Sayt test rejiminde islemekte
Logo
QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASI JO'QORG'I KENGESI OLIY DAVLAT QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT ORGANI

HOMIYLIK TO'G'RISIDA

QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

11.12.2012 y. №132/X 

 

HOMIYLIK TO'G'RISIDA

  Ushbu Qonunga quyidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan 28.12.2016 y. 119/XII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni   1-BOB. UMUMIY QOIDALAR   1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi homiylik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.   2-modda. Homiylik to'g'risidagi qonun hujjatlari Homiylik to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Qoraqalpog'iston Respublikasining homiylik to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.   3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: Ko'ngillilar - homiylik oluvchining yoxud homiylik tashkilotining manfaatlarini ko'zlab bepul ishlar bajarish, xizmatlar ko'rsatish shaklidagi homiylikni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar; Homiylar - homiylikni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar; Homiylik (homiylik faoliyati) - yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik maqsadlarida boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga mol-mulkni, shu jumladan, pul mablag'larini qaytarmaslik sharti bilan yoki imtiyozli shartlarda berishda, ular uchun ishlar bajarishda, ularga xizmatlar ko'rsatish va ularni boshqacha shaklda qo'llab-quvvatlashda ifodalanadigan ixtiyoriy beg'araz yordami; homiylik oluvchilar - homiylik oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar; homiylik sub’ektlari - homiylar, ko'ngillilar, homiylik tashkilotlari, shuningdek homiylik oluvchilar; homiylik tashkiloti - jamiyatning, ayrim toifadagi yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko'zlab homiylik faoliyatini amalga oshirish uchun tuzilgan nodavlat notijorat tashkiloti; homiylik hayriyalari - homiylik maqsadlariga yo'naltiriladigan mol-mulk, shu jumladan, pul mablag'lari.   4-modda. Homiylik maqsadlari Homiylik quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi: fuqarolarni ijtimoiy jihatdan qo'llab-quvvatlash va himoya qilish, shu jumladan, aholining ijtimoiy jihatdan muhofaza qilinmagan va kam ta'minlangan toifalarining moddiy ahvolini yaxshilash, o'z jismoniy yoki intellektual xususiyatlari, boshqa holatlar sababli mustaqil ravishda o'z huquqlarini amalga oshira olmaydigan hamda qonuniy manfaatlarini himoya qila olmaydigan ishsizlarni, nogironlarni va boshqa shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish; xalqlar o'rtasida tinchlik, do'stlik va totuvlikni mustahkamlashga ko'maklashish; oilaning jamiyatdagi nufuzi va rolini mustahkamlashga ko'maklashish; onalik, bolalik va otalikni himoya qilishga ko'maklashish; ta'lim, fan, madaniyat, san’at, ma'rifat sohasidagi faoliyatga, shuningdek shaxsning ma'naviy kamol topishiga ko'maklashish; kasalliklar profilaktikasi va fuqarolar sog'lig'ini saqlash sohasidagi faoliyatga, shuningdek sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishga ko'maklashish, fuqarolarga ma'naviy-ruhiy yordam ko'rsatish; jismoniy tarbiya va ommaviy sport sohasidagi faoliyatga ko'maklashish; aholini tabiiy ofatlar, ekologiya, sanoat halokatlari yoki boshqa halokatlar oqibatlarini bartaraf etishga, baxtsiz hodisalarning oldini olishga tayyorlash; terrorchilik harakatlari, tabiiy ofatlar, ekologiya, sanoat halokatlari yoki boshqa halokatlar natijasida jabrlanganlarga yordam ko'rsatish; atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish; madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish. Qonun hujjatlariga muvofiq homiylik boshqa maqsadlarda ham amalga oshirilishi mumkin. Tijorat tashkilotlariga, siyosiy partiyalarga va harakatlarga pul mablag'lari hamda boshqa moddiy mablag'lar berish, o'zga shaklda yordam ko'rsatish, shuningdek ularni qo'llab-quvvatlash homiylik hisoblanmaydi. Saylovoldi tashviqoti va referendumga qo'yilgan masalalar bo'yicha tashviqot maqsadida homiylik qilish taqiqlanadi. Qonunga zid bo'lgan har qanday faoliyatni homiylik vositasida qo'llab-quvvatlash taqiqlanadi.   5-modda. Homiylikni amalga oshirishga bo'lgan huquq Yuridik va jismoniy shaxslar homiylikni ixtiyoriy ravishda hamda moneliksiz amalga oshirishga haqli. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo'lgan xo'jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o'tgan yilda olingan sof foydaning 10 foizidan oshmasligi kerak hamda bu xarajatlar ular biznes-rejasining o'tgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi ko'rsatkichlari bajarilganda amalga oshiriladi. (QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan) Yuridik va jismoniy shaxslar homiylikni yakka tartibda yoki birlashib, homiylik tashkilotini tashkil etgan yoxud tashkil etmagan holda amalga oshirishga haqli. Homiylar o'z homiylik xayriyalaridan foydalanish maqsadlari va tartibini belgilashga haqli.   51-modda. Olingan homiylik xayriyalarini hisobga olish va ular to'g'risidagi axborotni oshkor etish Homiylik oluvchilar (yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar): olingan homiylik xayriyalarining hisobini yuritishi; homiylik xayriyalari olingan kundan e’tiboran o'n kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek mavjud bo'lgan taqdirda o'z rasmiy veb-saytlarida olingan homiylik xayriyalari to'g'risidagi axborotni oshkor etishi shart. (QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)   2-BOB. HOMIYLIK TAShKILOTLARI   6-modda. Homiylik tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy shakli Homiylik tashkilotlari jamoat birlashmasi, jamoat fondi shaklida, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqa shaklda tashkil etilishi mumkin. Homiylik tashkilotlari o'z faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanuvchi uyushmalarga (ittifoqlarga) va o'zga birlashmalarga birlashishlari mumkin. (QR 11.08.2017 y. 153/XVII-sonli Qonuniga asosan o'zgartirishlar kiritilgan)   7-modda. Homiylik tashkilotining muassislari Homiylik tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy shakliga qarab yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar ularning muassislari bo'lishi mumkin. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, shuningdek davlat unitar korxonalari, davlat muassasalari hamda tashkilotlari homiylik tashkilotining muassislari bo'lishi mumkin emas.   8-modda. Homiylik tashkilotlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish Homiylik tashkilotlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi. Adliya organining homiylik tashkilotini davlat ro'yxatidan o'tkazishni rad etish haqidagi qarori, shuningdek mazkur organning davlat ro'yxatidan o'tkazish muddatlarini buzganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.   9-modda. Homiylik tashkilotlarining mol-mulki Binolar, er uchastkalari, transport, inshootlar, asbob-uskunalar, pul mablag'lari, qimmatli qog'ozlar va boshqa mol-mulk, shuningdek axborot resurslari va o'zga intellektual faoliyat natijalari homiylik tashkilotining mulki bo'lishi mumkin. Homiylik tashkiloti o'zida bo'lgan mol-mulkka nisbatan qonun hujjatlariga, tashkilotning ustaviga va homiylik maqsadlariga zid bo'lmagan har qanday bitim tuzishga haqli. Homiylik tashkiloti o'z ta'minoti (shu jumladan, faoliyati bilan bog'liq barcha xarajatlari) uchun moliya yilida o'zi sarflaydigan moliyaviy mablag'larning ko'pi bilan 20 foizidan foydalanishga haqli. Ushbu cheklov homiylik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan shaxslarning mehnatiga haq to'lashga nisbatan qo'llanilmaydi. Homiylik tashkiloti ko'ngillilarning ushbu tashkilotdagi faoliyati bilan bog'liq xarajatlarini (xizmat safari, transport xarajatlarini va boshqa xarajatlarini) to'lashi mumkin. Davlat, respublika byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalaridan homiylik tashkilotining hisobvarag'iga tushgan mablag'lardan faqat bu mablag'larni ajratish chog'ida nazarda tutilgan homiylik maqsadlari uchun foydalaniladi. Homiylik tashkilotlariga berilgan homiylik hayriyalaridan faqat homiylik maqsadlarida foydalaniladi va bu hayriyalardan homiylik tashkilotlarini saqlash uchun foydalanilishi mumkin emas. Homiylik tashkilotining mol-mulki bu tashkilotning muassislariga yoki a'zolariga boshqa shaxslarga sotilishi yoxud berilishiga qaraganda qulayroq shartlarda sotilishi yoki berilishi mumkin emas. Homiylik tashkiloti o'z majburiyatlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda undiruv qaratilishi mumkin bo'lgan mol-mulki bilan javob beradi.   10-modda. Homiylik tashkilotining mol-mulkini shakllantirish manbalari Homiylik tashkilotining mol-mulkini shakllantirish manbalari quyidagilar bo'lishi mumkin: homiylik tashkiloti muassislarining badallari, a'zolikka asoslangan homiylik tashkilotlari uchun esa a'zolik badallari; yuridik va jismoniy shaxslarning pul va (yoki) boshqa mol-mulk shaklidagi homiylik hayriyalari; aktsiyalar va boshqa qimmatli qog'ozlardan olingan daromadlar; qonun bilan ruxsat etilgan tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar, shu jumladan, homiylik tashkiloti ta'sis etgan tijorat tuzilmalaridan tushgan tushumlar; homiylar va ko'ngillilarni jalb etish, shu jumladan, homiylik hayriyalari yig'ish maqsadida o'tkaziladigan ko'ngilochar, madaniy, sport tadbirlari va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish kampaniyalarini o'tkazishdan tushadigan mablag'lar; qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lotereyalar va kimoshdi savdolari o'tkazishdan olingan daromadlar; Davlat, Respublika byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari mablag'lari; qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.   11-modda. Homiylik dasturi Homiylik dasturi homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi tomonidan tasdiqlangan va mazkur tashkilotning ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan vazifalarni hal qilishga qaratilgan tadbirlar majmuidir. Homiylik dasturi mo'ljallanayotgan tushumlar hamda rejalashtirilayotgan xarajatlar smetasini (shu jumladan, homiylik dasturini amalga oshirishda ishtirok etayotgan shaxslarning mehnatiga haq to'lashni) o'z ichiga oladi, dasturni amalga oshirish bosqichlari va muddatlarini belgilaydi. Homiylik dasturlarini (shu jumladan, homiylik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan shaxslarning mehnatiga haq to'lash xarajatlarini va homiylik dasturlarini amalga oshirish bilan bog'liq boshqa xarajatlarni) moliyalashtirish uchun moliya yilida tushgan daromadlarning, qonun bilan ruxsat etilgan tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlarning, shu jumladan, homiylik tashkiloti ta'sis etgan tijorat tuzilmalaridan tushgan tushumlarning kamida 80 foizidan foydalanilishi kerak. Homiylik dasturlari amalga oshirilayotganda tushgan mablag'lardan shu dasturlarda belgilangan muddatlarda foydalaniladi.   12-modda. Homiylik tashkilotini qayta tashkil etish va tugatish Homiylik tashkilotini qayta tashkil etish va tugatish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Homiylik tashkiloti tugatilganda uning kreditorlar talablari qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulkidan tashkilot ustavida nazarda tutilgan tartibda yoki, agar homiylik tashkilotining mol-mulkidan foydalanish tartibi uning ustavida nazarda tutilmagan bo'lsa yoxud qonunda boshqacha tartib belgilanmagan bo'lsa, tugatish komissiyasining karoriga binoan homiylik maqsadlarida foydalaniladi.   3-BOB. HOMIYLIKNING AMALGA OShIRILIShIDA DAVLATNING IShTIROK ETIShI. XALQARO HOMIYLIK FAOLIYaTI   13-modda. Homiylik sub’ektlariga davlat tomonidan kafolatlar berilishi Homiylik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan kafolatlanadi. Homiylik sub’ektining o'z homiylik maqsadlarini va amalga oshirish shakllarini tanlash erkinligini cheklashga yo'l qo'yilmaydi.   14-modda. Homiylikni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash Davlat homiylikni quyidagi shakllarda qo'llab-quvvatlashi mumkin: homiylik tashkilotlari ishlab chiqadigan homiylik dasturlarini tanlov asosida davlat tomonidan moliyalashtirish; davlat mol-mulkini homiylik tashkilotlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda bepul yoki imtiyozli asosda mulk qilib berish; davlat mulki bo'lgan binolar, joylar va boshqa mol-mulk ijarasi haqini to'lash bo'yicha imtiyozlar berish; homiylik tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko'maklashish; homiylar, ko'ngillilar hamda homiylik tashkilotlarini rag'batlantirish. Qonun hujjatlariga muvofiq davlat homiylikni boshqa shakllarda ham qo'llab-quvvatlashi mumkin.   15-modda. Homiylik sub’ektlariga beriladigan imtiyozlar Homiylik sub’ektlariga qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlar beriladi.   16-modda. Homiylik tashkiloti faoliyati ustidan nazorat Adliya organlari homiylik tashkilotining ustavi qoidalariga rioya etilishi ustidan o'z vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshiradi. Homiylik tashkilotining moliyalashtirish manbalari va daromadlari hamda soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lashi ustidan davlat soliq xizmati organlari qonun hujjatlariga muvofiq davlat nazoratini amalga oshiradi. Homiylik tashkilotining faoliyati to'g'risidagi hisobot qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda adliya va davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladi. Homiylik tashkilotiga mol-mulk, shu jumladan, pul mablag'lari beruvchi homiylar mazkur tashkilotdan shu mol-mulkdan maqsadli foydalanilganligi to'g'risida hisobot talab qilishga haqli. Homiylik tashkiloti o'z yillik hisobotlaridan erkin foydalanilishini ta'minlaydi. Homiylik tashkiloti daromadlari va xarajatlarining miqdorlari hamda tuzilishi, mol-mulki, xodimlarining soni, ularning mehnatiga haq to'lash va ko'ngillilarni jalb etish to'g'risidagi ma'lumotlar tijorat siri bo'lmaydi. Adliya organlari homiylik tashkiloti tomonidan o'tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun o'z vakillarini yuborishga, mazkur tashkilot a'zolaridan va boshqa fuqarolardan homiylik tashkilotining ustaviga rioya etilishi bilan bog'liq masalalar yuzasidan tushuntirishlar olishga haqli.   17-modda. Xalqaro homiylik faoliyatini amalga oshirish Homiylar, ko'ngillilar hamda homiylik tashkilotlari qonun hujjatlarida hamda xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda xalqaro homiylik faoliyatini amalga oshirishga haqli. Xalqaro homiylik faoliyati xalqaro homiylik loyihalarida, xalqaro homiylik tashkilotlarining ishida ishtirok etish, homiylik faoliyati sohasida xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish orqali, shuningdek xalqaro amaliyotda qabul qilingan hamda xalqaro huquq printsiplari va normalariga, qonun hujjatlariga zid bo'lmagan boshqa har qanday shaklda amalga oshirilishi mumkin. Homiylik tashkiloti chet el fuqarolaridan, fuqaroligi bo'lmagan shaxslardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan qonun hujjatlariga muvofiq homiylik hayriyalari olish huquqiga ega.       18-modda. Chet el fuqarolarining, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning, xalqaro va chet el tashkilotlarining Respublikasi hududidagi homiylik faoliyati Chet el fuqarolari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, xalqaro va chet el tashkilotlari respublikasi hududida homiylar va ko'ngillilar sifatidagi faoliyatni ushbu Qonunga muvofiq amalga oshirishlari mumkin. Chet el fuqarolarining, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning, shuningdek xalqaro va chet el tashkilotlarining homiylik hayriyalaridan maqsadli foydalanilishi monitoringini olib borish hamda bunday hayriyalardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.   4-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR   19-modda. Manfaatlar to'qnashuvi Ushbu Qonunda manfaatlar to'qnashuvi deganda homiylik tashkiloti va manfaatdor shaxslar (mazkur tashkilot boshqaruv organlarining xodimlari, shu jumladan mansabdor shaxslari, a'zolari, ularning yaqin qarindoshlari yoki kreditorlari, shuningdek o'zlarining homiylik tashkiloti bilan o'zaro munosabatlari oqibatida tashkilotning mol-mulkini tasarruf qilishga ta'sir etishi mumkin bo'lgan hamda shaxsiy manfaat ko'rish maqsadida tashkilot bilan shaxsan yoki o'z vakillari orqali hamkorlik qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar) o'rtasida amalga oshiriladigan, homiylik tashkilotining mol-mulkini tasarruf etishga daxldor bo'lgan, homiylik faoliyatining manfaatlari hamda maqsadlariga mos kelmagan yoki mos kelmasligi mumkin bo'lgan bitimlar va (yoki) operatsiyalar e’tirof etiladi. Homiylik tashkilotining manfaatdor shaxslar bilan bitimlar tuzishiga, shuningdek homiylik tashkiloti tomonidan manfaatdor shaxslar foydasiga boshqa harakatlar amalga oshirilishiga homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi roziligi bilan yo'l qo'yiladi. Manfaatlar to'qnashuvi chog'ida vujudga keladigan nizolar homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi tomonidan, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sud tomonidan hal qilinadi.   20-modda. Nizolarni hal etish Homiylikni amalga oshirish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.   21-modda. Homiylik to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Homiylik to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.