Sayt test rejiminde islemekte
Logo
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASI JO'QORG'I KENGESI OLIY DAVLAT QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT ORGANI

ARXIV IShI TO'G'RISIDA

QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

30.06.2011 y. №84/VI

 

ARXIV IShI TO'G'RISIDA

  Ushbu Qonunga qo'yidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan: 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni   I-BOB. UMUMIY QOIDALAR   1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi arxiv ishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.   2-modda. Arxiv ishi to'g'risidagi qonun hujjatlari Arxiv ishi to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Qoraqalpog'iston Respublikasining arxiv ishi to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.   3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: alohida qimmatli hujjat - o'chmas tarixiy-madaniy va ilmiy qimmatga, jamiyat hamda davlat uchun alohida ahamiyatga ega bo'lgan, hisobga olish, saqlash va foydalanishning alohida tartibi belgilangan arxiv hujjati; arxiv - arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi muassasa; arxiv ishi - arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etish bo'yicha faoliyat; arxiv fondi - yuridik yoki jismoniy shaxslar faoliyati natijasida yaratilgan, tarixiy yoki mantiqiy jihatdan o'zaro aloqador arxiv hujjatlari majmui; arxiv hujjatlari - fuqarolar, jamiyat va davlat uchun ahamiyati bois saqlanishi lozim bo'lgan matnli, qo'lyozma va mashinada o'qiladigan hujjatlar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar, fotografiya plyonkalari, chizmalar, sxemalar, xaritalar, shuningdek boshqa moddiy jismlardagi yozuvlar; arxiv hujjatlarini depozitar saqlash - arxiv hujjatlarini ularning mulkdori (egasi) bilan arxiv, muzey, axborot-kutubxona o'rtasidagi kelishuvda (shartnomada) belgilanadigan muddatlar va shartlar asosida mulkdorning (egasining) arxiv hujjatlariga bo'lgan mulk huquqini (egalik huquqini) saqlab qolgan holda saqlash; (QR 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) idoraviy arxiv - yuridik shaxsning arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi tarkibiy bo'linmasi; ish yuritish - yuridik shaxsning hujjatlashtirish va rasmiy hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish bo'yicha faoliyatini ta'minlab beruvchi jarayon; Milliy arxiv fondi – Qoraqalpog'iston xalqining moddiy va ma'naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega bo'lgan arxiv hujjatlarining tarixan tarkib topgan va doimo boyitib boriladigan majmui; Milliy arxiv fondining davlat katalogi - arxiv hujjatlari Milliy arxiv fondining tarkibiga kiritilgan arxiv fondlarining hajmi va tarkibi to'g'risidagi asosiy ma'lumotlar mavjud bo'lgan hisobga olish hujjati; noyob hujjat - o'zida mavjud bo'lgan axborot va (yoki) tashqi belgilari bo'yicha o'xshashi yo'q, yo'qotilgan taqdirda o'zining ahamiyati va (yoki) asl qo'lyozmaligi nuqtai nazaridan o'rnini to'ldirib bo'lmaydigan alohida qimmatli hujjat; sug'urta nusxa - alohida qimmatli hujjat yoki noyob hujjatning boshqa moddiy jismdagi, asl nusxada mavjud bo'lgan axborotni o'qish yoki ko'rish (eshitish) imkonini beruvchi ko'chirma nusxasi; shaxsiy tarkib bo'yicha hujjatlar - xodimning ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarini aks ettiruvchi arxiv hujjatlari.   4-modda. Arxiv hujjatlariga bo'lgan mulk shakllari Arxiv hujjatlari xususiy hamda ommaviy mulk shakllarida bo'lishi mumkin. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida turgan arxiv hujjatlari, shuningdek ular tomonidan davlat arxivlari, muzeylari va axborot-kutubxona muassasalariga topshirilgan arxiv hujjatlari davlat mulki hisoblanadi hamda mazkur hujjatlar davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, oldi-sotdi yoki mulk huquqini boshqa shaxsga o'tkazish bilan bog'liq boshqa bitimlar ob’ekti bo'lishi mumkin emas. (QR 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari davlat tasarrufidan chiqarilgan va xususiylashtirilgan taqdirda ularning arxiv hujjatlari, shu jumladan, shaxsiy tarkib bo'yicha hujjatlar davlat mulki bo'lib qoladi va belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi. Nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari ularning xususiy mulkidir. Vafot etgan fuqarolarning Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan shaxsiy arxiv hujjatlari, vasiyatnoma yoki qonun bo'yicha merosxo'rlar bo'lmaganda, shuningdek arxiv hujjatlarining mulkdorini aniqlash imkoniyati bo'lmagan taqdirda, davlat mulkiga o'tadi.   5-modda. Qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qayta tashkil etilayotganda ularning arxiv hujjatlari tegishli davlat arxivlari bilan kelishilgan holda mazkur korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqiy vorislariga topshiriladi. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tugatilayotganda ularning arxiv hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat arxivlariga topshiriladi.   II-BOB. ARXIV IShI SOHASIDAGI DAVLAT BOShQARUVI   6-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi: arxiv ishini rivojlantirish va arxivlar faoliyatini qo'llab-quvvatlashga doir davlat dasturlarini ishlab chiqishida va amalga oshirishda ishtirok etadi; arxiv ishini rivojlantirish va arxivlar faoliyatini qo'llab-quvvatlashga doir hududiy dasturlarini ishlab chiqishini, tasdiqlashini va amalga oshirishini ta'minlaydi; arxiv ishi va ish yuritishning holati ustidan davlat nazoratini belgilangan tartibda amalga oshiradi; arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilashda ishtirok etadi; arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish hamda uning tarkibidan chiqarish tartibini belgilashda ishtirok etadi; Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini doimiy (muddatsiz) saqlashni amalga oshiradigan vazirliklar, davlat qo'mitalari va idoralarning ro'yxatini tuzishda ishtirok etadi; arxiv hujjatlarining maxfiylik toifalarini, shuningdek davlat siri va qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni o'z ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib ko'rishga doir cheklovlarni belgilashda ishtirok etadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.   7-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasi Arxiv ishi boshqarmasining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Arxiv ishi boshqarmasi (bundan buyon matnda “Boshqarma”  deb yuritiladi): arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi; Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritadi; arxiv hujjatlarini belgilangan tartibda Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish hamda uning tarkibidan chiqarish bo'yicha yuqori organlarga taklif beradi; arxiv hujjatlarini kirib ko'rish tartibi va shartlarini belgilashda ishtirok etadi; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim bo'lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ro'yxatini tuzish tartibini belgilashda ishtirok etadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.   8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari Mahalliy davlat hokimiyati organlari: Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan, tegishli hududda joylashgan davlat arxivlari va idoraviy arxivlarda turgan arxiv hujjatlarining saqlanishi uchun lozim darajadagi shart-sharoitlarni ta'minlaydi; Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan, tegishli hududda joylashgan arxivlar va idoraviy arxivlarda turgan arxiv hujjatlarining holati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi; tegishli hududdagi davlat arxivlarini moliyalashtirish miqdorini o'z vakolatlari doirasida belgilaydi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.   III-BOB. MILLIY ARXIV FONDI   9-modda. Milliy arxiv fondining tarkibi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari Qoraqalpog'iston xalqi madaniy merosining ajralmas qismidir. Milliy arxiv fondi Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismidan va davlatga tegishli bo'lmagan qismidan iboratdir. Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarining fuqarolik muomalasiga ushbu Qonunda belgilangan cheklovlarga rioya etilgan holdagina yo'l qo'yiladi.   10-modda. Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish tegishli vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari mulkdoriga mazkur hujjatlar ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risida guvohnoma belgilangan tartibda beriladi.   11-modda. Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibidan chiqarish Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibidan chiqarish tegishli vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)   12-modda. Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritish Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritish Boshqarma tomonidan amalga oshiriladi.   13-modda. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibi Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga, kimning egaligida turganligidan qat’i nazar, doimiy (muddatsiz) saqlanishi lozim bo'lgan, davlat mulki bo'lgan arxiv hujjatlari kiradi.   14-modda. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibi Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga doimiy (muddatsiz) saqlanishi lozim bo'lgan, nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari kiradi.   15-modda. Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarining fuqarolik muomalasi xususiyatlari Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish mumkin emas. Mazkur hujjatlar yo'qolgan yoki emirilgan hollarda ular Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibidan chiqariladi. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari faqat tegishli vakilliklarning ruxsatiga binoan tasarrufdan chiqarilishi yoki universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o'tishi mumkin.   IV-BOB. ARXIVLARNI TAShKIL ETISh   16-modda. Arxivlarni tashkil etish shartlari Arxivlarni tashkil etish uchun arxiv hujjatlarini saqlash va ulardan foydalanish talablariga javob beradigan moddiy-texnik baza, shu jumladan, bino (xonalar), zarur jihozlar, muhofaza vositalari hamda yong'inga qarshi vositalar bo'lishi shart. Arxivlarning asosiy ish turlari bo'yicha vaqt va ishlab chiqarish namunaviy normalari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Mahfiy arxivlar tashkil etilishiga yo'l qo'yilmaydi.   17-modda. Arxivlarning turlari Arxivlar davlat va nodavlat arxivlari turlarida tashkil etilishi mumkin.   18-modda. Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.   19-modda. Idoraviy arxivlarni tashkil etish Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda idoraviy arxivlarni tashkil etishi mumkin.   V-BOB. ARXIV HUJJATLARINI JAMLASh, HISOBGA OLISh, SAQLASh VA ULARDAN FOYDALANISh   20-modda. Arxiv hujjatlarini jamlash Arxiv hujjatlarini jamlash arxivlar, idoraviy arxivlar va jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini arxiv hujjatlari bilan to'ldirishni o'z ichiga oladi. Davlat arxivlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari, shuningdek ular tomonidan olingan yoki ularga nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar topshirgan arxiv hujjatlari bilan jamlanadi. Arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim bo'lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ro'yxatini tuzish tartibi Boshqarma tomonidan amalga oshiriladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Nodavlat arxivlar va jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari davlat mulki bo'lgan arxiv hujjatlari bilan jamlanishiga yo'l qo'yilmaydi. Jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari sotilayotganda davlat arxivlari imtiyozli sotib olish huquqiga ega bo'ladi. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib bo'yicha hujjatlarni jamlashi shart. Arxiv hujjatlarini jamlash tartibi tegishli vakloatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)   21-modda. Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasi Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasi hujjatlar yoki arxiv hujjatlarini saqlash uchun tanlab olish maqsadida ularning qimmatliligini belgilash bo'yicha chora-tadbirlar majmuini o'z ichiga oladi. Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini o'tkazish tartibi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)   22-modda. Arxiv hujjatlarini hisobga olish Arxiv hujjatlarini davlat hisobiga olish quyidagilarni o'z ichiga oladi: arxivlar va idoraviy arxivlarda hisobga olish hujjatlarini tuzish; arxivlar va idoraviy arxivlarda yig'ma hujjatlarni tuzish va ularni Boshqarmaga taqdim etish; Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritish. Arxivlar va idoraviy arxivlardagi hisobga olish hujjatlariga quyidagilar kiradi: hujjatlarning kelib tushish kitobi; arxiv fondlarining ro'yxati; arxiv fondi varag'i; arxiv ro'yxati; arxiv fondi yig'majildi. Arxiv hujjatlarini davlat hisobiga olish tartibi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini hisobga olish ular tomonidan mustaqil amalga oshiriladi.   23-modda. Arxiv hujjatlarini saqlash Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlarini, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini saqlash ular tomonidan mustaqil amalga oshiriladi. Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari doimiy (muddatsiz) saqlanishi lozim va ularni yo'q qilib tashlash taqiqlanadi. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini doimiy (muddatsiz) saqlash davlat arxivlari, muzeylari va kutubxonalarida, shuningdek ro'yxati tegishli vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadigan vazirliklar, davlat ko'mitalari va idoralarda amalga oshiriladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini vazirliklar, davlat qo'mitalari va idoralarda doimiy (muddatsiz) saqlash Boshqarma bilan kelishilgan idoraviy normativ hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash ushbu Qonunning 24-moddasida belgilangan muddatlar mobaynida amalga oshiriladi. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari arxivlar va idoraviy arxivlarda, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari tarkibida saqlanishi mumkin. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari, jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari arxivlar, muzeylar va kutubxonalarga depozitar saqlash uchun topshirilishi mumkin. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib bo'yicha hujjatlarni saqlashi shart. Arxiv hujjatlarini saqlash tartibi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)   24-modda. Arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlashning quyidagi muddatlari belgilanadi: davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xududiy bỹlimlari, respublika bo'ysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari - o'n  yil mobaynida; tuman va shahar bo'ysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari - besh yil mobaynida; ustav fondida davlat ulushi bo'lgan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, boshqa tashkilotlarning arxiv hujjatlari - o'n yil mobaynida; ilmiy, texnologik, konstruktorlik va patent hujjatlari - yigirma yil mobaynida; kapital qurilish bo'yicha loyiha hujjatlari - yigirma besh yil mobaynida; telemetrik hujjatlar - besh yil mobaynida; ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar, fotografiya plyonkalari - tayyorlangan vaqtidan boshlab uch yildan oshmagan muddat mobaynida; mashinada o'qiladigan hujjatlar - besh yil mobaynida. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari o'tgach ular belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi. Agar qonun hujjatlarida boshqacha hol nazarda tutilmagan bo'lsa, fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari, notarial harakatlar yozuvlari, shaxsiy tarkib bo'yicha hujjatlar, sud ishlari va xo'jalik kitoblari idoraviy arxivlarda etmish besh yil mobaynida saqlanishi lozim. Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari, notarial harakatlar yozuvlari, sud ishlari va xo'jalik kitoblarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari o'tgach ular belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.       25-modda. Arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta'minlash Arxivlar va idoraviy arxivlarda arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta'minlash arxivlar hamda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlarining zimmasiga yuklatiladi. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta'minlamayotgan mulkdorlar sud qaroriga binoan mazkur hujjatlarga bo'lgan mulk huquqidan mahrum etilishi mumkin, shundan so'ng bu hujjatlar saqlash uchun tegishli davlat arxiviga topshiriladi. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib bo'yicha hujjatlarning but saqlanishini ta'minlashi shart. Jismoniy shaxslar o'z shaxsiy arxiv hujjatlarining but saqlanishini mustaqil ravishda ta'minlaydi. Alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlarning sug'urta nusxalari yaratiladi. Arxiv hujjatlarini alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlar sirasiga kiritish tartibi, shuningdek sug'urta nusxalarni tayyorlash va saqlash tartibi tegishli vakillik organlari tomonidan belgilanadi.   26-modda. Arxiv hujjatlaridan foydalanish Arxiv hujjatlaridan foydalanish xizmat, ishlab chiqarish, ilmiy, madaniy, ma'rifiy, ta'lim maqsadida va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa maqsadlarda amalga oshiriladi. Arxiv hujjatlaridan foydalanuvchilar: arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibiga rioya qilishi; arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta'minlashi; arxiv hujjatlariga etkazilgan shikastlar yoki arxiv hujjatlaridagi etishmovchiliklar aniqlanganligi to'g'risida tezkor ravishda arxiv va idoraviy arxiv xodimlariga xabar berishi; arxiv hujjatlaridan olingan ma'lumotlarni buzib ko'rsatish yoki sohtalashtirishga yo'l qo'ymasligi shart. Arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)   27-modda. Arxiv hujjatlarini kirib ko'rish Arxivlar va idoraviy arxivlardagi arxiv hujjatlarini kirib ko'rish foydalanuvchiga ilmiy-ma'lumotnoma apparatini, shuningdek tegishli arxiv hujjatlari yoki ularning ko'chirma nusxalarini taqdim etish orqali ta'minlanadi. Arxivlar va idoraviy arxivlardagi arxiv hujjatlarini, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini kirib ko'rish ularning but saqlanishini ta'minlash maqsadida cheklanishi mumkin, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Fuqarolarning shaxsiy hayoti to'g'risidagi yoki ularning hayoti va xavfsizligiga tahdid tug'diruvchi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib ko'rishga doir cheklovlar arxiv hujjatlari tayyorlangan vaqtdan e’tiboran etmish besh yil muddatga belgilanadi. Ushbu muddatdan oldin mazkur hujjatlarni kirib ko'rishga fuqaroning o'zi tomonidan, uning vafotidan so'ng esa shu fuqaroning merosxo'rlari tomonidan ruxsat berilishi mumkin. Arxiv hujjatlarini kirib ko'rish tartibi va shartlari tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Arxiv hujjatlarining mahfiylik toifalari, shuningdek davlat siri va qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni o'z ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib ko'rishga doir cheklovlar tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)   28-modda. Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar Arxivlar va idoraviy arxivlar tegishli vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda xizmatlar ko'rsatadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ijtimoiy himoya qilish uchun zarur bo'lgan arxiv ma'lumotnomalarini, shuningdek tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga arxiv ma'lumotnomalarini va arxiv hujjatining ko'chirma nusxasini berish bepul amalga oshiriladi.   VI-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR   29-modda. Arxivlarni moliyalashtirish Davlat arxivlarini moliyalashtirish Qoraqalpog'iston Respublikasining Byudjeti mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Davlat arxivlarining pulli xizmatlar ko'rsatishdan va moliyalashtirishning boshqa manbalaridan olinadigan mablag'lari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda xodimlarni moddiy rag'batlantirishga yo'naltiriladi. Nodavlat arxivlarini moliyalashtirish ularning mulkdorlari mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.   30-modda. Arxiv ishi sohasidagi xalqaro hamkorlik Arxiv ishi sohasidagi xalqaro hamkorlik O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.   31-modda. Nizolarni hal etish Arxiv ishi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.   32-modda. Arxiv ishi to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Arxiv ishi to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.