Sayt test rejiminde islemekte
Logo
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASI JO'QORG'I KENGESI OLIY DAVLAT QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT ORGANI
  • Bosh sahifa
  • Hujjatlar
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida

Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahallalar infratuzilmalarini takomillashtirish, aholining turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosini hamda mavjud muammolarning samarali va tezkor hal etilishini moliyaviy va moddiy jihatdan ta’minlash maqsadida:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin.
Jamg‘arma Kuzatuv kengashi raisi etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi (A.Orinbayev) belgilansin.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir hafta muddatda:
2023-yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 452 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining har biriga 500 mln so‘mdan mablag‘ yo‘naltirish;
mahallada jinoyatchilikning oldini olish hamda obodonlashtirish ishlarini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shgan tashabbuskor fuqarolar, mahallalardagi ko‘chaboshi va uyboshilarni rag‘batlantirish maqsadida respublika hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan Jamg‘armaga jami 228 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratish choralarini ko‘rsin.
3. Belgilansinki:
loyihalar mahalla raislari tomonidan hokim yordamchilari bilan birgalikda mahallada yashovchi aholining hududdagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalari umumlashtirilgan holda shakllantiriladi;
Jamg‘armaning Kuzatuv kengashi (A.Orinbayev) besh kun ichida loyihalarni ko‘rib chiqib, Jamg‘armadan mablag‘lar ajratish bo‘yicha qaror qabul qiladi;
mahalla raislari tomonidan shakllantirilgan va boshqariladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun har bir mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun alohida hisobvaraqlar ochiladi.
Bunda, loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha jarayonlari, jumladan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib olish bo‘yicha tanlov (tender) savdolarini o‘tkazish, amalga oshirilgan ishlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, bajarilgan ishlarni qabul qilish mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari tomonidan amalga oshiriladi.
4. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 13-iyul,
PQ-228-son