Sayt test rejiminde islemekte
Logo
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASI JO'QORG'I KENGESI OLIY DAVLAT QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT ORGANI

NODAVLAT NOTIJORAT TASHKILOTLARI FAOLIYATINING KAFOLATLARI TO'G'RISIDA

QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

05.01.2009 y. №227/III

  

NODAVLAT NOTIJORAT TASHKILOTLARI FAOLIYATINING KAFOLATLARI TO'G'RISIDA

  1-BOB. UMUMIY QOIDALAR   1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga kafolatlar berish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash, nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.   2-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlari Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Qoraqalpog'iston Respublikasining nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.   3-modda. Ushbu Qonunning ayrim nodavlat notijorat tashkilotlariga nisbatan qo'llanilishining o'ziga xos xususiyatlari Ushbu Qonun tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, nodavlat notijorat tashkilotlariga, shu jumladan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, diniy tashkilotlar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlariga nisbatan, agar ularning tashkil etilishini hamda faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlarda o'zgacha qoidalar nazarda tutilmagan bo'lsa, qo'llaniladi.   4-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo'llab-quvvatlash kafolatlari Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi, ularni qo'llab-quvvatlash shakllari va shartlarini belgilaydi. Yuridik va jismoniy shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini moliyaviy yoki boshqa jihatdan qo'llab-quvvatlashlari mumkin.   2-BOB. NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTLARI FAOLIYaTINING ASOSIY KAFOLATLARI   5-modda. Faoliyat erkinligi kafolatlari Nodavlat notijorat tashkilotlari qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat turini o'z ustavlarida belgilangan maqsadlari doirasida amalga oshirishi mumkin. Nodavlat notijorat tashkilotlari o'z faoliyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqildir, qonunlarda nazarda tutilganidan boshqa hollarda ularga hisobot bermaydi hamda ularning nazorati ostida bo'lmaydi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.   6-modda. Axborotdan foydalanish kafolatlari Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlashga bo'lgan huquqini ta'minlaydi. Axborotdan foydalanish tegishli materiallarni e’lon qilish yo'li bilan hamda ustavda belgilangan faoliyatni amalga oshirish maqsadida zarur axborotni olish uchun davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga so'rov bilan murojaat qilish huquqining nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ro'yobga chiqarilishi orqali ta'minlanadi. Nodavlat notijorat tashkilotining so'roviga iloji boricha qisqa muddatda, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo'lsa, so'rov olingan sanadan e’tiboran o'ttiz kundan kechiktirmay javob qaytarilishi kerak. Agar organ yoki mansabdor shaxs so'ralayotgan axborotga ega bo'lmasa, o'ziga murojaat etgan nodavlat notijorat tashkilotiga so'rov olingan sanadan e’tiboran etti kundan kechiktirmay bu haqda ma'lum qilishi, shuningdek imkoniyatga qarab, unga bunday axborotga ega bo'lgan organning yoki mansabdor shaxsning nomini ma'lum qilishi shart. Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari nodavlat notijorat tashkilotlariga, bu tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qonun hujjatlari, hujjatlar, qarorlar hamda boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi shart. Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborot bepul beriladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.   7-modda. Mulk huquqi kafolatlari Nodavlat notijorat tashkilotlarining mulki daxlsiz va qonun bilan muhofaza qilinadi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining mol-mulki natsionalizatsiya, rekvizitsiya va musodara qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.   3-BOB. NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTLARNING HUQUQLARI VA QONUNIY MANFAATLARINI HIMOYa QILISh   8-modda. Ishchanlik obro'sini himoya qilish Nodavlat notijorat tashkiloti, o'zining ishchanlik obro'siga putur etkazuvchi ma'lumotlar yuzasidan raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Agar nodavlat notijorat tashkilotining ishchanlik obro'siga putur etkazuvchi ma'lumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan bo'lsa, ayni shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Agar bunday ma'lumotlar tashkilotdan yuborilgan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak. O'zining ishchanlik obro'siga putur etkazuvchi ma'lumotlar tarqatilgan nodavlat notijorat tashkiloti bunday ma'lumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish natijasida etkazilgan zararlarning o'rni qoplanishini talab qilishga haqli.   9-modda. Intellektual faoliyat natijalarini himoya qilish Nodavlat notijorat tashkilotining intellektual faoliyatning ob’ektiv ifoda etilgan natijalariga va uning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarga bo'lgan mutlaq huquqi qonun bilan muhofaza etiladi hamda davlat tomonidan himoya qilinadi.   10-modda. Davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilish Nodavlat notijorat tashkilotlari davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo'ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega. Nodavlat notijorat tashkilotlari o'z huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda davlat boji to'lashdan ozod etiladi. Davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida nodavlat notijorat tashkilotiga etkazilgan zararning o'rni sudning qarori asosida qoplanishi kerak.   4-BOB. NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTLARINING FAOLIYaTINI DAVLAT TOMONIDAN QO'LLAB-QUVVATLASh   11-modda. Davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash shakllari Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida qo'llab-quvvatlashi mumkin. Davlat qonun hujjatlariga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini boshqa jihatdan ham qo'llab-quvvatlashi mumkin. Mamlakatda demokratik o'zgarishlarni yanada rivojlantirishga va bunda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishiga ko'maklashish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi, shuningdek Fond mablag'larini boshqarish bo'yicha Parlament komissiyasi tuziladi.   12-modda. Davlat subsidiyasi Davlat subsidiyasi O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg'armalari mablag'lari hisobidan nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash uchun beriladigan va maxsus loyihalar bilan bog'liq bo'lmagan moliyaviy yoki boshqa moddiy ko'makdir. Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat subsidiyalarini ajratish tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha Parlament komissiyasi tomonidan belgilanadi.   13-modda. Davlat granti Davlat granti nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov asosida O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan beriladigan pul mablag'lari va moddiy resurslardir. Nodavlat notijorat tashkilotdariga davlat grantlarini ajratish tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha Parlament komissiyasi tomonidan belgilanadi.   14-modda. Davlat ijtimoiy buyurtmasi Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat ijtimoiy buyurtmasi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat organi va nodavlat notijorat tashkiloti o'rtasida shartnoma tuzish orqali ishlarni bajarish yoki tadbirlar o'tkazishga qaratilgan davlat topshirig'idan iboratdir. Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha Parlament komissiyasi tomonidan belgilanadi.   5-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR     15-modda. Nizolarni hal etish Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga kafolatlar berish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash, nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.   16-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.