AXBOROT-KUTUBXONA FAOLIYATI TO'G'RISIDA
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
07.07.2013 y. №166/XIII
AXBOROT-KUTUBXONA FAOLIYATI TO'G'RISIDA
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 2-modda. Axborot-kutubxona faoliyati to'g'risidagi qonun hujjatlari Axborot-kutubxona faoliyati to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Qoraqalpog'iston Respublikasining axborot-kutubxona faoliyati to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi. 3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: axborot-kutubxona resursi - moddiy ob’ektda matn, ovozli yozuv yoki tasvir tarzida qayd etilgan hamda identifikatsiyalash, saqlash va foydalanishni ta'minlash uchun rekvizitlarga ega bo'lgan axborot; axborot-kutubxona faoliyati - axborot-kutubxona muassasalarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona fondlarini shakllantirish va axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishni tashkil etish bo'yicha faoliyati; axborot-kutubxona fondi - tizimlashtirilgan axborot-kutubxona resurslarining majmui; axborot-kutubxona xizmati ko'rsatish - foydalanuvchilarning axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishini ta'minlash; yig'ma elektron katalog - axborot-kutubxona muassasalarining elektron kataloglari majmui; foydalanuvchi - axborot-kutubxona xizmati ko'rsatilishi uchun axborot-kutubxona muassasasida ro'yxatga olingan shaxs; elektron katalog - tizimlashtirilgan axborot-kutubxona resurslari ro'yxatining elektron shakli; elektron kutubxona - axborot-kutubxona fondining elektron shakli. 4-modda. Axborot-kutubxona faoliyatining asosiy vazifalari Axborot-kutubxona faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: foydalanuvchilarning axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishini ta'minlash; foydalanuvchilarning intellektual, ma'naviy-axloqiy, madaniy va ta'lim olish ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish; milliy madaniyatni tiklashga va yanada rivojlantirishga ko'maklashish, O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalqining tarixiy, ma'naviy va madaniy merosini saqlash; axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona resurslaridan o'zaro foydalanishni ta'minlash. 2-BOB. AXBOROT-KUTUBXONA FAOLIYaTI SOHASINING DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLINIShI 5-modda. Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va u axborot-kutubxona faoliyati sohasida maxsus vakolat bergan davlat organi (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. 6-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi vakolatlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi: axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlaydi; axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi; axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi; axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini belgilaydi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. 7-modda. Maxsus vakolatli davlat organi Maxsus vakolatli davlat organi: axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishida ishtirok etadi; axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi; axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi; axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlarni ishlab chiqadi hamda qabul qiladi; axborot-kutubxona resurslarini noyob va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslari sirasiga kiritish tartibini, shuningdek ularni saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi; axborot-kutubxona faoliyati sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi; yig'ma elektron katalogni shakllantirish va yuritish tartibini tasdiqlaydi. Maxsus vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. 8-modda. Axborot-kutubxona muassasalarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash Axborot-kutubxona muassasalarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash: ularning moliyaviy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash; axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga investitsiyalar jalb etish; axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshirishda soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlarni belgilash orqali amalga oshiriladi. 3-BOB. AXBOROT-KUTUBXONA TIZIMI 9-modda. Axborot-kutubxona tizimi hamda axborot-kutubxona muassasalarining turlari Axborot-kutubxona tizimi yagona tashkiliy va uslubiy ta'minot asosida faoliyat ko'rsatuvchi axborot-kutubxona muassasalari majmuidir. Axborot-kutubxona muassasasi mustaqil muassasa bo'lishi yoxud korxona, muassasa yoki tashkilotning tarkibiy bo'linmasi bo'lishi mumkin. Axborot-kutubxona muassasalariga quyidagilar kiradi: axborot-kutubxona markazlari; axborot-resurs markazlari; davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari; boshqa kutubxonalar (fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, tijorat tashkilotlarining kutubxonalari). Axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarining mazmuni va belgilangan maqsadiga ko'ra universal hamda maxsus axborot-kutubxona muassasalariga bo'linadi. Universal axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarini bilimning turli sohalari bo'yicha shakllantiradi va turli toifadagi foydalanuvchilarning axborotga bo'lgan ehtiyojlarini qanoatlantiradi. Maxsus axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarini bilimning bir yoki bir necha turdosh sohalari bo'yicha shakllantiradi va ayrim toifadagi foydalanuvchilarning axborotga bo'lgan ehtiyojlarini qanoatlantiradi. 10-modda. Axborot-kutubxona markazlari Axborot-kutubxona markazi Qoraqalpog'iston Respublikasida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etuvchi hamda amalga oshiruvchi universal axborot-kutubxona muassasasidir. Axborot-kutubxona markazi: axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini ta'minlaydi; elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi; tegishli hududda chiqariladigan nashrlarning majburiy nusxasini oladi; bibliografik, ilmiy-uslubiy va madaniy-ma'rifiy ishlarni bajaradi; tegishli hududda axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularni tashkiliy-uslubiy jihatdan ta'minlashni amalga oshiradi; yig'ma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi; axborot-kutubxona resurslaridan o'zaro foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi; boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi; tegishli hududda axborot-kutubxona muassasalarining depozitar saqlanadigan axborot-kutubxona resurslarini to'plashni amalga oshiradi va ularning hisobini yuritadi. Axborot-kutubxona markazlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Axborot-kutubxona markazlarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir. Axborot-kutubxona markazi to'g'risidagi nizom Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. 11-modda. Axborot-resurs markazlari Axborot-resurs markazlari davlat ta'lim muassasalari huzurida tashkil etilgan, o'quvchi yoshlarning, shuningdek aholining axborotga bo'lgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshiruvchi universal axborot-kutubxona muassasalaridir. Axborot-resurs markazlari: ta'lim muassasasining ixtisoslashuviga muvofiq asosan ilmiy-ta'limga oid mazmundagi axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini ta'minlaydi; elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi; shaxsning ma'naviy boy va barkamol ijodiy o'sishi uchun imkoniyatlar yaratgan holda o'zidagi va o'zidan uzoqdagi axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish asosida O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalqining tarixiy, ma'naviy va madaniy merosidan foydalanuvchilarni bahramand etadi; axborot-kutubxona resurslaridan o'zaro foydalanishni ta'minlaydi; boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi; yig'ma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi; madaniy, ta'lim, axborot dasturlari va loyihalarini hamda boshqa dasturlar va loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun ta'lim, ilmiy muassasalar va arxivlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, milliy madaniyat markazlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantiradi. Axborot-resurs markazlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Axborot-resurs markazlarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir. Axborot-resurs markazi to'g'risidagi namunaviy nizom Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. 12-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshiruvchi maxsus axborot-kutubxona muassasalaridir. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari: axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini ta'minlaydi; elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi; axborot-kutubxona resurslaridan o'zaro foydalanish uchun shart-sharoitlarni ta'minlaydi; boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi; yig'ma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari kutubxonalarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari to'g'risidagi nizomlar ushbu organlarning rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi. 13-modda. Boshqa kutubxonalar Boshqa kutubxonalar o'z muassislari tomonidan belgilanadigan tartibda axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshiruvchi universal yoki maxsus axborot-kutubxona muassasalaridir. Boshqa kutubxonalar: axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini ta'minlaydi; elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi; axborot-kutubxona resurslaridan o'zaro foydalanish uchun shart-sharoitlarni ta'minlaydi; boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi; yig'ma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi. Boshqa kutubxonalarning axborot-kutubxona fondi ularning muassislari mulkidir. Boshqa kutubxonalar to'g'risidagi nizomlar ularning muassislari tomonidan tasdiqlanadi. 14-modda. Axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish Axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 4-BOB. AXBOROT-KUTUBXONA FONDI 15-modda. Axborot-kutubxona fondini shakllantirish Axborot-kutubxona fondini shakllantirish axborot-kutubxona muassasasining maqsadlari va vazifalariga muvofiq uni jamlash, hisobga olish, ishlovdan o'tkazish, joylashtirish va saqlash orqali amalga oshiriladi. 16-modda. Axborot-kutubxona fondini jamlash Axborot-kutubxona fondi nashrlarni va boshqa axborot-kutubxona resurslarini sotib olish, ularga obuna bo'lish, ularni ayirboshlash, tekinga olish, shu jumladan, hadyaga olish hisobiga jamlanadi. 17-modda. Axborot-kutubxona fondini hisobga olish, ishlovdan o'tkazish, joylashtirish, saqlash va undan foydalanish Axborot-kutubxona fondini hisobga olish, ishlovdan o'tkazish, joylashtirish, saqlash va undan foydalanish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Axborot-kutubxona fondining nashrlar majburiy nusxasini olish hisobiga jamlanadigan, shuningdek noyob va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslarini o'z ichiga olgan qismi milliy madaniy boylik bo'lib, moddiy madaniy meros ob’ekti sifatida saqlanadi. Axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnika ta'minoti yomonlashuviga, ularni mehnatni muhofaza qilish talablariga, axborot-kutubxona fondlarini saqlash normalari va shart-sharoitlariga mos kelmaydigan binolarga ko'chirishga yo'l qo'yilmaydi. 5-BOB. FOYDALANUVChILARNING HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI 18-modda. Foydalanuvchilarning huquqlari Foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega: axborot-kutubxona muassasalariga kirish va axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish; o'z ehtiyojlariga mos tarzda axborotni erkin tanlab olish; ko'rsatiladigan xizmatlarning, shu jumladan, pulli xizmatlarning ro'yxati hamda ularni ko'rsatish shartlari haqida axborot olish; so'ralayotgan axborot-kutubxona resurslarining mavjudligi haqida axborot olish. Foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin. 19-modda. Foydalanuvchilarning majburiyatlari Foydalanuvchilar: axborot-kutubxona muassasalarida foydalanish qoidalariga rioya etishi; axborot-kutubxona resurslariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lishi, ularning yo'qolishiga yoki buzilishiga yo'l qo'ymasligi, zarar etkazilgan taqdirda esa belgilangan tartibda uning o'rnini qoplashi; axborot-kutubxona muassasalari ishining sifatini pasaytirishga qaratilgan xatti-harakatlar qilmasligi shart. Foydalanuvchilar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin. 20-modda. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmati ko'rsatish Jismoniy imkoniyatlari cheklangan foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmati ko'rsatish axborot-kutubxona muassasalarida maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda axborot yozilgan maxsus jismlarda axborot-kutubxona resurslarini taqdim etish orqali amalga oshiriladi. 6-BOB. AXBOROT-KUTUBXONA MUASSASALARINI MOLIYaLAShTIRISh. AXBOROT-KUTUBXONA MUASSASALARINING BIRLAShMALARI. XALQARO HAMKORLIK 21-modda. Axborot-kutubxona muassasalarini moliyalashtirish Axborot-kutubxona muassasalarini moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi: O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti mablag'lari; muassislarning mablag'lari; pulli xizmatlar ko'rsatishdan olinadigan mablag'lar; qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. 22-modda. Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari Axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda birlashmalar tuzishi mumkin. Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari: axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga ko'maklashadi; axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi; axborot-kutubxona faoliyati to'g'risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi; axborot-kutubxona muassasalari kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda ishtirok etadi. Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. 23-modda. Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlik Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlik amaldagi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi. 7-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR 24-modda. Nizolarni hal etish Axborot-kutubxona faoliyati sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi. 25-modda. Axborot-kutubxona faoliyati to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Axborot-kutubxona faoliyati to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.