QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
29.05.2004 y. №264/II
JAMOAT FONDLARI TO'G'RISIDA
Ushbu Qonunga qo'yidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan:
25.04.2009 y. 240/III-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni
22.05.2010 y. 31/II-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni
28.12.2013 y. 187/XIV-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni
28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni
18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni
- UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi jamoat fondlarining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Jamoat fondlari to'g'risidagi qonun hujjatlari
Jamoat fondlari to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Qoraqalpog'iston Respublikasining jamoat fondlari to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.
3-modda. Jamoat fondi tushunchasi
Yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar tomonidan ixtiyoriy mulkiy badallar qo'shish asosida tashkil etilgan, xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma'rifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko'zlaydigan, a'zoligi bo'lmagan nodavlat notijorat tashkiloti jamoat fondi (bundan buyon matnda fond deb yuritiladi) deb e’tirof etiladi.
4-modda. Fondlarning turlari
Qoraqalpog'iston Respublikasida respublika fondlari hamda mahalliy fondlar tashkil etiladi va faoliyat ko'rsatadi.
Faoliyatini o'z ustaviga muvofiq Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida amalga oshiradigan fondlar respublika fondlari jumlasiga kiradi.
Faoliyatini o'z ustaviga muvofiq tuman(lar), shahar(lar) hududida amalga oshiradigan fondlar mahalliy fondlar jumlasiga kiradi.
5-modda. Fondning vakolatxonalari va filiallari
Fond Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida va boshqa davlatlarda vakolatxonalar ochishi hamda filiallar tashkil etishi mumkin.
Fondning vakolatxonasi fondning o'zi turgan erdan tashqarida joylashgan hamda uning manfaatlarini ifodalaydigan va himoya qiladigan alohida bo'linmasidir.
Fondning filiali fondning u turgan erdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan vakolatxona vazifalarini bajaradigan alohida bo'linmasidir.
Fondning vakolatxonalari va filiallari fond nomidan ish ko'radi hamda ustavda belgilangan maqsad va vazifalarning amalga oshirilishi uchun fond oldida mas’uldir.
Vakolatxonalar va filiallarni fond mol-mulk bilan ta'minlaydi.
Vakolatxonalar va filialning mol-mulki alohida balansda hamda fondning balansida hisobga olinadi.
Fondning vakolatxonalari va filiallari fond boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan ustav asosida faoliyat ko'rsatadi.
(QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
6-modda. Xalqaro va chet el fondlarining vakolatxonalari va filiallari
Xalqaro va chet el fondlari Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq o'z vakolatxonalarini ochishi va filiallarini tashkil etishi mumkin.
Bosh tashkiloti O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan xalqaro fondlarning va Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida faoliyat ko'rsatayotgan chet el fondlarining vakolatxonalari va filiallari yuridik shaxs maqomiga ega bo'lishi kerak.
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
Xalqaro va chet el fondlarining Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida faoliyat ko'rsatayotgan vakolatxonalari va filiallariga, qonunda boshqacha qoidalar belgilangan bo'lmasa, fondlarning tashkil etilishi, faoliyat yuritishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi uchun O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan qoidalar tatbiq etiladi.
(QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
7-modda. Fondlarning faoliyati kafolatlari
Qoraqalpog'iston Respublikasida fondlarning faoliyat erkinligi, mulki daxlsizligi hamda ishchanlik nufuzi himoyasi kafolatlanadi.
Fondlarning mol-mulki natsionalizatsiya, rekvizitsiya qilinmaydi va musodara etilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
8-modda. Fondlarning davlat organlari bilan o'zaro munosabatlari
Fondlarning davlat organlari bilan o'zaro munosabatlari ijtimoiy sheriklik, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish asosida quriladi.
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
Davlat organlari fondlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta'minlaydilar, fondlarning ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlari va loyihalarini qo'llab-quvvatlashlari mumkin.
Davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining fondlar faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek fondlarning davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga aralashishiga yo'l qo'yilmaydi.
- FONDNI TAShKIL ETISh VA DAVLAT RO'YXATIDAN O'TKAZISh TARKIBI
9-modda. Fondni tashkil etish
Fond muassislarning (muassisning) qaroriga binoan yoki vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilishi mumkin.
10-modda. Fond muassislari (muassisi)
Bir yoki bir nechta yuridik va (yoki) jismoniy shaxs fond muassislari (muassisi) bo'lishi mumkin.
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
Fond muassislari (muassisi) fond ustavini tasdiqlaydi, fond vasiylik kengashi dastlabki tarkibining a'zolarini tayinlaydi hamda ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq o'zga vakolatlarni amalga oshiradi.
11-modda. Fondning vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilishi
Fond vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilganida vasiyatnomada fondning maqsad va vazifalari, unga o'tkazilayotgan mol-mulk hajmi ko'rsatilgan hamda vasiyatnomani ijro etuvchi belgilangan bo'lishi kerak. Vasiyatnomani ijro etuvchi fond vasiylik kengashi dastlabki tarkibining a'zolarini, agar ular vasiyatnomada nomma-nom ko'rsatilgan bo'lmasa, tayinlaydi, shuningdek fondning tashkil etilishi bilan bog'liq boshqa harakatlarni bajaradi.
Agar vasiyatnomani ijro etuvchi o'z zimmasiga yuklatilgan harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortsa yoki ularni amalga oshirishga qodir bo'lmasa, qonun hujjatlariga muvofiq vasiyatnomani ijro etuvchi yangi shaxs tayinlanadi.
12-modda. Fond ustavi
Fond ustavi fond muassislari (muassisi) tomonidan tasdiqlanadi.
Fond vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilgan taqdirda, fond ustavi vasiyatnomani ijro etuvchi tomonidan vasiyatnomaga muvofiq ravishda tuziladi.
Fond ustavida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:
“jamoat fondi” degan so'zlarni o'z ichiga olgan fondning nomi;
fondning joylashgan eri (pochta manzili);
fondning maqsad va vazifalari;
fond organlarining tuzilishi, vakolatlari va shakllantirilish tartibi;
fond organlarining mansabdor shaxslarini tayinlash (saylash) va lavozimidan ozod qilish tartibi;
fondning mol-mulkini shakllantirish manbalari, fondning, uning vakolatxonalari hamda filiallarining mol-mulkni boshqarish borasidagi huquq va majburiyatlari;
fond vakolatxonalarini ochish va filiallarini tashkil etish tartibi;
fondni qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
fond tugatilgan taqdirda uning mol-mulkidan foydalanish tartibi;
fond ustaviga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish tartibi.
Fond ustavida fondning tegishli tartibda ro'yxatdan o'tkazilgan ramziy belgisining tavsifi, shuningdek qonun hujjatlariga zid bo'lmagan boshqa qoidalar ham bo'lishi mumkin.
13-modda. Fondni davlat ro'yxatidan o'tkazish hamda uning vakolatxonalari va filiallarini qayd etish
Fondni davlat ro'yxatidan o'tkazish hamda uning vakolatxonalari va filiallarini qayd etish adliya organlari (bundan buyon matnda ro'yxatdan o'tkazuvchi organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Xalqaro, respublika fondlari, shuningdek bosh tashkiloti O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan xalqaro va chet el fondlarining vakolatxonalari va filiallari O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro'yxatdan o'tkaziladi.
Mahalliy fondlar, shuningdek O'zbekiston Respublikasida ro'yxatdan o'tkazilgan fondlarning vakolatxonalari va filiallari tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vazirligida ro'yxatdan o'tkaziladi.
Fondning yuridik shaxs bo'lmagan vakolatxonalari va filiallari Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vazirligida ro'yxatga olinishi shart.
(QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
14-modda. Davlat ro'yxatidan o'tkazish va qayd etishda talab qilinadigan hujjatlar
Fondni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun quyidagi hujjatlar ro'yxatdan o'tkazuvchi organga taqdim etiladi:
ro'yxatdan o'tkazish to'g'risidagi, muassislar (muassis) yoki ular (u) vakolat bergan shaxslar (shaxs) tomonidan imzolangan, ularning (uning) familiyasi, ismi, otasining ismi, tug'ilgan yili va yashash joyi (pochta manzili) ko'rsatilgan ariza;
agar fond vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilayotgan bo'lsa, vasiyatnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
ta'sis yig'ilishining (s’ezdi, konferentsiyasining) yoki muassisning (agar fond bir yuridik shaxs tomonidan tashkil etilayotgan bo'lsa) fond muassislari (muassisi) to'g'risidagi ma'lumotlar, fondning maqsad va vazifalari ko'rsatilgan qarori;
fond ustavi yoxud yuridik shaxs bo'lgan vakolatxona yoki filial to'g'risidagi nizom davlat tilida ikki nusxada;
joylashgan eri fondning pochta manzili sifatida foydalanilishi mo'ljallanayotgan ko'chmas mulkka bo'lgan mulk huquqini yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
fondni tashkil etish tashabbuskorlari yoxud uning muassislari to'g'risidagi ma'lumotlar;
bosh fondning davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnomaning nusxasi - vakolatxonalar va filiallar uchun;
davlat boji to'langanligi to'g'risidagi bank to'lov hujjati;
fondning dastlabki mablag'lari shakllantirilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan hujjatlar fondni tashkil etish to'g'risida muassislar (muassis) tomonidan qaror qabul qilingan kundan e’tiboran ikki oy ichida davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun taqdim etiladi. Agar fond vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilayotgan bo'lsa, mazkur hujjatlar merosga bo'lgan huquq to'g'risidagi guvohnoma berilganidan keyin ikki oy ichida taqdim etiladi.
Qo'shib yuborish va qo'shib olish shaklida qayta tashkil etish yo'li bilan tuzilayotgan fondlar qo'shimcha ravishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
qayta tashkil etilayotgan fondga ma'lum bo'lgan barcha kreditorlar yozma ravishda xabardor qilinganligining va qayta tashkil etish to'g'risida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganligining tasdiqnomasi;
qayta tashkil etilayotgan fondning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan barcha majburiyatlari, shu jumladan taraflar nizolashayotgan majburiyatlari bo'yicha huquqiy vorislik to'g'risidagi qoidalar ko'rsatilgan topshirish dalolatnomasi (qo'shib yuborilgan taqdirda);
davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnomaning asl nusxasi, shuningdek ichki ishlar organlarining fondning muhri va shtampi yo'q qilib tashlanganligi to'g'risidagi ma'lumotnomasi (qo'shib yuborilgan taqdirda).
Fondlarning yuridik shaxs bo'lmagan vakolatxonalari va filiallarini hisobga qo'yish uchun quyidagi hujjatlar ro'yxatdan o'tkazuvchi organga taqdim etiladi:
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi ariza;
bosh tashkilotning vakolatxonalar hamda filiallarni tuzish, tashkil etish va ular faoliyatini tugatish tartibini, ularning huquqlari va majburiyatlarini nazarda tutuvchi ustavining nusxasi yoki bosh tashkilotning ustaviga muvofiq ishlab chiqilgan, vakolatxona yoki filial to'g'risidagi, davlat tilidagi nizom ikki nusxada. Vakolatxona yoki filial to'g'risidagi nizom taqdim etilganda bosh tashkilot ustavining nusxasi ilova qilinadi;
fond markaziy rahbar organining vakolatxonani ochish yoki filialni tashkil etish to'g'risidagi qarori (bayonnomasi);
fond markaziy rahbar organining vakolatxona yoki filial rahbarini tayinlash to'g'risidagi qarorining nusxasi;
vakolatxona yoki filial rahbariga fondning markaziy rahbar organi tomonidan berilgan ishonchnomaning nusxasi;
fond davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnomaning nusxasi
(QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirish kiritilgan).
15-modda. Davlat ro'yxatidan o'tkazish va hisobga qo'yish to'g'risidagi qaror
Fondni davlat ro'yxatidan o'tkazish yoki uning yuridik shaxs bo'lmagan vakolatxonasi va filialini hisobga qo'yish uchun hujjatlarni qabul qilgan ro'yxatdan o'tkazuvchi organ davlat ro'yxatidan o'tkazish yoki hisobga qo'yish to'g'risida yoxud davlat ro'yxatidan o'tkazishni yoki hisobga qo'yishni rad qilish haqida bir oy ichida qaror chiqarishi shart.
Fondning hisobga qo'yilgan, yuridik shaxs bo'lmagan vakolatxonasi va filialiga ro'yxatdan o'tkazuvchi organ tomonidan hisobga qo'yilganligi to'g'risidagi guvohnoma hamda ro'yxatdan o'tkazuvchi organ muhri bilan tasdiqlangan, hisobga qo'yilganligi haqida belgi qo'yilgan vakolatxona yoki filial to'g'risidagi nizom beriladi.
(QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
16-modda. Davlat ro'yxatidan o'tkazish va hisobga qo'yishni rad qilish asoslari
Fondni davlat ro'yxatidan o'tkazish hamda fondning yuridik shaxs bo'lmagan vakolatxonasi va filialini hisobga qo'yish qonunda nazarda tutilgan hollarda rad qilinishi mumkin.
Davlat ro'yxatidan o'tkazishni yoki hisobga qo'yishni rad qilish asoslantirilgan bo'lishi kerak. Fondni, uning vakolatxonalari va filiallarini tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan davlat ro'yxatidan o'tkazish yoki hisobga qo'yishni rad etishga yo'l qo'yilmaydi.
Ro'yxatdan o'tkazuvchi organning fondni davlat ro'yxatidan o'tkazishni hamda uning yuridik shaxs bo'lmagan vakolatxonalari va filiallarini hisobga qo'yishni rad qilish to'g'risidagi qarori ustidan, shuningdek mazkur organning davlat ro'yxatidan o'tkazish va hisobga qo'yish muddatlarini buzganligi ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
(QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
17-modda. Fond ustaviga, fond vakolatxonalari hamda filiallarining nizomlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish
Fond ustaviga ustavning o'zida nazarda tutilgan tartibda o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritilishi mumkin.
Fond ustaviga kiritilayotgan o'zgartishlar va qo'shimchalar fondning vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi hamda ro'yxatdan o'tkazuvchi organga mazkur o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritilgan paytdan e’tiboran bir oylik muddatda ma'lum qilinadi. Fond ustaviga kiritilayotgan o'zgartishlar va qo'shimchalar fondni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta ro'yxatdan o'tkazishga sabab bo'ladi.
Fond vakolatxonalari va filiallarining nizomlariga kiritilayotgan o'zgartishlar va qo'shimchalar fond boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi hamda ro'yxatdan o'tkazuvchi organga mazkur o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritilgan paytdan e’tiboran bir oylik muddatda ma'lum qilinadi.
(QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
III. FONDNING HUQUQLARI VA MAJBURIYaTLARI
18-modda. Fondning huquqlari
Fond:
mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar asosida mol-mulkli bo'lishga;
fuqarolik-huquqiy bitimlar tuzishga;
xayriyalar, badallar, grantlar va boshqa mablag'lar olishga;
sudda, boshqa organlar va tashkilotlarda o'z manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilishga;
ommaviy axborot vositalari ta'sis etish va noshirlik faoliyatini amalga oshirishga;
o'z faoliyati to'g'risida ma'lumotlar tarqatishga;
vakolatxonalar ochish va filiallar tashkil etishga;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga belgilangan tartibda takliflar kiritishga;
xalqaro aloqalar o'rnatish, hamkorlik to'g'risida bitimlar tuzish hamda xalqaro dasturlar va loyihalarda ishtirok etishga haqli.
Fond qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
19-modda. Fondning majburiyatlari
Fond:
o'z faoliyatini qonun hujjatlariga va fondning ustaviga muvofiq amalga oshirishi;
fond faoliyatining oshkoraligini ta'minlashi va fondning mol-mulkidan foydalanilishi to'g'risida har yili hisobotlar e’lon qilishi;
ro'yxatdan o'tkazuvchi organ vakillariga fond o'tkazadigan tadbirlarga erkin kirish imkoniyatini berishi;
o'z faoliyati to'g'risida davlat soliq xizmati va davlat statistika organlariga hisobotlar taqdim etishi shart.
Fond zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
- FOND FAOLIYaTINING IQTISODIY ASOSI
20-modda. Fondning mol-mulki
Muassislar (muassis) yoki vasiyat qiluvchi tomonidan fondga o'tkazilgan pul mablag'lari va boshqa mol-mulk fondning mulkidir.
Binolar, inshootlar, turar joylar va boshqa imoratlar, asbob-uskunalar, inventar, pul mablag'lari, shu jumladan chet el valyutasidagi mablag'lar, qimmatli qog'ozlar va o'zga mol-mulk fondning mulki bo'lishi mumkin.
Fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi fondning majburiyatlari bo'yicha javob bermaydi, fond esa muassislarning (muassisning) yoki vasiyatnomani ijro etuvchining majburiyatlari bo'yicha javob bermaydi.
Fondning mol-mulki muassislar o'rtasida taqsimlanishi mumkin emas va undan faqat fond ustavida belgilangan maqsadlar hamda vazifalarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.
Fondning mol-mulkidan garov yoki majburiyatlar bajarilishini ta'minlashning boshqa usuli sifatida foydalanilishi, shuningdek kreditlar berish uchun foydalanilishi mumkin emas.
(QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
201-modda. Jamoat fondlarini tashkil etish uchun zarur bo'lgan dastlabki mablag'larning eng kam miqdori
Quyidagilarni tashkil etish uchun zarur bo'lgan dastlabki mablag'larning eng kam miqdori:
xalqaro va respublika jamoat fondlari uchun - eng kam ish haqining besh yuz baravari miqdorida;
mahalliy jamoat fondlari uchun - eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida bo'lishi kerak.
Jamoat fondlarining alohida bo'linmalari (vakolatxonalari va filiallari) uchun dastlabki mablag'larning eng kam miqdori mavjud bo'lishi talab etilmaydi.
Jamoat fondlarini tashkil etish uchun zarur bo'lgan dastlabki mablag'larning eng kam miqdori davlat ro'yxatidan o'tkazish paytida faqat pul shaklida shakllantirilgan bo'lishi lozim.
(QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
21-modda. Fondning mol-mulkini shakllantirish manbalari
Fondning mol-mulkini shakllantirish manbalari quyidagilar bo'lishi mumkin:
muassislar (muassis) tomonidan bir yo'la to'lanadigan (o'tkaziladigan) yoki muntazam kelib turadigan pul va boshqa tushumlar;
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
fond vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilgan taqdirda vasiyat qiluvchining fondga o'tkazilgan mol-mulki;
yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriyalari;
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
yuridik va jismoniy shaxslar, davlat, chet el va xalqaro tashkilotlar, chet davlatlar ajratadigan grantlar;
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
fondning tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar (foyda);
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
22-modda. Fondning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi
Fond qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan o'z ustavida belgilangan maqsadlarga to'g'ri keladigan doirada shug'ullanishi mumkin.
Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari fond tomonidan faqat litsenziya asosida amalga oshirilishi mumkin.
Fond tijorat tashkilotlarining ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etishga haqli emas, bundan ochiq savdolarda aktsiyadorlik jamiyatlarining aktsiyalarini sotib olish mustasno.
Fondning bir aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi mazkur aktsiyadorlik jamiyati ustav fondi (ustav kapitali) summasining yigirma foizidan ortiq bo'lishi mumkin emas. Bunda aktsiyadorlik jamiyatlarining olingan aktsiyalari umumiy summasi fond aktivlari balans qiymatining aktsiyadorlik jamiyatlari ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etish to'g'risidagi qaror qabul qilinayotgan sanadagi yigirma foizidan ortiq bo'lmasligi kerak.
(QR 28.12.2016 y. 119/XIII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
23-modda. Fondning o'ziga aloqador shaxslar bilan munosabatlari
Fondga aloqador shaxslar quyidagilardir:
fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi;
fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi bilan yaqin qarindoshchilik yoki quda-andachilik aloqalari bo'lgan shaxslar, shuningdek mazkur muassislarning (muassisning) yoki vasiyatnomani ijro etuvchining kreditorlari;
fond muassislari (muassisi) bo'lmish yuridik shaxslarning ishtirokchilari, kreditorlari, shuningdek ular bilan mehnatga oid munosabatlarda bo'lgan shaxslar;
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
ustav fondida (ustav kapitalida) fondning o'zi ishtirok etayotgan yuridik shaxslar va ularning xodimlari, shuningdek mazkur xodimlar bilan yaqin qarindoshchilik yoki quda-andachilik aloqalari bo'lgan shaxslar;
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
fond vasiylik kengashining a'zolari, fond boshqaruvining rahbari va a'zolari, fond taftish komissiyasining a'zolari, fondning boshqa xodimlari, shuningdek ular bilan yaqin qarindoshchilik yoki quda-andachilik aloqalari bo'lgan shaxslar.
Fondning o'ziga aloqador shaxslar bilan bitimlar tuzishiga, shuningdek ularning foydasini ko'zlab boshqa harakatlar sodir etishiga vasiylik kengashining roziligi bilan yo'l qo'yiladi.
Fond quyidagi hollarda o'ziga aloqador shaxslar bilan bitimlar tuzishga yoki ularning foydasini ko'zlab boshqa harakatlar sodir etishga haqli emas:
fondga aloqador shaxslar bilan bunday bitimlar tuzish yoki harakatlar sodir etish fondga aloqador bo'lmagan shaxslar bilan bo'lgandagiga nisbatan bir muncha qulay shartlarda amalga oshirilayotgan bo'lsa;
fondga aloqador shaxs fond vasiylik kengashining a'zosi bo'lsa.
24-modda. Fondning mol-mulkidan foydalanish
Fondning mol-mulkidan fond ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish hamda ma'muriy xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi.
Fondning ma'muriy xarajatlari fond tomonidan hisobot davrida fondni boshqarish uchun qilingan barcha xarajatlarni va birinchi navbatda uning aktivlarini asrash hamda saqlab turish uchun zarur xarajatlarni, fondning o'z ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun reklamaga sarflagan xarajatlarini, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq fond faoliyati bilan bog'liq xarajatlarni va to'lovlarni o'z ichiga oladi.
Har yilgi ma'muriy xarajatlarning jami summasi, shuningdek fondning vasiylik kengashi hamda taftish komissiyasi a'zolariga haq to'lash hamda ularning o'z vazifalarini bajarish bilan bog'liq xarajatlarini kompensatsiya qilish fond barcha xarajatlari summasining yigirma foizidan oshmasligi kerak. Mazkur cheklov homiylik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan shaxslarning mehnatiga haq to'lashga nisbatan qo'llanilmaydi.
(QR 25.04.2009 y. 240/III-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
Fondning mol-mulki fondga aloqador shaxslar o'rtasida taqsimlanishi mumkin emas.
Fondning mol-mulkini ko'paytirish uchun fondga mablag' kiritgan shaxslar mablag' berayotganda bu mablag'lardan belgilangan maqsadda foydalanilishi to'g'risida, shu jumladan fondni qayta tashkil etishda yoki tugatishda mablag'larni qaytarish shartlari to'g'risida fond bilan shartnomalar tuzishi mumkin.
25-modda. Fondda hisobga olish va hisobot
Fond o'z faoliyati natijalari hisobini yuritadi hamda belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlari va davlat statistika organlariga hisobot taqdim etadi.
Fond har yili oldingi yildagi o'z faoliyati to'g'risida quyidagilarni o'z ichiga olgan hisobot e’lon qiladi:
fondning hisobot davridagi faoliyati sharhini, bu faoliyat fondning ustavida belgilangan maqsad va vazifalarga muvofiqligi darajasini ko'rsatgan holda;
fondning yillik moliyaviy hisobotini, auditorlik tashkilotining xulosasini ko'rsatgan holda;
fond olgan ixtiyoriy xayriyalar to'g'risidagi ma'lumotlarni;
fondning tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlari (foydasi) to'g'risidagi ma'lumotlarni, bu daromadlarning (foydaning) kelib chiqish manbalarini alohida-alohida ko'rsatgan holda;
xarajatlar umumiy summasini, fond faoliyatining ayrim turlari bo'yicha va ma'muriy xarajatlar bo'yicha alohida-alohida ko'rsatgan holda;
fond ustavi va fond organlaridagi o'zgarishlar to'g'risidagi ma'lumotlarni;
fondning ustavida yoki fondning vasiylik kengashi tomonidan belgilangan boshqa ma'lumotlarni.
- FONDNI BOShQARISh
26-modda. Fondning vasiylik kengashi
Fondning vasiylik kengashi fondning organi bo'lib, u fond faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Fond vasiylik kengashining tarkibi kamida uch kishidan iborat bo'lishi kerak. Vasiylik kengashi dastlabki tarkibining a'zolari muassislar (muassis) tomonidan yoki fond vasiyatnoma bo'yicha tashkil etilgan bo'lsa, vasiyatnomada nazarda tutilgan tartibda tayinlanadi.
Fondning vasiylik kengashini tuzish, vasiylik kengashi yig'ilishlarini chaqirish va vasiylik kengashining qarorlarini qabul qilish tartibi fond ustavida belgilanadi.
Fond vasiylik kengashining a'zolari ayni bir vaqtning o'zida fondning boshqaruvi va taftish komissiyasiga a'zo bo'lishlari mumkin emas.
Fondning ustavida fond vasiylik kengashining a'zolariga haq to'lash va ularning o'z vazifalarini bajarish bilan bog'liq xarajatlarini kompensatsiya qilish nazarda tutilishi mumkin.
27-modda. Fond vasiylik kengashining vakolatlari
Fond vasiylik kengashining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
fond faoliyati ustidan hamda ushbu faoliyat qonun hujjatlari va fond ustaviga, fond vasiylik kengashining qarorlariga muvofiq bo'lishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
fond ustaviga kiritiladigan o'zgartishlar va qo'shimchalarni tasdiqlash;
fondning boshqaruvi va taftish komissiyasini tuzish;
fondning pul mablag'lari va boshqa mol-mulkidan foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
fond byudjetini tasdiqlash;
fondning yillik balansini, yillik moliyaviy hisobotini, shu jumladan fond boshqaruvining o'z faoliyati to'g'risidagi hisobotini tasdiqlash;
fond faoliyatini navbatdan tashqari tekshirish uchun auditorlik tashkilotini jalb etish to'g'risida qaror qabul qilish;
fond boshqaruvining fond ustavida belgilangan maqsad va vazifalarga zid bo'lgan qarorlari ijrosini to'xtatib qo'yish yoki ularni bekor qilish;
fondni qayta tashkil etish to'g'risida qaror qabul qilish.
Fondning ustavida fond vasiylik kengashining vakolatlariga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
Fond vasiylik kengashining vakolatlariga kiritilgan masalalar hal etish uchun fondning boshqaruvi yoki taftish komissiyasiga o'tkazilishi mumkin emas.
Fondning vasiylik kengashi fondning boshqa organlaridan fond faoliyatiga taalluqli hujjatlarni talab qilish va olishga haqli.
Fond vasiylik kengashining qarorlari fondning boshqaruvi va boshqa organlari, fond xodimlari uchun majburiy hisoblanadi.
28-modda. Fond boshqaruvi
Fond boshqaruvi fondning ijroiya organidir. Fond boshqaruvining tarkibi fond vasiylik kengashi tomonidan shakllantiriladi.
Fond boshqaruvining rahbari va a'zolari fond vasiylik kengashi va taftish komissiyasining a'zolari bo'lishi mumkin emas.
Fond boshqaruvi yiliga kamida bir marta o'z faoliyati to'g'risida vasiylik kengashiga hisobot taqdim etadi.
29-modda. Fond boshqaruvining vakolatlari
Fond boshqaruvining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
fondning joriy faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish;
fond tomonidan tashkil etilgan tadbirkorlik tuzilmalari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
fond vasiylik kengashi bilan kelishuv asosida fond xodimlarining shtat jadvali va ish haqi miqdorini belgilash;
fond vasiylik kengashi bilan kelishuv asosida vakolatxonalar ochish va filiallar tashkil etish hamda ularning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
fondning vakolatxonalari va filiallari to'g'risidagi nizomlarni tasdiqlash, ularning rahbarlarini tayinlash.
Fond ustavi fond boshqaruvining vakolatlariga boshqa masalalarni ham kiritishi mumkin.
30-modda. Fond boshqaruvining rahbari
Fond boshqaruvining rahbari fond boshqaruvi faoliyatiga rahbarlik qiladi, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va chet el tashkilotlari, shuningdek boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda fond nomidan ish ko'radi.
(QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)
- FOND FAOLIYaTI USTIDAN NAZORAT
31-modda. Fondning taftish komissiyasi
Fondning moliyaviy faoliyatini hamda uning pul mablag'lari to'g'ri sarflanishi va mol-mulkidan to'g'ri foydalanilishini nazorat qilish uchun kamida uch kishidan iborat tarkibda fond taftish komissiyasi tuziladi.
Fond taftish komissiyasining a'zolari fond vasiylik kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Fond taftish komissiyasining tarkibi, vakolatlari va faoliyat muddati fond ustavida belgilanadi.
Fond taftish komissiyasining a'zolari ayni bir vaqtning o'zida fondning vasiylik kengashi va boshqaruvi a'zosi bo'lishi mumkin emas.
Fond taftish komissiyasi fond vasiylik kengashining navbatdan tashqari yig'ilishi chaqirilishini talab qilishga haqli.
Fond ustavida fondning taftish komissiyasi a'zolariga haq to'lash hamda ularning o'z vazifalarini bajarish bilan bog'liq xarajatlarini kompensatsiya qilish nazarda tutilishi mumkin. To'lanadigan bunday haq va kompensatsiya miqdori fondning ustaviga muvofiq fond vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
32-modda. Fond taftish komissiyasining tekshiruvlar o'tkazishi
Fondning moliyaviy faoliyatini va fond boshqaruvi tomonidan pul mablag'lari to'g'ri sarflanayotganligini hamda boshqa mol-mulkdan to'g'ri foydalanilayotganligini tekshirishni fond vasiylik kengashining qaroriga binoan fond taftish komissiyasi fondning bir yillik yoki boshqa muddatdagi faoliyati yakunlari bo'yicha amalga oshiradi.
Fondning mansabdor shaxslari fond taftish komissiyasining talabiga binoan komissiyaga fondning moliyaviy faoliyati to'g'risidagi hujjatlarni taqdim etishi shart.
Fondning moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari asosida fond taftish komissiyasi quyidagilarni o'z ichiga olgan xulosa tayyorlaydi:
hisobotlardagi va boshqa moliyaviy hujjatlardagi ma'lumotlarning ishonchli ekanligiga berilgan baho;
buxgalteriya hisobi yuritilishi va moliyaviy hisobot taqdim etish tartibi buzilganligi hollari to'g'risidagi ma'lumot;
aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar, shuningdek fond moliyaviy faoliyati samaradorligini oshirishga oid takliflar.
33-modda. Fond faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o'tkazish
Fond qonun hujjatlariga muvofiq har yili o'z faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o'tkazadi.
Auditorlik tashkilotini fondning vasiylik kengashi tanlaydi.
Fondga aloqador shaxslar fond faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o'tkazishga auditor sifatida jalb etilishi mumkin emas.
34-modda. Fond faoliyatini to'xtatib qo'yish
Fond qonun hujjatlarini va fond ustavida belgilangan talablarni buzgan taqdirda uning faoliyati ro'yxatdan o'tkazuvchi organning arizasiga binoan sud tomonidan to'xtatib qo'yilishi mumkin.
Fond faoliyatini to'xtatib qo'yish tartibi va muddatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
35-modda. Fond faoliyati ustidan davlat nazorati
Fond faoliyati ustidan davlat nazorati ro'yxatdan o'tkazuvchi organ va boshqa vakolatli organlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
VII. YaKUNLOVChI QOIDALAR
36-modda. Fondni qayta tashkil etish
Fondning vasiylik kengashi qaroriga binoan fond qayta tashkil etilishi mumkin.
Fondning qayta tashkil etilishiga faqat boshqa fond bilan qo'shib yuborilgan, boshqa fondni birlashtirib olgan yoki boshqa fondga birlashtirilgan hollarda yo'l qo'yiladi.
37-modda. Fondni tugatish
Fondni tugatish manfaatdor shaxslarning arizasiga asosan sudning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Fond quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
fond tashkil etilishidan ko'zlangan maqsadga erishilganligi munosabati bilan;
faoliyat muddati tugaganligi munosabati bilan;
agar fondning mol-mulki fond o'z oldiga qo'ygan maqsadlarga erishish va vazifalarni amalga oshirish uchun etarli bo'lmasa, zarur mol-mulkni olish esa ehtimoldan yiroq bo'lsa;
agar fond o'z oldiga qo'ygan maqsadlarga erishish mumkin bo'lmasa, mazkur maqsadlarni esa zarur tarzda o'zgartirib bo'lmasa;
fond o'z ustavida belgilangan maqsad va vazifalardan chetga chiqqan bo'lsa;
qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda;
Fondni tugatish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Fondning kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulki fondning muassislari (muassisi), shuningdek fondning vasiylik kengashi, boshqaruvi, taftish komissiyasi a'zolari yoki fond xodimlari o'rtasida taqsimlanishi mumkin emas va undan fond ustavida nazarda tutilgan tartibda, fondni tashkil etishdan ko'zlangan maqsadlarda va (yoki) xayriya maqsadlarida foydalaniladi.
38-modda. Nizolarni hal etish
Fondlarni tashkil etish, ularning faoliyat yuritishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
39-modda. Jamoat fondlari to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Jamoat fondlari to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.