MUZEYLAR TO'G'RISIDA
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
08.10.2009 y. №249/III
MUZEYLAR TO'G'RISIDA
Ushbu Qonunga qo'yidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan: 27.06.2014 y. 209/XV-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni I-BOB. UMUMIY QOIDALAR 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi muzeylarning tashkil etilishi va faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 2-modda. Muzeylar to'g'risidagi qonun hujjatlari Muzeylar to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Qoraqalpog'iston Respublikasining muzeylar to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi. 3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: Milliy muzey fondi - Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida doimiy turgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari majmui; Milliy muzey fondining Davlat katalogi - Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan har bir muzey ashyosi va har bir muzey kollektsiyasi to'g'risidagi asosiy ma'lumotlar mavjud bo'lgan hisobga olish hujjati; muzey - muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini saqlash, o'rganish hamda ommaga namoyish etish uchun mulkdor tomonidan tashkil etilgan doimiy faoliyat yurituvchi notijorat madaniyat muassasasi; muzey ashyosi - sifati yoki alohida belgilari jamiyat manfaatlari uchun saqlash, o'rganish va ommaga namoyish etish zaruratini taqozo etuvchi madaniy boylik; muzey kollektsiyasi - o'z kelib chiqish xususiyati yoki shaklan yaqinligi tufayli yoxud boshqa belgilari bo'yicha birlashtirilgandagina muzey ashyosi xususiyatiga ega bo'ladigan madaniy boyliklar majmui; saqlash - muzeyning muzey ashyosi va muzey kollektsiyasi but saqlanishini ta'minlash uchun moddiy va huquqiy sharoitlar yaratilishini nazarda tutuvchi faoliyat turi; e’lon qilish - muzeyning muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini omma oldida namoyish etish, bosma nashrlarda, elektron va boshqa turdagi jismlarda takrorlash orqali jamiyatga taqdim etishning barcha shakllarini nazarda tutuvchi faoliyat turi. II-BOB. MUZEYLARNI BOShQARISh 4-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining muzeylarni boshqarish sohasidagi vakolatlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi: muzeylar faoliyatini qo'llab-quvvatlash, takomillashtirishga doir dasturlar va qarorlar qabul qiladi; muzeylarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish bo'yicha qarorlar qabul qiladi; davlat muzeylarni mablag' bilan ta'minlash mug'darini o'z vakolatlari doirasida belgilaydi; Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan va o'z hududida joylashgan muzeylardagi muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini belgilangan tartibda saqlanishini ta'minlaydi; qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) 5-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining muzeylarni boshqarish sohasidagi vakolatlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Madaniyat vazirligi: Milliy muzey fondining Davlat katalogini yuritadi; muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini belgilangan tartibda Milliy muzey fondi tarkibiga kiritish hamda uning tarkibidan chiqarish bo'yicha tegishli tartibda taklif qiladi; Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini tasarrufdan chiqarish yoki universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o'tkazish uchun maxsus ruxsatnoma berishga tegishli tartibda taklif kiritadi; Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini kirib ko'rish shartlari ustidan nazoratni amalga oshiradi; muzey xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etadi; qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) 6-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining muzeylarni boshqarish sohasidagi vakolatlari Mahalliy davlat hokimiyati organlari: Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan hamda o'z hududida joylashgan muzeylarda turgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarining but saqlanishini ta'minlaydi; o'z hududidagi davlat muzeylarini moliyalashtirish miqdorini o'z vakolatlari doirasida belgilaydi; qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. III-BOB. MILLIY MUZEY FONDI 7-modda. Milliy muzey fondining tarkibi Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari Qoraqalpog'iston xalqi madaniy merosining ajralmas qismidir. Milliy muzey fondi Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismidan va davlatga tegishli bo'lmagan qismidan iboratdir. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarining fuqarolik muomalasiga faqat ushbu Qonunda belgilangan cheklashlarga rioya etilgan holda yo'l qo'yiladi. 8-modda. Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini Milliy muzey fondi tarkibiga kiritish Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini Milliy muzey fondi tarkibiga kiritish belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari Milliy muzey fondining Davlat katalogida ro'yxatdan o'tkazilgan kundan e’tiboran Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan hisoblanadi. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari mulkdoriga ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risida guvohnoma beriladi. 9-modda. Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini Milliy muzey fondi tarkibidan chiqarish Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini Milliy muzey fondi tarkibidan chiqarish belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Tegishli fakt Milliy muzey fondining Davlat katalogida ro'yxatdan o'tkazilgan kundan e’tiboran muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari Milliy muzey fondi tarkibidan chiqarilgan hisoblanadi. 10-modda. Milliy muzey fondining Davlat katalogini yuritish Milliy muzey fondining Davlat katalogini yuritish belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Yuridik va jismoniy shaxslarning Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalariga bo'lgan fuqarolik huquq va majburiyatlarini belgilash, o'zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlari, shu jumladan, mulk huquqini boshqa shaxsga o'tkazish mazkur harakatlar Milliy muzey fondining Davlat katalogida ro'yxatdan o'tkazilganidan keyingina amalga oshiriladi. 11-modda. Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini O'zbekiston Respublikasidan olib chiqish Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari O'zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga vaqtincha olib chiqish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 12-modda. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarining fuqarolik muomalasi xususiyatlari Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari faqat Qoraqalpog'iston Respublikasi Madaniyat vazirligining taklifiga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan maxsus ruxsatnomasiga binoan tasarrufdan chiqarilishi yoki universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o'tishi mumkin. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey kollektsiyasi bo'linmaydi. 13-modda. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalariga bo'lgan mulk shakllari Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari xususiy hamda ommaviy mulk shakllarida bo'lishi mumkin. IV-BOB. MILLIY MUZEY FONDINING DAVLATGA TEGIShLI QISMI 14-modda. Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi tarkibi Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga, kimning egaligida turganligidan qat’i nazar, davlat mulki bo'lgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari kiradi. Davlat muzeylari, boshqa davlat muassasalari tomonidan muassislar mablag'lari yoki o'z mablag'lari yoxud boshqa mablag'lar hisobidan olinadigan, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa usulda olinadigan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiradi. 15-modda. Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini tasarrufdan chiqarish Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini tasarrufdan chiqarish mumkin emas, ularning yo'qolishi, emirilishi yoki boshqa muzey ashyolari va muzey kollektsiyalariga ayirboshlanishi hollari bundan mustasno. Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda tasarrufdan chiqarish to'g'risidagi qaror O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan qabul qilinadi. (QR 27.06.2014 y. 209/XV-sonli Qonuniga muvofiq ikkinchi bo'lim olib tashlangan) 16-modda. Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolarini va muzey kollektsiyalarini boshqarish Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari operativ boshqarish huquqi asosida davlat muzeylariga, boshqa davlat muassasalariga biriktirib qo'yiladi. Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini operativ boshqarish topshirilgan davlat muzeylari, boshqa davlat muassasalari: muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarining jisman but saqlanishi hamda xavfsizligini; muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari bilan bog'liq hisobga olish hujjatlarining yuritilishi hamda but saqlanishini; muzey ashyolari va muzey kollektsiyalaridan ilmiy, madaniy, ma'rifiy hamda ta'lim maqsadlarida foydalanilishini ta'minlashi shart. 17-modda. Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi holati ustidan davlat nazorati Milliy muzey fondining davlatga tegishli qismi holati ustidan davlat nazorati quyidagi shakllarda amalga oshiriladi: muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarining but saqlanishi holatini hamda ularni saqlash sharoitlarini tekshirish; muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari haqida Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari hisobini yuritish uchun zarur bo'lgan so'rovnomalar yo'llash hamda axborot olish. V-BOB. MILLIY MUZEY FONDINING DAVLATGA TEGIShLI BO'LMAGAN QISMI 18-modda. Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibi Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan xususiy mulk bo'lgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari kiradi. 19-modda. Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritish Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritish belgilangan tartibda ularning mulkdori arizasi asosida amalga oshiriladi. 20-modda. Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibidan chiqarish Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari yo'qolgan yoki emirilgan hollarda ularni Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibidan chiqarish belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 21-modda. Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini hisobga olish hamda saqlash Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini hisobga olish hamda saqlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 22-modda. Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi holati ustidan davlat nazorati Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi holati ustidan davlat nazorati quyidagi shakllarda amalga oshiriladi: muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarining but saqlanishi holatini hamda ularni saqlash sharoitlarini tekshirish; nodavlat muzeylarga biriktirib qo'yilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarining mulkdori oldiga ularni saqlash joyini o'zgartirish yoki ularni tasarrufdan chiqarish to'g'risidagi masalani qo'yish; muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari haqida Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari hisobini yuritish uchun zarur bo'lgan so'rovnomalar yo'llash hamda axborot olish. 23-modda. Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalariga oid bitimlar Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari bo'yicha oldi-sotdi yoki hadya bitimlari tuzilganda sotib oluvchi yoki hadya oluvchi ushbu ashyolar va kollektsiyalarga nisbatan sotuvchi yoxud hadya qiluvchida bo'lgan barcha majburiyatlarni o'z zimmasiga olishi shart. Mazkur ashyolar va kollektsiyalarning oldi-sotdisida davlat imtiyozli sotib olish huquqiga ega bo'ladi. Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari vasiyat yoki qonunga binoan meros qilib olinganda merosxo'r ushbu ashyolar va kollektsiyalarga nisbatan meros qoldiruvchida bo'lgan barcha majburiyatlarni o'z zimmasiga olishi shart. Bu majburiyatlardan bosh tortgan taqdirda, merosxo'r mazkur muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlarda sotishi yoki boshqa bitim tuzishi mumkin. Bu holda davlat imtiyozli sotib olish huquqiga ega bo'ladi. Agar sotib oluvchi, hadya oluvchi yoki merosxo'r Milliy muzey fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalariga nisbatan o'z majburiyatlari bajarilishini ta'minlamasa, davlat ushbu ashyolar va kollektsiyalarni qonun hujjatlariga muvofiq haqini to'lab olishni amalga oshirish huquqiga ega. Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalariga oid ushbu moddada nazarda tutilgan bitimlar Milliy muzey fondining Davlat katalogida davlat ro'yxatidan o'tkazilgan kundan e’tiboran tuzilgan hisoblanadi. Ushbu moddaning birinchi-uchinchi qismlarida nazarda tutilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini davlat tomonidan imtiyozli sotib olish huquqi yoki haqini to'lab olish huquqini ro'yobga chiqarish Qoraqalpog'iston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. VI-BOB. MUZEYLARNI TAShKIL ETISh 24-modda. Muzeylarni tashkil etish maqsadlari Muzeylar quyidagi maqsadlarda tashkil etiladi: muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini saqlash; muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini aniqlash hamda to'plash; madaniy, ma'rifiy va ta'lim faoliyatini amalga oshirish; muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini o'rganish; muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini e’lon qilish. muzeylarni ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilganidan tashqari boshqa maqsadlar uchun tashkil etishga yo'l qo'yilmaydi. 25-modda. Muzeylarni tashkil etish shartlari Muzeylarni tashkil etish uchun quyidagi shartlar majburiydir: muzey tematikasiga muvofiq muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarining mavjudligi; muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini saqlash hamda ommaga namoyish etish talablariga javob beradigan moddiy-texnik bazaning, shu jumladan bino (xona yoki xonalar), zarur ko'rgazma jihozlari, muhofaza vositalari hamda yong'inga qarshi vositalarning mavjudligi; muzey faoliyatini ta'minlash uchun zarur moliyaviy mablag'larning mavjudligi. muzey-qo'riqxonalarni tashkil etish uchun qonun hujjatlariga muvofiq qo'shimcha shartlar belgilanadi. 26-modda. Muzeylarning turlari va toifalari Mulk shakliga ko'ra davlat va nodavlat muzeylar tashkil etilishi mumkin. Ixtisoslashuviga ko'ra muzeylar: asosiy faoliyati muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini saqlash, o'rganish hamda ommaga namoyish etishdan iborat bo'lgan muzeylarga; asosiy faoliyati tarixiy-madaniy qo'riqxona va u bilan bog'liq tabiiy landshaft tarkibiga kiradigan madaniy meros ob’ektlarini, shuningdek muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini saqlash, o'rganish hamda ommaga namoyish etishdan iborat bo'lgan muzey-qo'riqxonalarga bo'linadi. Davlat muzeylari ahamiyatiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan toifalarga bo'linadi. 27-modda. Muzeylarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi Muzeylar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi. 28-modda. Muzeylarni moliyalashtirish Davlat muzeylarini moliyalashtirish O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Nodavlat muzeylarni moliyalashtirish ularning mulkdori mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Davlat muzeyi joylashgan bino boshqa tashkilotlarga berilgan taqdirda ushbu masala bo'yicha qaror qabul qilgan davlat organi davlat muzeyini teng qiymatdagi bino bilan ta'minlashi hamda mazkur muzeyning muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini, shuningdek ko'rgazma jihozlarini ko'chirish bilan bog'liq xarajatlarni qoplashi shart. 29-modda. Muzeylarga beriladigan imtiyozlar Muzeylar uchun imtiyozlar qonun hujjatlariga muvofiq beriladi. 30-modda. Muzeylarning xalqaro hamkorligi Muzeylarning xalqaro hamkorlik sohasidagi faoliyati qonun hujjatlari va O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi. VII-BOB. MILLIY MUZEY FONDINING OChIQLIGINI TA’MINLASh 31-modda. Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini kirib ko'rish Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan hamda muzeylarda turgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari fuqarolar kirib ko'rishi uchun ochiqdir. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan hamda muzeylarda turgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini kirib ko'rish quyidagi asoslarga ko'ra cheklanishi mumkin: muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarining but saqlanish holati qoniqarsiz bo'lganda; restavratsiya ishlari amalga oshirilayotganda; muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari muzey zaxiraxonasida bo'lganda. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan hamda muzeylarda, shu jumladan, muzey zaxiraxonasida turgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini kirib ko'rish tartibi va shartlari qonun hujjatlarida belgilanadi. 32-modda. Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini e’lon qilish Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan hamda muzeylarda turgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini birinchi marta e’lon qilish huquqi mulkdor tomonidan mazkur muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari biriktirib qo'yilgan muzeyga tegishlidir. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan hamda muzeylarda turgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini takrorlashdan tijorat maqsadlarida foydalanish huquqlarining boshqa shaxsga o'tkazilishi muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarining mulkdori belgilagan tartibda muzeylar tomonidan amalga oshiriladi. Muzey ashyolari va muzey kollektsiyalari, muzeylarning binolari, muzeylar hududida joylashgan ob’ektlar tasvirlaridan foydalangan holda tasviriy, bosma, yodgorlik va boshqa adadli mahsulotlarni hamda xalq iste’moli tovarlarini ishlab chiqarish, muzeylarning nomlari va ramziy belgilaridan foydalanish qonun hujjatlariga muvofiq muzeylar ma'muriyatining ruxsati bilan amalga oshiriladi. VIII-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR 33-modda. Nizolarni hal etish Muzeylarning tashkil etilishi va faoliyati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi. 34-modda. Muzeylar to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Muzeylar to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.