AXBOROT ERKINLIGI PRINTSIPLARI VA KAFOLATLARI TO'G'RISIDA
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
12.11.2003 y. №221/II
AXBOROT ERKINLIGI PRINTSIPLARI VA KAFOLATLARI TO'G'RISIDA
Ushbu Qonunga qo'yidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan: 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni 1-modda. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari Ushbu Qonunning asosiy vazifalari axborot erkinligi printsiplari va kafolatlariga rioya etilishini, har kimning axborotni erkin va moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, foydalanish va saqlash huquqlari ro'yobga chiqarilishini, shuningdek axborotning muhofaza qilinishini ta'minlashdan iborat. 2-modda. Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlari Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Qoraqalpog'iston Respublikasining axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi. 3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: axborot - manbalari va taqdim etilish shaklidan qat’i nazar shaxslar, predmetlar, faktlar, voqealar, hodisalar va jarayonlar to'g'risidagi ma'lumotlar; axborot mulkdori - o'z mablag'iga yoki boshqa qonuniy yo'l bilan olingan axborotga egalik qiluvchi, undan foydalanuvchi va uni tasarruf etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) axborotni muhofaza etish - axborot borasidagi xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari; axborot resurslari - alohida hujjatlar, hujjatlarning alohida to'plamlari, axborot tizimlaridagi (axborot-kutubxona muassasalaridagi, arxivlardagi, idoraviy arxivlardagi, fondlardagi, ma'lumotlar banklaridagi va boshqa axborot tizimlaridagi) hujjatlar va hujjatlarning to'plamlari; (QR 26.12.2018 y. 225/XXIV-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) axborot sohasi - sub’ektlarning axborotni yaratish, qayta ishlash va undan foydalanish bilan bog'liq faoliyati sohasi; axborot borasidagi xavfsizlik - axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining himoyalanganlik holati; axborot egasi - qonunda yoki axborot mulkdori tomonidan belgilangan huquqlar doirasida axborotga egalik qiluvchi, undan foydalanuvchi va uni tasarruf etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) maxfiy axborot - foydalanilishi qonun hujjatlariga muvofiq cheklab qo'yiladigan hujjatlashtirilgan axborot; ommaviy axborot - cheklanmagan doiradagi shaxslar uchun mo'ljallangan hujjatlashtirilgan axborot, bosma, audio, audiovizual hamda boshqa xabarlar va materiallar; hujjatlashtirilgan axborot - identifikatsiya qilish imkonini beruvchi rekvizitlari qo'yilgan holda moddiy jismda qayd etilgan axborot. 4-modda. Axborot erkinligi Qoraqalpog'iston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har kim axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqiga ega. Axborot olish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq va erkinliklari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy qadriyatlari, mamlakatning ma'naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish, xavfsizligini ta'minlash maqsadida cheklanishi mumkin. 5-modda. Axborot erkinligining asosiy printsiplari Ochiqlik va oshkoralik, hamma erkin foydalanishi mumkinligi va haqqoniylik axborot erkinligining asosiy printsiplaridir. 6-modda. Axborotning ochiqligi va oshkoraligi Axborot ochiq va oshkora bo'lishi kerak, maxfiy axborot bundan mustasno. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Maxfiy axborotga quyidagilar kirmaydi: fuqarolarning huquq va erkinliklari, ularni ro'yobga chiqarish tartibi to'g'risidagi, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomini belgilovchi qonun hujjatlari; ekologik, meteorologik, demografik, sanitariya-epidemiologik, favqulodda vaziyatlar to'g'risidagi ma'lumotlar hamda aholining, aholi punktlarining, ishlab chiqarish ob’ektlari va kommunikatsiyalarning xavfsizligini ta'minlash uchun zarur bo'lgan boshqa axborotlar; kutubxonalarning, arxivlarning va Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida faoliyat ko'rsatayotgan yuridik shaxslarga tegishli axborot tizimlarining ochiq fondlaridagi mavjud ma'lumotlar. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari jamiyat manfaatlariga taalluqli voqealar, faktlar, hodisalar va jarayonlar to'g'risida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga xabar berishi shart. 7-modda. Axborotdan hamma erkin foydalanishi mumkinligi va uning haqqoniyligi Axborot undan hamma erkin foydalanishi mumkinligi ta'minlangan va haqqoniy bo'lishi kerak. Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi. Ommaviy axborot vositalari o'zlari tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar. Axborot mulkdori, egasi axborot berishni rad etganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. 8-modda. Axborot erkinligi kafolatlari Davlat har kimning axborotni izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqini himoya qiladi. Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab axborot olish huquqi cheklanishiga yo'l qo'yilmaydi. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har kimga o'zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo'lgan axborot bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta'minlab berishga, maqbul axborot resurslari yaratishga, foydalanuvchilarni fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlariga, ularning xavfsizligiga doir hamda jamiyat manfaatlariga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan axborot bilan ommaviy tarzda ta'minlashga majburdirlar. Qoraqalpog'iston Respublikasida tsenzuraga va axborotni monopollashtirishga yo'l qo'yilmaydi. 9-modda. Axborot olish tartibi Har kim axborot olish uchun bevosita yoki vakillari orqali yozma yoxud og'zaki so'rov bilan murojaat etish huquqiga ega. Yozma so'rovda murojaat etuvchining ismi, otasining ismi, familiyasi, manzili (yuridik shaxslarning esa rekvizitlari) hamda so'ralayotgan axborotning nomi yoki xususiyati ko'rsatilishi lozim. So'rovlar belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilishi kerak. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Yozma so'rovda murojaat etuvchining elektron manzili ko'rsatilishi mumkin. Yozma so'rovda elektron manzilning ko'rsatilganligi murojaat etuvchining so'rovga axborot tizimi orqali elektron shaklda javob olishga bo'lgan roziligidir. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Yozma so'rovga, shu jumladan elektron hujjat tarzida yuborilgan so'rovga imkon qadar qisqa muddatda, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo'lmasa, so'rov olingan sanadan e’tiboran o'n besh kundan kechiktirmay javob berilishi kerak. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Og'zaki so'rovga, imkoniyatga qarab, darhol javob berilishi kerak. So'ralayotgan axborotni ushbu moddaning to'rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatda taqdim etishning iloji bo'lmagan taqdirda axborot olish uchun murojaat etgan shaxsga uni taqdim etish kechiktirilganligi to'g'risida xabar yuboriladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) So'ralayotgan axborotni taqdim etishni kechiktirish so'rov berilgan sanadan e’tiboran ikki oydan ortib ketmasligi lozim. Taqdim etish kechiktirilganligi to'g'risidagi xabar axborot so'rab murojaat etgan shaxsga so'rov olingan sanadan e’tiboran bir hafta muddat ichida yuboriladi. Taqdim etish kechiktirilganligi to'g'risidagi xabarda kuyidagilar ko'rsatilishi kerak: so'ralayotgan axborotni vaqtida taqdim eta olmaslik sabablari; so'ralayotgan axborot taqdim etiladigan sana. Agar so'rov tushgan organ yoki mansabdor shaxs so'ralayotgan axborotga ega bo'lmasa, axborot so'rab murojaat etgan shaxsga so'rov olingan sanadan e’tiboran besh kundan kechiktirmay bu haqda ma'lum qilishi shart. Axborot berganlik uchun belgilangan tartibda haq olinishi mumkin. 10-modda. Axborot berishni rad etish Agar so'ralayotgan axborot maxfiy bo'lsa yoki uni oshkor etish natijasida shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar etishi mumkin bo'lsa, axborotni berish rad etilishi mumkin. So'ralayotgan axborotni berish rad etilganligi to'g'risidagi xabar so'rov bilan murojaat etgan shaxsga so'rov olingan sanadan e’tiboran besh kunlik muddat ichida yuboriladi. Rad etish to'g'risidagi xabarda so'ralayotgan axborotni berish mumkin emasligi sababi ko'rsatilishi kerak. Maxfiy axborot mulkdori, egasi axborotni so'rayotgan shaxslarni bu axborotni olishning amaldagi cheklovlari to'g'risida xabardor etishi shart. Axborot berilishi qonunga xilof ravishda rad etilgan shaxslar, shuningdek o'z so'roviga haqqoniy bo'lmagan axborot olgan shaxslar o'zlariga etkazilgan moddiy zararning o'rni qonunda belgilangan tartibda qoplanishi yoki ma'naviy ziyon kompensatsiya qilinishi huquqiga ega. 11-modda. Axborotni muhofaza etish Har qanday axborot, agar u bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo'lish axborot mulkdori, egasi, axborotdan foydalanuvchi va boshqa shaxsga zarar etkazishi mumkin bo'lsa, muhofaza etilmog'i kerak. Axborotni muhofaza etish: shaxs, jamiyat va davlatning axborot sohasidagi xavfsizligiga tahdidlarning oldini olish; axborotning maxfiyligini ta'minlash, tarqalishi, o'g'irlanishi, yo'qotilishining oldini olish; axborotning buzib talqin etilishi va soxtalashtirilishining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi. 12-modda. Axborot xavfsizligini ta'minlash sohasidagi davlat siyosati Axborot xavfsizligini ta'minlash sohasidagi davlat siyosati axborot sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo'ladi hamda shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta'minlash sohasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining asosiy vazifalari hamda faoliyat yo'nalishlarini, shuningdek fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining, fuqarolarning o'rni va ahamiyatini belgilaydi. 13-modda. Shaxsning axborot borasidagi xavfsizligi Shaxsning axborot borasidagi xavfsizligi uning axborotdan erkin foydalanishi zarur sharoitlari va kafolatlarini yaratish, shaxsiy hayotiga taalluqli sirlarini saqlash, axborot vositasida qonunga xilof ravishda ruhiy ta'sir ko'rsatilishidan himoya qilish yo'li bilan ta'minlanadi. Jismoniy shaxslarga taalluqli shaxsiy ma'lumotlar maxfiy axborot toifasiga kiradi. Jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi so'zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to'plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo'l qo'yilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno. Jismoniy shaxslar to'g'risidagi axborotdan ularga moddiy zarar va ma'naviy ziyon etkazish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ro'yobga chiqarilishiga to'sqinlik qilish maqsadida foydalanish taqiqlanadi. Fuqarolar to'g'risida axborot oluvchi, bunday axborotga egalik qiluvchi hamda undan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar bu axborotdan foydalanish tartibini buzganlik uchun qonunda nazarda tutilgan tarzda javobgar bo'ladilar. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Ommaviy axborot vositalari axborot manbaini yoki taxallusini qo'ygan muallifni ularning roziligisiz oshkor etishga haqli emas. Axborot manbai yoki muallif nomi faqat sud qarori bilan oshkor etilishi mumkin. 14-modda. Jamiyatning axborot borasidagi xavfsizligi Jamiyatning axborot borasidagi xavfsizligiga quyidagi yo'llar bilan erishiladi: demokratik fuqarolik jamiyati asoslari rivojlantirilishini, ommaviy axborot erkinligini ta'minlash; qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta'sir ko'rsatishga, uni chalg'itishga yo'l qo'ymaslik; jamiyatning ma'naviy, madaniy va tarixiy boyliklarini, mamlakatning ilmiy va ilmiy-texnikaviy salohiyatini asrash hamda rivojlantirish; milliy o'zlikni anglashni izdan chiqarishga, jamiyatni tarixiy va milliy an’analar hamda urf-odatlardan uzoqlashtirishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni buzishga qaratilgan axborot ekspansiyasiga qarshi harakat tizimini barpo etish. 15-modda. Davlatning axborot borasidagi xavfsizligi Davlatning axborot borasidagi xavfsizligi quyidagi yo'llar bilan ta'minlanadi: axborot sohasidagi xavfsizlikka tahdidlarga qarshi harakatlar yuzasidan iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy va boshqa tusdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish; davlat sirlarini saqlash va davlat axborot resurslarini ulardan ruxsatsiz tarzda foydalanilishidan muhofaza qilish; Qoraqalpog'iston Respublikasining jahon axborot makoniga va zamonaviy telekommunikatsiyalar tizimlariga integratsiyalashuvi; Qoraqalpog'iston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo'rlik bilan o'zgartirishga, hududiy yaxlitligini, suverenitetini buzishga, hokimiyatni bosib olishga yoki qonuniy ravishda saylab qo'yilgan yoxud tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga va davlat tuzumiga qarshi boshqacha tajovuz qilishga ochiqdan-ochiq da'vat etishni o'z ichiga olgan axborot tarqatilishidan himoya qilish; urushni va zo'ravonlikni, shafqatsizlikni targ'ib qilishni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovat uyg'otishga qaratilgan, terrorizm va diniy ekstremizm g'oyalarini yoyishni o'z ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish. 16-modda. Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlarning buzganlik uchun javobgarlik Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.