AXBOROT OLISH KAFOLATLARI VA ERKINLIGI TO'G'RISIDA
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
25.06.1997 y. №265/I
AXBOROT OLISH KAFOLATLARI VA ERKINLIGI TO'G'RISIDA
Ushbu Qonunga qo'yidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan: 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni 1-modda. Qonunning maqsadi Ushbu Qonun har kimning axborotni erkin va moneliksiz olish yoki berishga, izlashga va tadqiq etishga yoxud tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi. 2-modda. Axborot olish kafolatlari va erkinligi to'g'risidagi qonun hujjatlari Axborot olish kafolatlari va erkinligi to'g'risidagi qonun hujjatlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyasidan, ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat. 3-modda. Axborot olish kafolatlari Har bir fuqaroning axborot olish huquqi kafolatlanadi. Har kimning axborotni izlash, olish, tadqiq etish, uzatish va tarqatish huquqi davlat tomonidan himoya qilinadi. 4-modda. Axborot olish erkinligining asosiy printsiplari Axborot olish erkinligining asosiy printsiplari axborotning oshkoraligi, hamma olishi mumkinligi, ochiqligi va haqqoniyligidan iboratdir. 5-modda. Axborot olishga doir so'rov Har kim axborot olishni so'rab bevosita o'zi yoxud qonuniy vakillari orqali murojaat etish huquqiga ega. 6-modda. So'rovning shakllari va uni qarab chiqish muddatlari Axborot olishga doir so'rov og'zaki, yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda ifodalanishi mumkin. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Yozma so'rovda murojaat etuvchining ismi, otasining ismi, familiyasi, manzili, so'ralayotgan axborotning nomi yoki xususiyati ko'rsatiladi. Yozma so'rovda murojaat etuvchining elektron manzili ko'rsatilishi mumkin. Yozma so'rovda elektron manzilning ko'rsatilganligi murojaat etuvchining so'rovga axborot tizimi orqali elektron shaklda javob olishga bo'lgan roziligidir. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Yozma so'rovlar, shu jumladan elektron hujjat tarzida yuboriladigan so'rovlar ro'yxatdan o'tkazilishi shart. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) So'rovga iloji boricha qisqa muddatda, agar qonun hujjatlarida boshqa hol nazarda tutilgan bo'lmasa, so'rov olingan sanadan boshlab o'n besh kundan kechiktirmay javob qaytarilishi kerak. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Og'zaki so'rovga, imkoniyatga qarab, darhol javob berilishi shart. Agar so'rov tushgan organ yoki mansabdor shaxs so'ralayotgan axborotga ega bo'lmasa, murojaat etuvchiga bu haqda so'rov olingan sanadan boshlab etti kundan kechiktirmay ma'lum qilishi, shuningdek imkoniyatga qarab, unga bunday axborotga ega bo'lgan organning yoki mansabdor shaxsning nomini ma'lum qilishi shart. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) 7-modda. Axborot olishni ta'minlash Davlat organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga o'zining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo'lgan qonun hujjatlari bilan, shuningdek hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishga majburdir. Axborot olish imkoniyati tegishli materiallarni e’lon qilish va tarqatish yo'li bilan ta'minlanadi. 8-modda. Axborot berish va unga haq to'lash Murojaat etuvchining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborot uning so'roviga binoan tekinga beriladi. Boshqa axborotni berganlik uchun tomonlarning kelishuviga muvofiq haq olinishi mumkin. 9-modda. Taqdim etilishi mumkin bo'lmagan axborot Davlat organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar davlat siri yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirdan iborat axborotni berishlari mumkin emas. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) 10-modda. Axborot manbaini oshkor etmaslik Ommaviy axborot vositalari axborot manbaini va taxallusini qo'ygan muallifning kimligini uning roziligisiz oshkor etishga haqli emas. Axborot manbai yoki muallifning kimligi faqat sud qarori bilan oshkor etiladi. 11-modda. Axborotning to'g'riligi uchun javobgarlik Ommaviy axborot vositalari e’lon qilinayotgan axborotning to'g'riligini tekshirib ko'rishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to'g'riligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar. 12-modda. Shikoyat qilish huquqi Davlat organlarining, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, jamoat birlashmalarining, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning fuqarolarning axborot olishga doir huquqlarini kamsituvchi xatti-harakatlari yoki harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. 13-modda. Axborot olish huquqini buzganlik uchun javobgarlik Axborot olish huquqining buzilishida aybdor bo'lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar. 14-modda. Axborot olish kafolatlari va erkinligi sohasidagi xalqaro shartnomalar Agar Qoraqalpog'iston Respublikasining xududidagi xarakatdagi xalqaro shartnomasida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.