Sayt test rejiminde islemekte
Logo
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASI JO'QORG'I KENGESI OLIY DAVLAT QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT ORGANI
  • Bosh sahifa
  • Hujjatlar
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

Mamlakatimiz hududlarida yangi turizm industriyasi obyektlarini ko‘paytirish orqali qulay sayohat qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jahon bozorida milliy turizm mahsulotlarini faol targ‘ib qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish, ichki turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirish, transport logistikasidagi mavjud muammolarni hal etish, shuningdek, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq, turizm sohasida qulay tadbirkorlik muhitini yaratish va turizm xizmatlari eksportini kengaytirish maqsadida:
a) 2024-yil 1-sentabrdan boshlab kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan turoperatorlarni xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelishda aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan respublika tijorat banklari orqali 50 million AQSh dollari ekvivalentida milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada kredit liniyasi ochiladi. Bunda:
tijorat banklari tomonidan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi resurslari hisobidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha belgilangan yillik foiz stavkasi tarkibida bank marjasi 3 foizdan oshmagan miqdorda o‘rnatiladi;
kredit mablag‘lari turoperatorlarga 2 yillik imtiyozli davr (foiz va asosiy qarzdan) bilan 10 yil muddatga ajratiladi;
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan tijorat banklariga resurslar 3 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga ajratiladi;
b) 2025-yil 1-avgustga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatga olinib, litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida 3 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Bunda, ushbu transport vositasi import qilingan kundan boshlab 3 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan tashqarida foydalanilganligi, boshqa shaxslarga sotilganligi yoki o‘tkazilganligi yoxud ijaraga berilganligi aniqlangan taqdirda, bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi to‘liq hajmda import qilgan shaxsdan undirib olinadi;
v) 2025-yil 1-avgustga qadar turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi. Bunda:
mazkur imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan yangi ishlab chiqarilgan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan avtobus va haydovchidan tashqari sakkiz va undan ortiq o‘rindiqlarga ega bo‘lgan mikroavtobuslar uchun taqdim etiladi;
import qilingan avtobuslar va mikroavtobuslar import qilingan kundan boshlab 3 yil davomida boshqa shaxsga sotilgan yoki o‘tkazilgan yoxud ijaraga berilgan taqdirda, taqdim etilgan imtiyozlar bekor qilinadi hamda bojxona boji belgilangan tartibda to‘liq hajmda import qilgan shaxsdan undirib olinadi;
g) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Turizm qo‘mitasi) tomonidan ro‘yxati shakllantiriladigan xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida turizm sohasidagi tadbirkorlar, hunarmandlar, madaniyat va san’at vakillari ishtirok etadi. Bunda, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
xalqaro turizm yarmarka va ko‘rgazmalari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetidan 1 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan mablag‘lar ajratiladi;
faoliyat boshlaganiga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan turoperatorlarning xalqaro turizm yarmarka va ko‘rgazmalaridagi pavilon ijarasi xarajatining 50 foizi Turizm qo‘mitasining budjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
hunarmandlarning xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalaridagi pavilon ijarasi, ularda namoyish etiladigan mahsulotlarini tashish va aviachipta xarajatlarining 50 foizi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
2. Quyidagilar:
Turizmni rivojlantirish bo‘yicha respublika jamoatchilik kengashi (keyingi o‘rinlarda — Respublika kengashi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Turizmni rivojlantirish bo‘yicha mahalliy jamoatchilik kengashlarining (keyingi o‘rinlarda — mahalliy kengash) namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Turizm qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasining turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targ‘ib qilish, sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yanada mustahkamlashga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi milliy turizm brendini (tanitish belgisi) yaratish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
marketing va brending konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda O‘zbekiston Respublikasining yangi milliy turizm brendi (keyingi o‘rinlarda — turizm brendi)ni ishlab chiqish;
turizm brendining maqsadli bozorlar (auditoriya) talablaridan kelib chiqib, xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning tarixiy, madaniy, gastronomik, tibbiy va sog‘lomlashtirish, arxeologik, ekologik va ekstremal kabi turizmning turlari to‘g‘risida kontentlar yaratish;
zamonaviy marketing texnologiyalaridan, shu jumladan xalqaro media va ijtimoiy platformalar, butunjahon sport, madaniyat va san’at tadbirlari maydonidan foydalangan holda turizm brendini targ‘ib qilish tizimini yaratish.
4. Turizm qo‘mitasi:
2024-yil 1-oktabrga qadar yangi milliy turizm brendini yaratish uchun tanlov o‘tkazsin;
2024-yil Xalqaro turizm kuni doirasida birinchi global sayyohlik mediakampusini tashkil qilsin;
2024-2025-yillarda auditoriyasi 10 milliondan ortiq bo‘lgan 50 nafargacha xorijiy jurnalist, bloger, vloger va inflyuenserlarni jalb qilsin.
5. Belgilansinki:
a) O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan turoperatorlarning o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilish maqsadida respublikaga olib kelgan mashhur xorijiy blogerlarning (auditoriyasi 1 milliondan kam bo‘lmagan) yashash xarajatlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Bunda, mashhur blogerlarni olib kelish bo‘yicha sarf-xarajatlar smetasi Turizm qo‘mitasi bilan oldindan kelishiladi;
b) Respublika kengashi har chorakda kamida bir marotaba, mahalliy kengashlar har oyda bir marotaba turizm sohasi subyektlari faoliyati, turizm infratuzilmasi va transport logistikasi sohalarida vujudga kelayotgan muammolarni ko‘rib chiqib, ularni bartaraf qilish va mavsum oldi tayyorgarlik ko‘rish hamda oldindan xabar berish tartibi asosida faoliyat yuritadi;
v) 2025-yil 1-yanvardan boshlab kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan uch kundan kam bo‘lmagan biznes tadbirlarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tashkil qilgan tadbirkorlik subyektlari 2028-yil 1-yanvargacha ushbu biznes tadbirlarni tashkil qilishdan olingan daromaddan olingan foyda solig‘ini ushbu soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkasiga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi.
6. Turizm qo‘mitasi:
bir oy muddatda milliy turizm delegatsiyasi ishtirok etishi lozim bo‘lgan ko‘rgazmalar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
uch oy muddatda faoliyat boshlaganiga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan turoperatorlarning xalqaro turizm yarmarka va ko‘rgazmalaridagi pavilon ijarasi xarajatining 50 foizini Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab berish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Madaniyat vazirligi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda 2024-yil 1-dekabrga qadar xorijiy mamlakatlar kesimida xalqaro turizm ko‘rgazmalarida namoyish qilish uchun madaniy, gastronomik va hunarmandchilik kontentini ishlab chiqsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2025-yildan boshlab har yili xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalari uchun mahalliy budjetdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlariga taqdimnoma kiritgan holda 1 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan mablag‘lar ajratib borish choralarini ko‘rsin.
8. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ikki oy muddatda xalqaro festivallarda qatnashadigan hunarmandlarga pavilon ijarasi, ularda namoyish etiladigan mahsulotlarini tashish hamda aviachipta xarajatlarining 50 foizini Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan qoplab berish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
9. Vazirlar Mahkamasi (J. Qo‘chqorov, J. Xodjayev) ikki oy muddatda turoperatorlarga aylanma mablag‘ uchun eksport oldi moliyalashtirishga 50 million dollargacha resurs ajratish va uni maqsadli ishlatish tartibini joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.
10. Turizm qo‘mitasi Strategik islohotlar agentligi bilan birgalikda 2024-yil 1-dekabrga qadar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda “Mavjud turizm mahsulotlarini taqdim etish” modelidan “Mijozga nima kerak” modeliga o‘tishning qisqa muddatli konsepsiyasini ishlab chiqsin.
Bunda, sayyohlarning fikrini o‘rganish maqsadida xalqaro aeroportlar, chegara o‘tkazish punktlari va turizm namoyishi obyektlarida QR-kod asosida so‘rovlar o‘tkazib borilishi nazarda tutiladi.
11. Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024-yil 1-dekabrga qadar yurtimizdagi barcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlari haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirsin.
12. Transport vazirligi:
avia, temir yo‘l va avtobus chiptalarini tabaqalashtirilgan narxlarda kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimini joriy qilsin;
Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni, Yangi yil bayrami va Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) hamda Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida respublika hududlarini bog‘lovchi qo‘shimcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘ysin;
Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda mahalliy va xorijiy fuqarolarni transport va turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor qilish maqsadida amalga oshirilayotgan tadbirlar, jumladan, ochilayotgan yangi reyslar, reyslardagi yuklamalar, shakllantirilayotgan yangi avia va temir yo‘l marshrutlari to‘g‘risida ma’lumotlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi “Hududlarning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va bo‘sh yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-245-son qarorining 3-ilovasi bilan master-rejalar ishlab chiqiladigan 20 ta tuman (shahar)larning ro‘yxati tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, master-rejalar ishlab chiqiladigan hududlarda yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablag‘lar birinchi navbatda Jamg‘arma xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
14. Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari S. Sa’dullayev master-rejalar ishlab chiqiladigan 20 ta tuman (shahar) hududlarida infratuzilmani rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni moliyalashtirish uchun mas’ul etib belgilansin.
15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi master-rejalar ishlab chiqiladigan 20 ta tuman (shahar) hududlarida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash uchun:
2024-yil 31-dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan 100 milliard so‘m ajratsin;
2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturida 132 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilishini ta’minlasin.
16. Turizm qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda biznes turizmini (MICE) rivojlantirish uchun yanada qulay muhit yaratishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Transport vazirligi, Mudofaa vazirligi bir oy muddatda Mo‘ynoq va Parkent tumanlarida ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Vazirlar Mahkamasi (J. Qo‘chqorov), Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda kichik biznesga tayyor joyni qurib taklif qilish tizimini yaratish bo‘yicha takliflarni kiritsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
20. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.
Farmon ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-iyul,
PF-102-son