Sayt test rejiminde islemekte
Logo
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASI JO'QORG'I KENGESI OLIY DAVLAT QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT ORGANI
  • Bosh sahifa
  • Hujjatlar
  • ODAMNING IMMUNITET TANQISLIGI VIRUSI KELTIRIB CHIQARADIGAN KASALLIK (OIV INFEKTSIYASI) TARQALISHIGA QARSHI KURASHISH TO'G'RISIDA

ODAMNING IMMUNITET TANQISLIGI VIRUSI KELTIRIB CHIQARADIGAN KASALLIK (OIV INFEKTSIYASI) TARQALISHIGA QARSHI KURASHISH TO'G'RISIDA

QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

27.06.2014 y. №205/XV

  

ODAMNING IMMUNITET TANQISLIGI VIRUSI KELTIRIB CHIQARADIGAN KASALLIK (OIV INFEKTSIYASI) TARQALISHIGA QARSHI KURASHISH TO'G'RISIDA

  Ushbu Qonunga qo'yidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan: 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni   1-BOB. UMUMIY QOIDALAR   1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.   2-modda. Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlari Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to'g'risidagi Qoraqalpog'iston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.   3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) - odamning surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligini qo'zg'atuvchi; OIV infektsiyasi - odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligi; OIVni yuqtirib olganlar - odamning immunitet tanqisligi virusini yuqtirib olgan shaxslar; orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) - odamning immunitet tanqisligi virusi odamning immun tizimini shikastlashi natijasida kasallik belgilari kelib chiqadigan OIV infektsiyasining so'nggi bosqichi.   2-BOB. OIV INFEKTsIYaSI TARQALIShIGA QARShI KURAShISh SOHASINING DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLINIShI   4-modda. OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari quyidagilardan iborat: OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha yagona tizimning faoliyat ko'rsatishini ta'minlash; OIV infektsiyasi profilaktikasi, OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish, OIVni yuqtirib olganlarni bepul maxsus davolash va ijtimoiy muhofaza qilish; OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish va uni davolash vositalari bilan ta'minlash, shuningdek tashxis qo'yish, davolash va ilmiy maqsadlarda foydalaniladigan tibbiy preparatlarning, biologik suyuqliklarning xavfsiz bo'lishi ustidan nazoratni amalga oshirish; OIV infektsiyasi tarqalishi ustidan epidemiologik nazoratni amalga oshirish; OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlari to'g'risida aholini muntazam ravishda xabardor qilib borish; OIV mavjudligi yoxud mavjud emasligini aniqlash maqsadida aholini bepul, xavfsiz va maxfiy tibbiy tekshiruvdan o'tkazish uchun sharoitlar yaratish; OIVni yuqtirib olganlarning umrini uzaytirish va turmushi sifatini oshirishga, ularning o'limini kamaytirishga doir tadbirlarni amalga oshirish; OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.   5-modda. OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida davlat boshqaruvi OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida davlat boshqaruvini quyidagilar amalga oshiradi: Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi; Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi; Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi; mahalliy davlat hokimiyati organlari. OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshirishi mumkin.   6-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi: OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va amalga oshirilishini ta'minlaydi; odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlari talablarining bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi; OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir tadbirlarni muvofiqlashtirish bo'yicha respublika komissiyasining faoliyatini ta'minlaydi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.   7-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi: OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi; OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularning o'zaro aloqalarini ta'minlaydi; OIV infektsiyasi tarqalishi ustidan epidemiologik nazoratni amalga oshiradi; OIVni yuqtirib olganlarga tibbiy yordam ko'rsatish tartibini belgilaydi; davolash-profilaktika muassasalari faoliyatiga OIV infektsiyasi profilaktikasiga doir zamonaviy chora-tadbirlar, OIVni yuqtirib olganlarga tashxis qo'yish, ularni davolash hamda parvarishlash usullari joriy etilishini ta'minlaydi; OIV infektsiyasi bo'yicha epidemik vaziyatni hamda OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish va uni davolash borasida qo'llanilayotgan usullar samaradorligini baholashga doir tadqiqotlarni tashkil etadi; Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining OITSga qarshi kurashish markazi, tumanlararo OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish laboratoriyalari zamonaviy davolash-tashxis qo'yish asbob-uskunalari bilan jihozlanishini ta'minlaydi; OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi tibbiyot xodimlarini va boshqa xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlashni hamda ularning malakasi oshirilishini ta'minlaydi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.   8-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi: OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi; jazoni ijro etish muassasalaridagi OIV infektsiyasini yuqtirib olganlarga tibbiy yordam ko'rsatish uchun sharoitlarni ta'minlaydi; ichki ishlar organlari va muassasalari OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi mutaxassislar bilan to'ldirilishini, shuningdek ularning malakasi oshirilishini ta'minlaydi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.   9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari Mahalliy davlat hokimiyati organlari: OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi; Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining OITSga qarshi kurashish markazini, shuningdek tumanlararo OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish laboratoriyalarini zamonaviy davolash-tashxis qo'yish asbob-uskunalari bilan jihozlash hamda ularni ta'mirlash-rekonstruktsiya qilish ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi; aholi o'rtasida OIV infektsiyasi profilaktikasi masalalari bo'yicha axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish va o'tkazishda ishtirok etadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.   10-modda. OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir tadbirlarni muvofiqlashtirish bo'yicha respublika komissiyasi OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir tadbirlarni muvofiqlashtirish bo'yicha respublika komissiyasi (bundan buyon matnda Respublika komissiyasi deb yuritiladi) davlat organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan o'tkaziladigan OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir tadbirlarni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi. Respublika komissiyasi: OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini ta'minlaydi; OIV infektsiyasi tarqalishiga sabab bo'ladigan g'ayriijtimoiy holatlarga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqadi, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shu maqsadda aholi o'rtasida OIV infektsiyasi profilaktikasi masalalari bo'yicha axborot-tushuntirish ishlarini o'tkazadi; Qoraqalpog'iston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha o'tkazilayotgan tadbirlar monitoringini hamda ularni doimiy ravishda har tomonlama baholashni amalga oshiradi, zarur bo'lgan hollarda OIV infektsiyasi bo'yicha epidemik vaziyat murakkablashuvining oldini olish yuzasidan qo'shimcha tadbirlar ishlab chiqadi; Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining OITSga qarshi kurashish markazi OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish laboratoriyalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo'yicha chora-tadbirlarni ko'radi, ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga ko'maklashadi; OIV infektsiyasi profilaktikasi, OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish va uni davolashning inson sog'lig'i uchun xavfsiz bo'lgan usullarini amaliyotga joriy etish bo'yicha tavsiyalarni o'rganadi va ishlab chiqadi; xalqaro va chet el tashkilotlari bilan OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha o'zaro aloqani, O'zbekiston manfaatlariga mos keladigan hamkorlik o'rnatilishini ta'minlaydi. Respublika komissiyasining faoliyatini tashkil etish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.   11-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining OITSga qarshi kurashish markazi faoliyati Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining OITSga qarshi kurashish markazi (bundan buyon matnda OITSga qarshi kurashish markazi deb yuritiladi) OIV infektsiyasi profilaktikasi, OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish va uni davolash bo'yicha aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko'rsatishni, shuningdek tibbiyot muassasalarini uslubiy jihatdan ta'minlash hamda ular faoliyatiga OIV infektsiyasi profilaktikasi, OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish va uni davolashning zamonaviy usullarini joriy etishni amalga oshiradi. OITSga qarshi kurashish markazi: OIV infektsiyasi va u bilan bog'liq kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha profilaktika, epidemiyaga qarshi, tashxis qo'yish, davolash tadbirlarini amalga oshiradi; OIV/OITS yuqishining jadalligiga ta'sir ko'rsatuvchi omillarni aniqlash va ularning faolligini baholash bo'yicha maxsus epidemiologik tadqiqotlar o'tkazadi; OIV infektsiyasi profilaktikasi, OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish va uni davolashning inson sog'lig'i uchun xavfsiz bo'lgan usullarini o'rganadi hamda amaliyotga joriy etadi; OIVni yuqtirib olganlarga tibbiy yordam ko'rsatish tartibini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi; OIVni yuqtirib olganlar o'z sog'lig'i va mehnat qobiliyatini saqlab qolishi uchun zarur bo'lgan tashxis qo'yishni amalga oshiradi hamda ularga tibbiy yordam ko'rsatadi; OIV infektsiyasiga va u bilan bog'liq kasalliklarga tashxis qo'yish hamda ularni davolashni amalga oshiruvchi muassasalarga uslubiy yordam ko'rsatadi; profilaktika, tashxis qo'yish va davolash tadbirlari uchun ajratilgan mablag'lardan maqsadli hamda samarali foydalanilishini ta'minlaydi; Qoraqalpog'istonda OIV infektsiyasi profilaktikasi, OIV infektsiyasiga tashxis qo'yish va uni davolash uchun qo'llaniladigan usullarni tahlil qilishni amalga oshiradi, shuningdek ularning samaradorligini baholaydi; OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi tibbiyot xodimlarini va boshqa xodimlarni tayyorlashda, qayta tayyorlashda hamda ularning malakasini oshirishda ishtirok etadi.   12-modda. Fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining va nodavlat notijorat tashkilotlarning OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi ishtiroki Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar: OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir tadbirlarni o'tkazishda, OIVni yuqtirib olganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish hamda himoya qilishda; OIVni yuqtirib olganlarga yoki ularning qonuniy vakillariga o'z vakolatlari doirasida huquqiy, uslubiy yordam, axborot yordami va boshqa yordam ko'rsatishda; aholi o'rtasida OIV infektsiyasi profilaktikasi masalalari bo'yicha axborot-tushuntirish ishlarini mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda tashkil etish hamda o'tkazishda ishtirok etishi mumkin. Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.   3-BOB. OIV INFEKTsIYaSI TARQALIShIGA QARShI KURAShIShGA DOIR ChORA-TADBIRLAR. OIVNI YuQTIRIB OLGANLARGA TIBBIY YoRDAM KO'RSATISh   13-modda. OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish tekshiruvdan o'tayotgan shaxsning sog'lig'i holatini o'rganish va baholashdir, bunda OIV mavjudligi yoxud mavjud emasligi aniqlanadi. OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan normalar va qoidalarga muvofiq barcha davolash-profilaktika muassasalarida ixtiyoriy, majburiy yoki g'ayriixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi mumkin. OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazishda tekshiruvdan o'tayotgan shaxs bilan dastlabki va keyingi maslahatlashuv amalga oshiriladi. Voyaga etmaganlarni va muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish ularning qonuniy vakillari roziligi bilan amalga oshiriladi. Davlat sog'liqni saqlash tizimining laboratoriyalari tomonidan o'tkaziladigan tekshiruvlarning OIV mavjudligi yoki mavjud emasligi to'g'risidagi natijasi tekshiruvdan o'tayotgan shaxsga uning iltimosiga ko'ra, voyaga etmaganlarga va muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga esa, ularning qonuniy vakillariga dastlabki maslahatlashuvni amalga oshirgan davolash-profilaktika muassasasida beriladi. Tekshiruvdan o'tayotgan shaxsda OIV aniqlangan taqdirda, u bilan keyingi maslahatlashuv o'tkaziladi hamda u dispanser hisobiga qo'yiladi, mazkur shaxs o'zga shaxslarga OIV infektsiyasini yuqtirganlik uchun jinoiy javobgarlik to'g'risida yozma ravishda ogohlantiriladi. Voyaga etmaganlarda va muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarda OIV aniqlangan taqdirda, tibbiy muassasalar xodimlari bu haqda ularning qonuniy vakillarini hamda voyaga etmaganlar yoxud muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar turgan muassasa rahbarini xabardor qiladi. Tibbiy tekshiruvdan o'tkazish natijalariga ko'ra o'zida OIV aniqlangan shaxslar qon, biologik suyuqliklar donori bo'lishi mumkin emas. Tekshiruvdan o'tayotgan shaxsning iltimosiga ko'ra OIV mavjud emasligi to'g'risida sertifikat berilishi mumkin. OIV mavjud emasligi to'g'risida sertifikat berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, Respublika OITSga qarshi kurashish markazida haq evaziga amalga oshiriladi.   14-modda. Ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish Ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish tekshiruvdan o'tayotgan shaxsning xohishiga ko'ra, maxfiylikka rioya etilgan holda amalga oshiriladi. Tekshiruvdan o'tayotgan shaxsning iltimosiga ko'ra ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish anonim bo'lishi mumkin.   15-modda. Majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish Quyidagilar majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazilishi kerak: qon, biologik suyuqliklar donorlari; ellik yoshgacha bo'lgan nikohlanuvchi shaxslar; homilador ayollar; in’ektsiya orqali giyohvandlik vositalarini iste’mol etishda gumon qilinayotgan shaxslar; OIVni yuqtirib olgan onalardan tug'ilgan bolalar; o'z faoliyatida qon, biologik suyuqliklar, odam organlari va to'qimalari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlari; jinsiy sherigida OIV aniqlangan shaxslar. Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishuvga ko'ra ro'yxati belgilanadigan ayrim kasblarda ishlovchi xodimlar ishga kirayotganda, dastlabki va davriy tibbiy ko'riklardan o'tayotganda majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tadi. (QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)   16-modda. G'ayriixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish Tekshiruvdan o'tayotgan shaxsni g'ayriixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uning roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qaroriga yoki sud ajrimiga ko'ra amalga oshiriladi.   17-modda. OIVni yuqtirib olganlarga tibbiy yordam ko'rsatish OIVni yuqtirib olganlarga tibbiy yordam ko'rsatish ular OITSga qarshi kurashish markazlarida va davolash-profilaktika muassasalarida yashash joyi bo'yicha dispanser hisobiga qo'yilganidan keyin amalga oshiriladi. OIVni yuqtirib olganlarga tibbiy yordam ko'rsatish OIV infektsiyasini maxsus davolashni, shuningdek OIV infektsiyasi bilan bog'liq kasalliklar rivojlanishining oldini olishni, ularga tashxis qo'yish hamda ularni davolashni o'z ichiga oladi. OIVni yuqtirib olganlarni bepul maxsus davolash kasallik bosqichiga qarab, davolash komissiyasining xulosasiga ko'ra OITSga qarshi kurashish markazlarida, davolash-profilaktika muassasalarining OIVni yuqtirib olganlarga mo'ljallangan bo'linmalarida tayinlanadi. OIVni yuqtirib olganlarga OIV infektsiyasi bilan bog'liq kasalliklar rivojlanishining oldini olish, ularga tashxis qo'yish va ularni davolash uchun tibbiy yordam ko'rsatish OITSga qarshi kurashish markazlari tomonidan boshqa davolash-profilaktika muassasalari bilan birgalikda amalga oshiriladi. OIVni yuqtirib olgan shaxsda OIV infektsiyasi bilan bog'liq bo'lmagan kasalliklar aniqlangan taqdirda, tegishli ixtisoslashgan davolash-profilaktika muassasasida ambulatoriya yoki statsionar sharoitlarda tibbiy yordam ko'rsatiladi.   18-modda. O'z xizmat vazifalarini bajarayotganda OIV infektsiyasi yuqishi xavfi ostida bo'lgan tibbiyot xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish Tibbiyot xodimlarining o'z xizmat vazifalarini bajarayotganda ularga OIV infektsiyasi yuqishi kasb kasalliklari toifasiga kiradi. OIVni yuqtirib olganlarga tashxis qo'yish va ularni davolash bo'yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko'rsatuvchi, shuningdek profilaktika tadbirlarini va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirishni ta'minlovchi tibbiyot xodimlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.   4-BOB. OIVNI YuQTIRIB OLGANLARNING HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI, ULARNI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh   19-modda. OIVni yuqtirib olganlarning huquq va majburiyatlari OIVni yuqtirib olganlar: OIVga tibbiy tekshiruvdan o'tkazish natijalarini va OIV tarqalishining oldini olishga doir tavsiyalar olish; o'z huquqlari to'g'risida, o'zidagi mavjud kasalliklarning xususiyati va tibbiy yordam ko'rsatishda qo'llaniladigan usullar haqida axborot olish; o'ziga nisbatan insonparvarlik munosabatida bo'linishi; psixologik yordam olish huquqiga ega. OIVni yuqtirib olganlar: tibbiyot xodimlari tomonidan tavsiya etilgan OIV infektsiyasini tarqatmaslikka doir chora-tadbirlarni bajarishi; sog'lom odamlar bilan muloqotda ehtiyot choralariga rioya etishi; jinsiy sherigini, shuningdek teri va shilliq qatlamlarning yaxlitligini buzuvchi muolajalarda sanchiladigan va kesadigan asboblardan foydalanadigan tibbiyot xodimlarini va xizmat ko'rsatish sohasi xodimlarini o'z kasalligi to'g'risida xabardor etishi shart. OIVni yuqtirib olganlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo'lishi va ularning zimmasida o'zga majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.   20-modda. OIVni yuqtirib olganlarni ijtimoiy muhofaza qilish OIVni yuqtirib olganlar bepul maxsus davolanadi. O'n sakkiz yoshga to'lmagan OIVni yuqtirib olganlar, kasallik bosqichidan qat’i nazar, qonun hujjatlarida belgilangan har oylik ijtimoiy nafaqa va nogiron bolalar uchun imtiyozlar olish huquqiga ega. OIVni yuqtirib olgan bolalarning ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar ishdan vaqtincha ozod qilingan va vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini olgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bolalar bilan birga davolash-profilaktika muassasasida statsionar sharoitlarda bo'lish huquqiga ega. Qonun hujjatlarida OIVni yuqtirib olganlarni va ularning oila a'zolarini ijtimoiy muhofaza qilishning boshqa chora-tadbirlari ham belgilanishi mumkin.   21-modda. OIVni yuqtirib olganlarning huquqlari cheklanishiga yo'l qo'ymaslik OIVni yuqtirib olganlarda OIV infektsiyasi mavjudligini asos qilib, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga, ularni ishga qabul qilishni rad etishga, bundan Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro'yxatda nazarda tutilgan ayrim kasbiy faoliyat turlari mustasno, ta'lim muassasalariga, bundan ta'lim muassasalarining qonun hujjatlarida belgilangan ayrim turlari mustasno, va tibbiy yordam ko'rsatuvchi muassasalarga qabul qilishni rad etishga, shuningdek ularning boshqa huquq va qonuniy manfaatlarini cheklashga, xuddi shuningdek ular oila a'zolarining turar joy huquqlarini, boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklashga yo'l qo'yilmaydi.   5-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR   22-modda. OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni moliyalashtirish OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni moliyalashtirish O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari, Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti mablag'lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.   23-modda. OIV infektsiyasi yuqqan shaxsning sog'lig'iga etkazilgan zararning o'rnini qoplash OIV infektsiyasi yuqqan shaxsning sog'lig'iga tibbiyot xodimlari va xizmat ko'rsatish sohasi xodimlari o'z kasbiy majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi natijasida etkazilgan zararning o'rnini qoplash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Zararning o'rnini qoplash aybdor shaxslarni qonunga muvofiq javobgarlikdan ozod qilmaydi.   24-modda. Nizolarni hal etish Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.   25-modda. Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.