Sayt test rejiminde islemekte
Logo
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASI JO'QORG'I KENGESI OLIY DAVLAT QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT ORGANI
  • Bosh sahifa
  • Hujjatlar
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishni va yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish orqali hududga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, tadbirkorlarning takliflarini bevosita o‘rganish asosida kelgusi yetti yilda rivojlantirishning belgilangan pirovard natijalariga erishish maqsadida:
1. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida “O‘zmilliybank” AJ, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va AT “Aloqabank”ga 100 million AQSh dollari ajratsin. Bunda, ushbu mablag‘lar doirasida:
tijorat banklari tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 5 foiz, milliy valyutada 12 foiz bo‘lgan yillik stavkalarda 10 yil muddatgacha 5 yillik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi. Bunda, tijorat bankining marjasi xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 1 foiz, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 2 foiz miqdorida belgilanadi;
loyihalar tijorat banklari ta’sischiligidagi investitsiya kompaniyalari tomonidan amalga oshirilib, keyinchalik ular “tayyor loyiha” sifatida tadbirkorlarga sotiladi;
tijorat banklari tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun kredit mablag‘lari 5 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda ajratiladi.
2. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2024-yil yakuniga qadar yangi loyihalarni moliyalashtirish ishlarini tashkil qilish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan qo‘shimcha 200 million AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘lari jalb qilsin.
Bunda, ushbu mablag‘larni moliyalashtirish va loyihalarni amalga oshirish mazkur Farmonning 1-bandida belgilangan shartlar asosida amalga oshiriladi.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasida biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlarining loyihalariga 2025-yil 1-yanvarga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan, istisno tariqasida, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hamda aylanma mablag‘larni shakllantirish maqsadlariga milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan kredit miqdorining 75 foizigacha, biroq 5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda, kafillik shartnomasini bir tomonlama bekor qilmaslik sharti bilan kafillik taqdim etiladi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
kichik hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida investitsiya majburiyatlarini bajargan tadbirkorlarga yer uchastkalarini, bino va inshootlarni xususiylashtirib berish tartibi belgilanadi;
hududda ommaviy savdolarda turgan davlat mulki obyektlari 3 oy muddatda sotilmagan taqdirda ularni elektron tanlov asosida eng yaxshi taklif bildirgan talabgorga investitsiya kiritish majburiyati bilan berish tartibi joriy qilinadi;
Oldingi tahrirga qarang.
2023-2024-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida 1 million AQSh dollari, qolgan tumanlarida 300 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish majburiyati bilan loyiha tashabbuskorlariga, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qarori asosida yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzoq muddatli ijara huquqi bilan berish tizimi joriy qilinadi;
(3-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.01.2024-y., 06/24/15/0050-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2023-2024-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga o‘zining qarori asosida o‘rmon fondi yerlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar tarkibidagi sug‘orilmaydigan yer uchastkalarining (yaylovlar, suv yetib bormaydigan, unumdorligi past bo‘lgan yerlarning) yer fondi toifasini o‘zgartirish bo‘yicha, istisno tariqasida, vakolat beriladi.
(3-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.01.2024-y., 06/24/15/0050-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi respublika ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda — Respublika ishchi guruhi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
5. Respublika ishchi guruhi rahbari A.N. Aripov:
har oyda joyiga chiqqan holda yuzaga kelgan muammolarni o‘rgansin va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rib borsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.T. Orinbayev bilan birgalikda har chorak yakuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga amalga oshirilayotgan ishlar samarasi va natijadorligi to‘g‘risida axborot berib borsin.
6. Quyidagilar:
2023 — 2025-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va istiqbolli loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha kichik ishchi guruhi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
8. Markaziy bank:
a) 2024-yildan boshlab har yili tijorat banklariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kamida 2 trln so‘m kredit mablag‘lari ajratsin;
b) quyidagi shartlar asosida kredit mablag‘lari ajratish tizimini yo‘lga qo‘ysin:
oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida yangidan tashkil etilgan, hisob raqamida mablag‘ yetarli darajada aylanmagan tadbirkorlik subyektlariga, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun garov ta’minotidan kelib chiqib, bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha bo‘lgan miqdorda;
yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish hamda ishlab chiqarish jarayonidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash, bilim va salohiyatini oshirish maqsadida ularning xorijiy davlatlarda tahsil olishlari uchun 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda.
9. Yoshlar siyosati va sport vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda Xo‘jayli tumanidagi 100 gektar yer maydonida “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni (keyingi o‘rinlarda — Yoshlar markazi) tashkil etsin.
Bunda:
Yoshlar markazi hududida IT-park, loyiha ofislari, startaplar texnoparki, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash “innovatsion guruhlari”, madaniy va ma’naviy markazlar, kutubxona hamda sport komplekslari tashkil etiladi;
Yoshlar markazida faoliyat yuritayotgan tadbirkor va yoshlarga “Mening birinchi uyim” loyihasi doirasida ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar quriladi;
maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun qonunchilikda belgilangan soliq va bojxona imtiyozlari Yoshlar markazi hududida joylashgan tadbirkorlik subyektlariga ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash sharti bilan tatbiq etiladi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yoshlar markazida belgilangan obyektlarni barpo etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan 2023 — 2027-yillar davomida 10 yil muddatda qaytarish sharti bilan 1 trln so‘m miqdorida ssuda mablag‘lari ajratishni ko‘zda tutadi.
10. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-yanvarga qadar:
Qorao‘zak tumani hududidagi “Berkuttau” mis konida geologik qidiruv ishlarini yakunlasin;
20 ta istiqbolli maydonda aniqlangan ohaktosh, mineral tuzlar, qurilish toshi va qumlari, bentonit, porfirit zaxiralarini elektron auksion savdolariga joylashtirsin.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bir oy muddatda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Respublika ishchi guruhi rahbari A.N. Aripov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.T. Orinbayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 8-avgust,
PF-129-son