O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini (keyingi o‘rinlarda — ochiq muloqot) yuqori saviyada tashkil qilish maqsadida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda;
hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda — hududiy ishchi guruhlar) 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tuzilsin.
ochiq muloqotni yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlarni tezkor va sifatli amalga oshirish, bu borada ekspert guruhlari, hududiy ishchi guruhlar, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish;
tadbirkorlar murojaatlari va takliflarini tunu kun qabul qilish va umumlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, tadbirkorlarning alohida masalalarini joylarda tezkorlik bilan hal qilishni tashkil etish;
hududlarda tadbirkorlar bilan muloqot haftaliklarini tashkil etish, ochiq muloqotni o‘tkazish joyi va muddati bo‘yicha takliflar va ishtirokchilar ro‘yxatini shakllantirish hamda Tadbirkorlar kunini keng nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash.
ochiq muloqot doirasida tadbirkorlar murojaatlarini tunu kun qabul qilish va umumlashtirish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar xodimlaridan iborat Respublika shtabi, shuningdek, hududiy ishchi guruhlar va 3-ilovaga muvofiq yo‘nalishlar bo‘yicha ekspert guruhlarini tashkil etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi (keyingi o‘rinlarda — Jamoatchilik kengashi), vazirlik va idoralar rahbarlari, salohiyatli investor va tadbirkorlar ishtirokida matbuot anjumanlari, davra suhbatlari, muloqot haftaliklarini tashkil qilish, infografika va videoroliklar tayyorlash bo‘yicha mediarejani tasdiqlasin;
b) har yili 15-iyulga qadar ochiq muloqot o‘tkazish joyi, muddati va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Savdo-sanoat palatasi mediarejaga asosan ochiq muloqot doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalarini ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq har yili 15-iyundan boshlab ochiq muloqot o‘tkazilgunga qadar:
maxsus elektron platformalar, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Call-markaz xizmati, ijtimoiy tarmoqlar va sayyor qabullar orqali tadbirkorlarning murojaatlari tunu kun qabul qilinishini tashkil etadi;
har kuni tadbirkorlar murojaatlarini ekspert guruhlari va hududiy ishchi guruhlarga yuboradi hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi yig‘ma ma’lumotlarni Respublika komissiyasiga taqdim etib boradi;
har hafta tadbirkorlar murojaatlari asosida aniqlangan tizimli muammolarni Jamoatchilik kengashida muhokama qilib, ularning yechimlari bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Respublika komissiyasiga kiritib boradi;
b) ekspert guruhlari tadbirkorlar murojaatlari asosida aniqlangan tizimli muammolarni tahlil qilib, har hafta ularning yechimi bo‘yicha takliflarni Respublika shtabiga kiritib boradi;
har kuni tadbirkorlardan kelib tushgan individual xususiyatga ega masalalar joyida hal qilinishini ta’minlaydi;
har hafta biriktirilgan hududning har bir tumani (shahri)ga chiqqan holda, tadbirkorlar bilan sayyor qabullar tashkil etadi, aniqlangan tizimli muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni Respublika shtabiga kiritib boradi.
Respublika komissiyasi (J. Qo‘chqorov, J. Xodjayev) Respublika shtabi, ekspert guruhlari va hududiy ishchi guruhlar ishiga mas’uliyatsizlik bilan munosabatda bo‘lgan xodimlarga nisbatan tegishli intizomiy choralar ko‘rilishini ta’minlasin.
a) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda ochiq muloqot doirasida murojaatlarni qabul qilish, umumlashtirish va nazorat qilish, shuningdek, ochiq muloqot natijalari, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini joylashtirib borish imkonini beruvchi “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasini (keyingi o‘rinlarda — elektron platforma) ishga tushirsin;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
har yili 15-iyunga qadar Respublika shtabi, ekspert guruhlari va hududiy ishchi guruhlarni joylashtirish va ularni zarur moddiy-texnik jihozlar bilan ta’minlash masalasini hal qilsin;
har yili 1-avgustga qadar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan namuna bo‘layotgan tadbirkorlar orasidan nomzodlar ro‘yxatini o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga kiritsin.
6. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (D. Qosimov) Savdo-sanoat palatasi (D. Vahobov) bilan birgalikda bir oy muddatda elektron platformaga “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portalini integratsiya qilsin, muntazam ravishda ochiq muloqot doirasida kelib tushgan murojaatlar o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini nazorat qilsin hamda qonunbuzilish holatlari bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rib borsin.
7. Respublika komissiyasi (J. Qo‘chqorov, J. Xodjayev) har yili ochiq muloqot o‘tkazilgandan so‘ng uch kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qaror loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2024-yildagi ochiq muloqoti Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
10. Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024-yil avgust oyida xalqaro biznes forum tashkil etilishi, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan hamkorlikda salohiyatli investorlarni jalb etib, kelishuvlar amalga oshirilishini ta’minlasin;
joriy yil yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan hamkorlikda “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi doirasida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar brendlarini jalb qilish choralarini ko‘rsin.
11. Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining 2024-yilda ochiq muloqot va xalqaro biznes forumni tashkil qilish bilan bog‘liq xarajatlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining asoslantirilgan hisob-kitoblari asosida Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi, Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hamda Savdo-sanoat palatasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov, J.A. Xodjayev, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.S. Qosimov va Savdo-sanoat palatasi raisi D.A. Vahobov belgilansin.