NOGIRONLARNI IJTIMOIY HIMOYA QILISH TO'G'RISIDA
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
21.10.2011 y. №97/VII
NOGIRONLARNI IJTIMOIY HIMOYA QILISH TO'G'RISIDA
(yangi tahriri)
Ushbu Qonunga quyidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan: 27.06.2014 y. 209/XV-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni 1-BOB. UMUMIY QOIDALAR 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 2-modda. Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlari Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Qoraqalpog'iston Respublikasining nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi. 3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: nogiron - jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgalangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj shaxs; nogiron bolalar - jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj o'n sakkiz yoshgacha bo'lgan shaxslar; nogironlarni ijtimoiy himoya qilish - nogironlarga turmush faoliyati cheklanganligini bartaraf etishi, qoplashi (kompensatsiya qilishi) uchun shart-sharoitlarni ta'minlovchi hamda ularga jamiyat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ishtirok etish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan, davlat tomonidan kafolatlangan iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy tadbirlar tizimi; (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) nogironlarni reabilitatsiya qilish - nogironlarga organizmining izdan chiqqan yoki yo'qolgan funktsiyalarini tiklashiga va ularni kompensatsiya qilishiga, turmush faoliyati cheklanganligini bartaraf etishi uchun yordam berishga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, psixologik, pedagogik, jismoniy, kasbga, mehnatga doir chora-tadbirlar tizimi; tibbiy-ijtimoiy ekspertiza - muayyan shaxs organizmining barcha tizimlarini kompleks tekshirish asosida uning sog'lig'ini yo'qotganlik darajasini, organizmi funktsiyalari turg'un buzilishi oqibatida turmush faoliyatining cheklanganlik darajasini, nogironlik guruhini, nogironlikning yuz berganligi sabablari hamda vaqtini aniqlash, shuningdek shaxs uchun sog'lig'ining holatiga ko'ra amalga oshirishi mumkin bo'lgan mehnat faoliyati turlari va mehnat sharoitlari, o'zgalarning parvarishiga, sanatoriy-kurortda davolanishning tegishli turlariga hamda ijtimoiy himoyaga bo'lgan ehtiyojlari haqida tavsiyalar tayyorlash; shaxsning turmush faoliyati cheklanganligi - shaxsning o'ziga o'zi xizmat qilish, harakatlanish, yo'lni topa olish, muloqot qilish, o'z xatti-harakatini nazorat etish, shuningdek o'qish va mehnat faoliyati bilan shug'ullanish qobiliyatini yoki imkoniyatini to'la yoxud qisman yo'qotganligi. 4-modda. Shaxsni nogiron deb topish Shaxsni, shu jumladan o'n olti yoshdan o'n sakkiz yoshgacha bo'lgan bolalarni nogiron deb topish tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan, o'n olti yoshgacha bo'lgan bolalarni nogiron deb topish esa, tibbiy-maslahat komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari va tibbiy-maslahat komissiyalarini tuzshp, shuningdek ular tomonidan xulosalar berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 5-modda. Nogironlar huquqlarining kafolatlari Davlat nogironlar turmush faoliyatining cheklanganligini baholash asosida ularning ijtimoiy yordam hamda himoya chora-tadbirlariga bo'lgan ehtiyojlari hisobga olinishi ta'minlanishini, nogironlarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy himoya qilishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turlaridagi dasturlar amalga oshirilishini, nogironlarning jamiyat bilan uyg'unlashishi uchun sharoitlar yaratilishini, nogironlarni kamsitishning barcha shakllaridan himoya qilishni ta'minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko'rilishini kafolatlaydi. 6-modda. Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish soxasidagi davlat siyosati Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari quyidagilardan iborat: nogironlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash; nogironlarning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik; nogironlarning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish; nogironlarning huquqlari va ular uchun imkoniyatlar tengligini ta'minlash; nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash; nogiron bolalarning maktabgacha va maktabdan tashqari ta'limini, nogironlarning kasb tayyorgarligini, umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim olishini ta'minlash; davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining nogironlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash borasidagi faoliyatining oshkoraligini hamda ochiq-oydinligini ta'minlash; nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish. 7-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi vakolatlari Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o'z vakolatlari doirasida: nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantiradi va amalga oshiradi; nogironlarni ijtimoiy himoya qilish bo'yicha ustuvor yo'nalishlarni belgilaydi; nogironlarni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga doir davlat dasturlarini, shuningdek hududiy dasturlarni shakllantiradi va amalga oshiradi; nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarining ijrosini ta'minlaydi; davlat organlarining, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi; nogironlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlovchi davlat organlarining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi; nogironlarni tibbiy, kasbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ilmiy tadqiqotlar o'tkazishni hamda mutaxassislar tayyorlashni moliyalashtiradi va tashkil etadi; o'zgalarning parvarishiga va yordamiga muhtoj bo'lgan nogironlarga ijtimoiy xizmat ko'rsatuvchi statsionar muassasalar tarmog'ini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar ko'radi; nogironlarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam sonini zaxirada saqlaydi; reabilitatsiya, ilmiy-ishlab chiqarish markazlari, davlat sog'liqni saqlash tizimidagi ambulatoriya va statsionar davolash-profilaktika muassasalarida, nogironlarga ijtimoiy xizmat ko'rsatish statsionar muassasalarida tiklash terapiyasi bo'linmalari, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan sanatoriy-kurort muassasalari tizimini, shuningdek nogironlarga ijtimoiy-maishiy xizmatlar ko'rsatish bo'yicha korxonalar va tashkilotlar tashkil etadi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishlari mumkin. 8-modda. Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining nogironlar huquqlarini ta'minlash hamda ularni ijtimoiy himoya qilishda ishtirok etishi Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari nogironlarning huquqlarini ta'minlash hamda ularni ijtimoiy himoya qilishga ko'maklashadi. Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari: nogironlarning huquqlarini ta'minlashga doir vakolatlarni amalga oshirishda davlatdan va belgilangan tartibda xalqaro tashkilotlardan huquqiy, uslubiy, tashkiliy hamda moliyaviy yordam olishi; nogironlarni ijtimoiy himoya qilish bilan bog'liq muammolarni hal qilishda, shuningdek tegishli tadbirlarni moliyalashtirishda ishtirok etishi mumkin. 2-BOB. NOGIRONLARNING IJTIMOIY INFRATUZILMA OB’EKTLARIGA TO'SQINLIKSIZ KIRIShI, TRANSPORTDAN, ALOQA VA AXBOROT VOSITALARIDAN TO'SQINLIKSIZ FOYDALANIShI UChUN ShAROITLAR YaRATISh 9-modda. Aholi punktlarini loyihalash va qurish, transport vositalari, aloqa va axborot vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishda nogironlarning ehtiyojlarini hisobga olish Nogironlarning kirishi va foydalanishi uchun moslashtirilmagan holda aholi punktlarini loyihalash va qurishga, turarjoy dahalarini barpo etishga, yangi qurilish uchun loyiha echimlarini ishlab chiqishga, binolar, inshootlar va ularning komplekslarini rekonstruktsiya qilishga shuningdek transport vositalarini, umumiy foydalanishdagi aloqa vositalari va axborot vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishga yo'l qo'yilmaydi. Yangi binolar, inshootlar va ularning komplekslarini qurish uchun loyiha echimlarini ishlab chiqish tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi (QR 27.06.2014 y. 209/XV-sonli Qonuniga asosan ikkinchi bo'lim olib tashlangan) Binolar, inshootlar va ularning komplekslarini qurish hamda rekonstruktsiya qilish normalari va qoidalari nogironlarning tegishli jamoat birlashmalari fikrini hisobga olgan holda ishlab chiqilishi hamda O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilishi lozim. (QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli, 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asos o'zgartirishlar kiritilgan) 10-modda. Nogironlarning ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga to'sqinliksiz kirishini, transportdan, aloqa va axborot vositalaridan to'sqinliksiz foydalanishini ta'minlash Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) nogironlarning (shu jumladan, o'rindiqli aravacha hamda etaklovchi itlardan foydalanuvchi nogironlarning) ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga (turarjoylarga, jamoat va ishlab chiqarish binolariga, imoratlar va inshootlarga, sog'liqni saqlash va sport ob’ektlariga, madaniy-tomoshagoh hamda boshqa muassasalarga) to'sqinliksiz kirishi uchun, shuningdek temiryo'l, havo, suv transportidan, shaharlararo avtomobil transportidan, shahar va shahar atrofiga qatnaydigan yo'lovchilar transportining barcha turlaridan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalanishdagi aloqa vositalari va axborot vositalaridan to'sqinliksiz foydalanishi uchun sharoitlar yaratishi shart. Aholiga transport xizmati ko'rsatishni amalga oshiruvchi tashkilotlar vokzallarni, aeroportlarni hamda boshqa ob’ektlarni ularning xizmatlaridan nogironlar to'sqinliksiz foydalanishi imkonini beruvchi maxsus moslamalar bilan jihozlashni ta'minlaydi. Nogironlar yoki o'z tarkibida nogiron bor oilalar egallagan turarjoylar, shuningdek nogironlar uchun qurilayotgan uy-joylar nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlanishi kerak. Bunday turarjoylarni jihozlash uy-joy fondi o'z tasarrufida bo'lgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bu tadbirlarni moliyalashtirish tartibi tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asos o'zgartirish kiritilgan) Mazkur ob’ektlarni ularga nogironlarning to'sqinliksiz kirishi uchun moslashtirishning imkoni bo'lmagan hollarda, tegishli tashkilotlar nogironlarning ehtiyojlarini qanoatlantirishni ta'minlovchi zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqishi va amalga oshirishi kerak. 11-modda. Nogironlarning ijtimoiy infratuzilma ob’ktlariga to'sqinliksiz kirishini, transportdan, aloqa va axborot vositalaridan to'sqinliksiz foydalanishini ta'minlashga doir vazifalarni bajarmaganlik uchun iqtisodiy javobgarlik Nogironlarning ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga (turarjoylarga, jamoat va ishlab chiqarish binolariga, imoratlar va inshootlarga, sog'liqni saqlash va sport ob’ektlariga, madaniy-tomoshagoh hamda boshqa muassasalarga) to'sqinliksiz kirishi uchun, shuningdek temiryo'l, havo, suv transportidan, shaharlararo avtomobil transportidan, shahar va shahar atrofiga qatnaydigan yo'lovchilar transportining barcha turlaridan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalanishdagi aloqa vositalari va axborot vositalaridan to'sqinliksiz foydalanishi uchun sharoitlar yaratish bo'yicha ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablarni bajarmaganlik uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari ma'mriy javobgarlikga tortiladi. Ma'muriy jazo qo'llanilgan tashkilotlarni nogironlarning ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga to'sqinliksiz kirishi, transportdan, umumiy foydalanishdagi aloqa vositalari va axborot vositalaridan to'sqinliksiz foydalanishi uchun sharoitlar yaratish bo'yicha ushbu Qonun talablarini bajarishdan ozod etmaydi. 3-BOB. NOGIRONLARNI REABILITATsIYa QILISh 12-modda. Nogironlarni reabilitatsiya qilishning maqsadi Nogironlarni reabilitatsiya qilishning maqsadi nogironlarga to'laqonli turmush kechirish hamda o'z huquqlari va potentsial imkoniyatlarini ro'yobga chiqarish imkonini beruvchi ijtimoiy maqomini, o'ziga o'zi xizmat ko'rsatishga va kasbiy faoliyatning har xil turlariga doir qobiliyatlarini tiklashdan iboratdir. 13-modda. Nogironlarni reabilitatsiya qilish turlari Nogironlarni reabilitatsiya qilish quyidagilarni o'z ichiga oluvchi chora-tadbirlarning yaxlit tizimidir: Nogironlarni tibbiy reabilitatsiya qilish, bu tiklash terapiyasi, rekonstruktiv jarrohlik, protezlash va ortezlashdan iborat bo'ladi; nogironlarni kasbiy reabilitatsiya qilish, bu kasbga yo'naltirish, kasb ta'limi berish, kasb-hunar-ishlab chiqarish moslashuvidan va ishga joylashtirishdan iborat bo'ladi; nogironlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, bu ijtimoiy-muhitda yo'lini topa olish va ijtimoiy-maishiy moslashuvdan iborat bo'ladi. 14-modda. Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi tibbiy-ijtimoiy ekspertiza asosida ishlab chiqilgan, nogiron uchun eng maqbul reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari kompleksi bo'lib, u organizmning izdan chiqqan yoki yo'qolgan funktsiyalarini, shuningdek nogironning mehnat faoliyati muayyan turlarini bajarishga bo'lgan qobiliyatlarini tiklashga, ularni kompensatsiya qilishga qaratilgan tibbiy, kasbiy reabilitatsiya qilish chora-tadbirlarini hamda reabilitatsiya qilishning boshqa chora-tadbirlarini ro'yobga chiqarishning ayrim turlari, shakllari, hajmlari, muddatlari va tartibini o'z ichiga oladi. Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi tashkilotlar bajarishi uchun majburiydir. Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi nogiron uchun tavsiya tusiga ega bo'lib, nogiron reabilitatsiya qilish chora-tadbirlarining u yoki bu turini, shaklini va hajmini, shuningdek dasturning amalga oshirilishini butunlay rad etishi mumkin. Nogiron o'zini muayyan texnika vositasi yoki boshqa vosita yoxud reabilitatsiya qilish turi, shu jumladan avtomobillar, o'rindiqli aravachalar, protez-ortopediya buyumlari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytirgich apparatlar, signalizatorlar, subtitrli yoki surdo tarjimasi bo'lgan videomateriallar, boshqa shunga o'xshash vositalar bilan ta'minlash to'g'risidagi masalani mustaqil ravishda hal qilishga haqlidir. Nogironlarga reabilitatsiya qilishning texnika vositalarini taqdim etish va reabilitatsiya xizmatlari ko'rsatish, qoida tariqasida, natura shaklida amalga oshiriladi. Agar nogironga nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturida nazarda tutilgan texnika vositasini taqdim etishning yoxud xizmat ko'rsatishning imkoni bo'lmasa yoki agar nogiron o'z hisobidan tegishli vositani olgan yoxud xizmat uchun haq to'lagan bo'lsa, unga nogiron uchun taqdim etilishi lozim bo'lgan texnika vositasining yoxud ko'rsatilishi lozim bo'lgan xizmatning qiymati miqdorida kompensatsiya to'lanadi. Nogiron reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturini butunlay rad etgan yoki bu dasturning ayrim qismlari ro'yobga chiqarilishini rad etgan taqdirda, tegishli tashkilotlar mazkur dasturning yoki dastur ayrim qismlarining bajarilmaganligi uchun javobgar bo'lmaydi. 4-BOB. NOGIRONLARNING TA’LIMI VA ULARNI KASBGA TAYYoRLASh 15-modda. Nogironlarning ta'lim olishi, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish shakllari Nogironlarning ta'lim olishi, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish: ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan shakllarda, eksternat, masofadan o'qitish, davlat ta'lim standartlari asosida oiladagi ta'lim va mustaqil ta'lim shakllarida amalga oshiriladi. 16-modda. Nogiron bolalarning maktabgacha ta'limi Nogiron bolalarning maktabgacha ta'limi maktabgacha ta'lim muassasalarida amalga oshiriladi. Agar nogiron bolalarning sog'lig'i maktabgacha ta'lim muassasalarida bo'lishi imkoniyatini istisno etsa, nogiron bolalarning maktabgacha ta'limi ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida, shu jumladan, internat-uylarda amalga oshiriladi. 17-modda. Nogironlarning umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'limi Nogironlarning umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'limi barcha ta'lim muassasalarida, zarur bo'lgan hollarda esa ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida amalga oshiriladi. Statsionar davolash-profilaktika yoki reabilitatsiya qilish muassasalarida davolanayotgan nogiron bolalar uchun o'quv mashg'ulotlari tashkil etiladi. 18-modda. Nogironlarni kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish Nogironlarni kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta'lim muassasalarida, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida, shuningdek nogironlar jamoat birlashmalarining korxonalarida ijtimoiy ta'minot muassasalari bilan birgalikda nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq ta'minlanadi. Kasbga tayyorlash va malakasini oshirish davrida nogironlarni moddiy jihatdan ta'minlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 19-modda. Nogiron bolalarning maktabdan tashqari ta'limi Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari nogiron bolalarning ularni har tomonlama va uyg'un rivojlantirishga, ularda ijtimoiy faollikni, mehnatga qiziqishni tarbiyalashga, ularni ilm-fan, texnika, san’at va sportga jalb etishga qaratilgan maktabdan tashqari ta'limdan foydalanishini ta'minlaydi, buning uchun zarur sharoitlar yaratadi. 20-modda. Nogiron bolalarning oiladagi ta'limi Nogiron bolalarning oiladagi ta'limi ta'lim muassasalarida, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida ta'lim olishning imkoni bo'lmagan taqdirda, ota-onaning yoki ota-ona o'rnini bosuvchi shaxslarning istagi hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Bunda ota yoki onaga yoxud ota yoki ona o'rnini bosuvchi shaxsga tegishli vakolatli organ tomonidan belgilanadigan tartibda va shartlarda moddiy ta'minot hamda imtiyozlar beriladi. (QR 18.08.2018 y. 200/XXII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Ta'lim muassasalari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari nogiron bolalarning oilada ta'lim olishida ota-onaga yoki ota-ona o'rnini bosuvchi shaxslarga yordam ko'rsatishi shart. 21-modda. Nogiron bolalarni statsionar muassasalarda tarbiyalash va o'qitish Statsionar muassasalarda doimiy ravishda turadigan nogiron bolalar uchun mazkur muassasalar tomonidan tarbiya va ta'limning ijtimoiy-maishiy hamda mehnat ko'nikmasi hosil qilish bilan uyg'un holdagi uzluksizligi ta'minlanadi. 22-modda. Imo-ishora tili Imo-ishora tili O'zbekiston Respublikasi tomonidan shaxslar o'rtasidagi muloqot vositasi sifatida tan olinadi. Imo-ishora tilining huquqiy maqomi va uning qo'llanilishi sohasi qonun hujjatlarida belgilanadi. 5-BOB. NOGIRONLAR MEHNATI 23-modda. Nogironlarning mehnat sharoitlari Tashkilotlarda band bo'lgan nogironlarga nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq zarur mehnat sharoitlari yaratiladi. Jamoa yoki yakka tartibdagi mehnat shartnomasida belgilanadigan mehnat sharoitlari, shu jumladan mehnatga haq to'lash, ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, yillik hamda qo'shimcha ta'tillarning muddati normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilganidan kam bo'lmasligi va boshqa xodimlarga nisbatan nogironlarning ahvolini yomonlashtirmasligi yoki huquqlarini cheklamasligi kerak. 24-modda. Mehnat qilish huquqini nogironlar tomonidan ro'yobga chiqarish Nogiron mehnat sharoitlari odatdagicha bo'lgan tashkilotlarda, nogironlar mehnatidan foydalaniladigan ixtisoslashtirilgan korxonalarda, tsexlar va uchastkalarda ishlashga, shuningdek qonun bilan taqiqlanmagan yakka tartibdagi mehnat faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishga haqlidir. Nogironligi tufayli nogiron bilan mehnat shartnomasi tuzishni yoki ish yuzasidan uni yuqori lavozimga ko'tarishni rad etishga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, nogironni uning roziligisiz boshqa ishga o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi, tibbiy-ijtimoiy ekspertizaning xulosasiga ko'ra nogironning sog'lig'i kasb vazifalarini bajarishga monelik qilgan yoki nogironning yoxud boshqa shaxslarning sog'lig'i va mehnat xavfsizligiga tahdid qilgan hollar bundan mustasno. Nogiron o'z mehnat qobiliyatini tiklaganidan keyin ilgarigi ishiga yoki shunga teng ishga joylashish huquqiga ega. 25-modda. Nogironlarni ish bilan ta'minlash Xodimlarining soni yigirma kishidan ortiq bo'lgan korxonalarda, muassasalar va tashkilotlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironlarni ishga joylashtirish uchun xodimlar sonining kamida uch foizi miqdorida ish joylarining eng kam sonini belgilaydi va zaxirada saqlaydi. Nogironlarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam sonini yaratish bo'yicha mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ijro etmaganligi uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari ma'muriy javobgarlikga tortiladi. Ma'muriy jazo qo'llanilgan tashkilotlarni ushbu Qonunning nogironlarni ish bilan ta'minlashga doir talablarini bajarishdan ozod etmaydi. Nogironlar mehnatidan foydalanish uchun nogironlarning ehtiyojlarini va mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan korxonalar, tsexlar va uchastkalar tashkil etiladi. Ko'zi ojiz nogironlar sharoitlari o'z imkoniyatlariga mos keladigan ishlab chiqarishda ishtirok etishda imtiyozli huquqqa ega. Mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uyda ishlovchi nogironlarga, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi nogironlarga mazkur faoliyat uchun yashashga mo'ljallanmagan joylar berilishida, xom ashyo olishi va mahsulot sotishida zarur yordam ko'rsatadi. (QR 27.06.2014 y. 209/XV-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) 6-BOB. NOGIRONLARGA IJTIMOIY YoRDAM KO'RSATISh 26-modda. Nogironlarga ijtimoiy yordam ko'rsatish turlari Nogironlarga quyidagi turlardagi ijtimoiy yordam ko'rsatiladi: pul to'lovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yo'la beriladigan to'lovlar); texnika vositalari yoki boshqa vositalar, shu jumladan avtomobillar, o'rindiqli aravachalar, protez-ortopediya buyumlari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytirgich apparatlar va signalizatorlar bilan ta'minlash; tibbiy, kasbiy, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va maishiy xizmatlar ko'rsatish; transport xizmatlari ko'rsatish; dori vositalari bilan ta'minlash. 27-modda. Nogironlarga ijtimoiy yordam ko'rsatuvchi davlat organlari Nogironlarga mahalliy davlat hokimiyati organlari, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, sog'liqni saqlash, xalq ta'limi, boshqa davlat organlari tomonidan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari va tibbiy-maslahat komissiyalarining xulosalari asosida qonun hujjatlariga muvofiq ijtimoiy yordam ko'rsatiladi. (QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qonuniga asos o'zgartirishlar kiritilgan) 28-modda. Nogironlarga ijtimoiy-maishiy xizmat ko'rsatish Nogironlarga ijtimoiy-maishiy xizmat ko'rsatish mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari, homiylik tashkilotlari va boshqa tashkilotlar tomonidan fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari ishtirokida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. O'zgalarning parvarishiga va yordamiga muhtoj nogironlarga tuman, shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari tomonidan uyda yoki nogironlarga ijtimoiy xizmat ko'rsatish statsionar muassasalarida tibbiy va maishiy xizmatlar ko'rsatiladi. Agar xodim ish beruvchining aybi bilan nogiron bo'lib qolsa hamda o'zgalarning parvarishiga va yordamiga muhtoj bo'lsa, unda ish beruvchi nogiron mehnat qobiliyatini yo'qotgan davrda uni tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari yoki tibbiy-maslahat komissiyalarining xulosasiga binoan parvarish qilayotgan shaxsni o'z hisobidan ta'minlashi hamda jabrlangan xodimga etkazilgan moddiy zarar va ma'naviy ziyonning o'rnini qoplashi shart. (QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qonuniga asos o'zgartirishlar kiritilgan) 29-modda. Nogironlarning internat-uylarda yoki nogironlarga ijtimoiy xizmat ko'rsatishning boshqa statsionar muassasalarida bo'lish sharoitlari Nogironlarning internat-uylarda yoki nogironlarga ijtimoiy xizmat ko'rsatishning boshqa statsionar muassasalarida bo'lish sharoitlari nogironlarning ushbu Qonunga muvofiq o'z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro'yobga chiqarish imkoniyatini ta'minlashi, ularning ehtiyojlari qanoatlantirilishiga ko'maklashishi kerak. 30-modda. Nogironlarga ko'rsatiladigan ijtimoiy yordamni moliyalashtirish manbalari Nogironlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish jamg'armalari mablag'lari, shuningdek tashkilotlar va fuqarolarning ixtiyoriy badallari hisobidan ijtimoiy yordam beriladi. 31-modda. Nogironlarga va o'z tarkibida nogiron bor oilalarga imtiyozlar Nogironlarga va o'z tarkibida nogiron bor oilalarga uy-joy berish, ularning uy-joy olishi, qurishi va undan foydalanishi bo'yicha imtiyozlar uy-joy to'g'risidagi qonun hujjatlarida belgilanadi. Uy-joyga ega bo'lmagan nogironning sog'lig'ini reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari natijasida internat-uyda yoki nogironlarga ijtimoiy xizmat ko'rsatishning boshqa statsionar muassasasida bundan keyin bo'lishiga zarurat qolmagan taqdirda, unga yashash uchun qulay uy-joy maydoni beriladi. Bolalikdan nogironlarga hamda boshqa I va II guruh nogironlariga turarjoy ularning ish joylariga, davolash-profilaktika muassasalariga va transport yo'nalishlariga yaqin bo'lishi zarurligi hisobga olingan holda beriladi. Internat-uylarda yoki nogironlarga ijtimoiy xizmat ko'rsatishning boshqa statsionar muassasalarida turadigan etim yoki ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan nogiron bolalar voyaga etganidan keyin nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq, agar dasturda o'ziga o'zi xizmat ko'rsatish va mustaqil turmush tarzi olib borish imkoniyati nazarda tutilgan bo'lsa, uy-joy maydoni bilan navbatdan tashqari ta'minlanadi. Nogironlarni dori-darmonlar bilan ta'minlash, ularga texnik yoki boshqa vositalar berish, shuningdek maishiy xizmatlar va transport xizmatlari ko'rsatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bepul yoki imtiyozli shartlar asosida amalga oshiriladi. 7-BOB. NOGIRONLARNING JAMOAT BIRLAShMALARI 32-modda. Nogironlarning jamoat birlashmalari tushunchasi Nogironlar o'zlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular uchun boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni ta'minlash maqsadida nogironlar tomonidan tashkil etilgan tashkilotlar nogironlarning jamoat birlashmalari deb e’tirof etiladi. 33-modda. Nogironlarning jamoat birlashmalarini tuzish Nogironlarning jamoat birlashmalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi. 34-modda. Nogironlarning jamoat birlashmalariga moddiy-texnik va moliyaviy yordam ko'rsatish Tashkilotlar va fuqarolar nogironlarning jamoat birlashmalariga moddiy-texnik hamda moliyaviy yordam ko'rsatishi mumkin. 8-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR 35-modda. Nizolarni hal etish Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi. 36-modda. Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.