1

Qo’mitalar

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalari (komissiyalari):

Qonun loyihalarini tayyorlash ishlarini olib borish, Jo’qorg’i Kenges muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko’rib chiqish va tayyorlash, Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari hamda Jo’qorg’i Kenges tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun Jo’qorg’i Kenges tuzilganidan keyin uning vakolatli muddatiga deputatlar orasidan rais, uning o’rinbosari va a’zolaridan iborat tarkibda qo’mitalar (komissiya) saylanadi.

Qo’mita (komissiya) raisi, uning o’rinbosari va qo’mita a’zolari lavozimlari deputatlarning qaysi partiya yoki guruhga mansubligini hamda saylov yakunlari bo’yicha olingan deputatlik o’rinlarini hisobga olgan holda umumiy qaror bilan belgilanadi. Qo’mita raisi, uning o’rinbosari va qo’mita a’zolari lavozimlariga nomzodlarni ko’rsatish bo’yicha takliflarni fraktsiyalarning rahbarlari bilan kelishilgan holda kiritiladi.

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalarining (komissiyalarining) barcha a’zolari teng huquqlardan foydalanadilar.Qo’mita (komissiya) tarkibiga saylanmagan deputatlar uning ishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishga haqli.

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalari (komissiyalari) Jo’qorg’i Kenges oldida mas’ul va unga hisobdordir.

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalari (komissiyalari):

– Jo’qorg’i Kenges, uning Raisi, Prezidiumi topshiriqlari yoki o’z tashabbusi asosida o’zlarining vakolatlariga kiradigan masalalar bo’yicha qonunlarning va Jo’qorg’i Kengesning boshqa qarorlarinining loyihalarini ishlab chiqadi;

– qonun loyihalarining dastlabki tarzda ko’rib chiqilishini va ularni Jo’qorg’i Kengesda ko’rib chiqishga tayyorlashni amalga oshiradi;

– qonunni sessiya majlisi kun tartibiga kiritish yoki uning ustida ishlashni davom ettirish yoxud asoslantirilgan holda uni rad etish to’g’risida Prezidiumga takliflar kiritadi;

– Qoraqalpog’iston Respublikasining byudjeti loyihasi yuzasidan xulosalar va takliflar beradi;

– Jo’qorg’i Kengesning topshirig’iga yoki Jo’qorg’i Kenges Prezidiumining tavsiyasiga binoan muayyan qonun loyihasi yoki palata vakolatlariga kiradigan boshqa masala yuzasidan mas’ul bo’ladi;

– qo’mitalar (komissiyalar) ishlab chiqqan, shuningdek qonun chiqarish tashabbusi asosida kiritilgan qonunlarni ko’rib chiqish bo’yicha ishchi guruhlari tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning rahbarlarini jalb etadi;

– qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari vakillarining ular tomonidan kiritilgan qonun loyihasiga taalluqli masalalar yuzasidan fikrlarini eshitadi;

– kiritilgan Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari, shuningdek Jo’qorg’i Kenges tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar matniga o’zgartish yoki qo’shimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

– davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalari, statistika ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlarni talab qilib oladi;

– davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari, Jo’qorg’i Kenges hujjatlari hamda qo’mitalarning qarorlari ular tomonidan qanday bajarilayotgani haqidagi axborotlarini eshitadi.

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalari (komissiyalari) ishni o’z rejalariga, shuningdek, Jo’qorg’i Kenges, uning Raisi va Prezidiumi topshiriqlari hamda tavsiyalariga muvofiq tashkil etadi.

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalarining (komissiyalarining) faoliyati tartibi Jo’qorg’i Kenges Reglamentida belgilanadi.

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalarining (komissiyalarining) majlislari zaruratiga ko’ra chaqariladi va o’tkaziladi.

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalarining (komissiyalarining) majlislari, agar ularda qo’mita a’zolarining kamida yarmi hozir bo’lsa, vakolatli hisoblanadi.

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalarining (komissiyalarining) majlislari ochiq o’tkaziladi. Zarurat bo’lganida Jo’qorg’i Kenges qo’mitalari (komissiyalari) yopiq majlis o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilishi mumkin.

Qo’mitalarning (komissiyalarning) majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televidenie, radio hamda boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalari (komissiyalari) ko’rib chiqayotgan masalalar yuzasidan qo’mita (komissiya) jami a’zolarining ko’pchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.

Jo’qorg’i Kenges qo’mitalarining (komissiyalarining) davlat organlariga yuborilayotgan qarorlari ular tomonidan ko’rib chiqilishi shart, natijalari yoki ko’rilgan choralar to’g’risida, agar qarorda boshqacha qoida belgilangan bo’lmasa, ko’pi bilan bir oydan kechiktirmay xabar qilinishi kerak.

 

1.         Byudjet, iqtisodiy islohotlar va investitsiyalar masalalari qo’mitasi
2.         Qonuniylik, sud-huquq va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari qo’mitasi
3.         Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo’mitasi
4.         Agrar, suv xo’jaligi va tabiatni muhofaza qilish masalalari qo’mitasi
5.         Ijtimoiy-madaniy rivojlanish va jamoat birlashmalari masalalari qo’mitasi
6.         Yoshlar siyosati va sog’lom avlodni tarbiyalash masalalari qo’mitasi
7.         Reglament va deputat odobi masalalari komissiyasi