “a” kichik bandi va “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan tartib bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga 50 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi;
ijtimoiy soliq to‘layotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga “Biznesga birinchi qadam” bank plastik kartalari orqali 5 mln so‘mgacha miqdorda bir yil muddatgacha mikroqarzlar taqdim etish uchun tijorat banklari tomonidan 12-ilovaga muvofiq 60 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi;
b) 2024-yildan boshlab har yili “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida 1,5 ming nafar yoshlar, xususan 900 nafari raqamli texnologiyalarga va 600 nafari xorijiy tillarga o‘qitiladi. Bunda, raqamli texnologiyalarni o‘rganish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan yoshlarga subsidiya ajratish muddati Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun bir yilgacha uzaytiriladi;
v) 2024-yilda kichik sanoat zonalari, yoshlar, tadbirkorlik va sanoat zonalari infratuzilma obyektlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 5 mlrd so‘m ajratiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (J.A. Qo‘chqorov) Markaziy bank bilan birgalikda mazkur bandda ko‘rsatilgan mablag‘lar o‘z vaqtida va to‘liq hajmda ajratilishini ta’minlasin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududiy chegaralari ichida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan korxonalarga “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomini berish;
investitsiya majburiyatlarini bajarmagan “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilari bilan investitsiya bitimlarini bekor qilish, to‘xtatib turish va ularni “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomidan mahrum etishni faqat sud tartibida amalga oshirish.
4. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tijorat banklari bilan birgalikda 2024-yilda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun 13-ilovaga muvofiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari auksion savdolariga chiqarilishini;
mazkur yer maydonlarida “kooperativ” va “agregator” tizimiga asoslangan loyihalar amalga oshirilishini;
har bir tumanda loyihalarni amalga oshirish uchun maydoni 5 gektargacha bo‘lgan yaxlit konturlar tanlab olinishi va ularda eksportbop yuqori daromadli ekinlar ekilishini ta’minlasin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasida, istisno tariqasida, 2024-yilda paxta xom ashyosi yetishtirish uchun imtiyozli kreditlarni tuproqning bir bonitet baliga nisbatan normativ hosildorligini (sentner/gektar) 1,25 koeffitsiyentga oshirgan holda ajratish haqidagi taklifi ma’qullansin.
6. Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov Markaziy bank, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 2024-yilda tijorat banklariga joylashtiriladigan depozit mablag‘lari hisobidan chorvachilik sohasiga ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun olti oy muddatda qaytarish sharti bilan 150 mln so‘mgacha Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavkada (shundan 1 foizi bank marjasi) imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishini ta’minlasin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2024-2025-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sug‘oriladigan 112 ming gektar yer maydonlari 14-ilovaga muvofiq lazerli tekislanishini tashkil qilish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligi 5 — 10 foizga oshirilishini ta’minlasin.
Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun har bir gektar lazerli tekislangan maydonga sarflangan yoqilg‘i-moylash materiallari xarajatlarini 100 foizgacha, lekin umumiy xarajat miqdorining 1 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismini qoplash uchun Davlat budjetidan subsidiyalar taqdim etilishi belgilansin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagrolizing” AJ, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Beruniy, Amudaryo, Chimboy va Qonliko‘l tumanlarida 2024-yil 1-aprelga qadar qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan kompleks xizmat ko‘rsatuvchi texnika-servis markazlarini (keyingi o‘rinlarda — texnika-servis markazlari) davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. Bunda:
a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan ATB “Agrobank”ga 10 yil muddatga yillik 7 foiz stavkada 193 mlrd so‘m mablag‘lar depozitga joylashtiriladi;
38,6 mlrd so‘m mablag‘larni yillik 10 foiz stavkada texnika-servis markazlariga texnikalar xarid qilish maqsadida avans to‘lovlarini amalga oshirish uchun;
154,4 mlrd so‘m mablag‘larni 10 yil muddatga yillik 10 foiz stavkada “O‘zagrolizing” AJga kredit ajratish uchun yo‘naltiradi;
160 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi 15-ilovaga muvofiq 10 yil muddatga yillik 14 foiz stavkada texnika-servis markazlariga lizing asosida beriladi;
ikki oy muddatda qishloq xo‘jaligi texnikalari lizing muddatlari traktor va kombaynlar uchun 10 yilgacha, agregatlar uchun 5 yilgacha uzaytiriladi;
g) 160 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi texnika-servis markazlariga rasmiylashtirilgandan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-noyabrdagi PQ-7-son qaroriga muvofiq ajratiladigan subsidiya mablag‘lari ushbu qishloq xo‘jaligi texnikalarining avans to‘lovi uchun jalb qilingan kreditlar bo‘yicha qarzdorliklarni so‘ndirish uchun yo‘naltirishga ruxsat beriladi.
9. Hisob palatasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda mazkur qarorning 7-bandiga muvofiq lazerli tekislashga ajratiladigan subsidiyadan hamda 8-bandiga asosan xarid qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan doimiy nazorat olib borsin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi korxonalari va tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan 200 ot kuchidan yuqori haydov traktorlari va paxta terish mashinalari (TIF TN bo‘yicha 8432 — 8437, 8701 kodlari) 2026-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi hamda tadbirkorlik subyektlariga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PF-156-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.10.2024-y., 06/24/156/0816-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 16-yanvar)
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida “Qoraqalpoqbaliq” uyushmasini tashkil etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi balansidagi barcha ko‘llarni “Qoraqalpoqbaliq” uyushmasi balansiga o‘tkazish;
“Qoraqalpoqbaliq” uyushmasi qoshida Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish hamda tabiiy suv havzasi ijarasidan va sun’iy ko‘llardan foydalanuvchilarning a’zolik badalidan tushgan mablag‘larni to‘liq miqdorda ushbu jamg‘armaga yo‘naltirish haqidagi takliflari ma’qullansin.
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida Suv xo‘jaligi va melioratsiya ta’lim yo‘nalishiga 100 ta qabul kvotasini ajratsin.
13. O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasining shtat jadvaliga, mehnatga haq to‘lash fondi belgilangan tartibda o‘zgartirilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining alohida vakili qo‘shimcha shtat birligi kiritilsin.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur band ijrosi yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Transport vazirligi “Uzbekistan Airways” AJ, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan barcha rezident aviakompaniyalar hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga turistlar oqimini yanada oshirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2024-yil 1-apreldan boshlab:
Istanbul-Nukus-Toshkent, Samarqand-Nukus-Istanbul yo‘nalishlari bo‘yicha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ysin;
yangi xarid qilinayotgan L-410 rusumli samolyotlardan bir donasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ichki reyslar uchun dislokatsiya qilinishini ta’minlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi bilan birgalikda mazkur qaror ijrosini nazorat qilib borish tavsiya etilsin.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul etib Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.U. Ermanov belgilansin.