Prezident Shavkat Mirziyoevning Singapurga davlat tashrifi doirasida oliy darajadagi tadbirlar – ushbu mamlakat Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar bo'lib o'tdi
1517
O'zbekiston-Singapur sammitidan avval Singapur Prezidentining “Istana” saroyida davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo'ldi.
So'ng O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga Singapurning milliy ramzi bo'lgan orxideya gulining yangi naviga nom berish marosimi bo'lib o'tdi. An’anaga ko'ra, Prezident Shavkat Mirziyoev gulning yoniga yangi turdagi orxideyaning nomi - “Shavkat Mirziyoev orxideyasi” deb yozilgan taxtachani joylashtirdi.
Shundan so'ng Prezidentlar ikki tomonlama uchrashuv o'tkazdilar. O'zbekiston va Singapur o'rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.
So'ng “Istana” qarorgohida Prezidentimiz Singapur Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokara o'tkazdi.
Delegatsiyalar rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida O'zbekiston-Singapur hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 8 ta hujjat almashildi.
Ochiq va do'stona muhitda o'tgan uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoev Li Syan Lunni o'ziga qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Bugunning o'zida Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkentga jo'nab ketadi.





