Jo'qorg'i Kenges Raisi Vatan himoyachilari uchun xizmat qiladigan uchta ob’ektni foydalanishga topshirdi
1875
Davlatimiz rahbari O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo'llagan bayram tabrigida harbiy xizmatchilarning oila a'zolari hamda soha faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham jiddiy ahamiyat berilayotganini ta'kidlab o'tdi. Tabrikda 2022 yilning o'zida 3 mingdan ortiq harbiylar uy-joy bilan ta'minlangani, salkam 2 ming harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berilgani, 4 mingdan ziyod harbiylarning turmush o'rtoqlari kasbga o'qitilib, ishga joylashtirilgani, 1250 nafar harbiy pensionerning bandligi ta'minlangani e’tirof etildi.
Jumladan, 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 31 yillik bayramiga bag'ishlab, Nukus garnizonidagi uchta kapital ta'mirdan chiqqan ob’ekt foydalanishga topshirilishi, kechayu kunduz halovatidan ayrilib, mamlakatimiz tinchligi yo'lida fidoyilarcha xizmat qilayotgan harbiylar uchun chinakam bayram sovg'asi bo'ldi.
Harbiy qismning shtabi va tibbiyot punkti binosi hamda Nukus uy-joydan foydalanish hududiy qismiga qarashli yotoqxonaning tantanali ochilish marosimida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi Amanbay Orыnbaev, Shimoli-g'arbiy harbiy okrug qo'mondonligi, kuch tuzilmalarining hududiy rahbarlari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi hayotini sharafli va muqaddas vazifaga bag'ishlagan yurt himoyachilarini 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan tabriklab, so'nggi yillarda Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligi, hozirjavobligi, salohiyati, tezkorligi yanada oshganini e’tirof etdi.











Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Axborot xizmati