Qoraqalpog'istonda “Xalqaro olimpiya kuni” keng nishonlandi
1394
Xabaringiz bor, mamlakatimizda ushbu hafta “Xalqaro Olimpiya kuni” munosabati bilan sport haftaligi o'tkazilmoqda.
Ma'lumki, 1894 yil 23 iyun kuni frantsiyalik sport fidoyisi, baron Per de Kuberten tomonidan Xalqaro Olimpiya qo'mitasiga asos solinadi. 1942 yildan boshlab “Olimpiya kuni” keng nishonlanadi.
O'zbekiston 1994 yilda HOQning to'laqonli a'zosiga aylangach, yurtimizda “Olimpiya kuni” keng nishonlanib kelmoqda. Ilgari bu sana “Olimpiya yugurish kuni” deb yuritilgan va shu kuni ommaviy yugurish musobaqalari o'tkazilgan xolos. 2009 yilda HOQning o'sha vaqtdagi prezidenti Jak Roggening taklifi hamda tashkilot qaroriga ko'ra “Olimpiya yugurish kuni” – “Olimpiya kuni” deb o'zgartirildi.
Mamlakatimizda bu yildan boshlab “Olimpiya kuni” ilk marotaba xalq sayli sifatida keng nishonlanmoqda.
Yurtimizning barcha joylari singari Qoraqalpog'istonda ham bu sana “Tokio sari yo'l” shiori ostida yuqori saviyada tashkil etildi. «Xalqaro Olimpiya kuni» munosabati bilan respublikamizning barcha tumanlarida sport musobaqalari o'tkazildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi hamda Vazirlar Kengashi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan mazkur sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar 5 iyul kuni poytaxtimiz Nukus shahrida ham yuqori saviyada o'tkazildi.
Olimpiada dasturidan joy olgan bir qator sport turlari bo'yicha musobaqalar tashkil etilib, g'olib va sovrindorlar medal, diplom hamda qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, poytaxtimizning markaziy ko'chasida O'zbekiston, Osiyo, jahon chempionlari hamda xalqaro turnirlarning g'oliblari, umidli yosh sportchilarning paradi ham tashkil etildi.
“Xalqaro Olimpiya kuni”ga bag'ishlangan xalq sayli poytaxtimizdagi “Amfiteatr”da o'tkazilgan gala-kontsert bilan davom etdi.
Tadbirda so'zga chiqqan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisining o'rinbosari A.Xamraev barchani mamlakatimizda keng nishonlanayotgan “Xalqaro Olimpiya kuni” bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va Vazirlar Kengashi nomidan samimiy tabrikladi va mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga to'qtab o'tdi. Shuningdek, “Xalqaro Olimpiya kuni” munosabati bilan o'tkazilgan sport musobaqalarida yaxshi natijlarga erishgan, «Eng yaxshi maktabgacha ta'lim muassasasi», «Eng yaxshi umumta'lim maktabi» va «Eng exshi sport maktabi» nominatsiyalari g'oliblariga tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovg'alarni tantanali ravishda topshirdi.
Tadbir respublika san’atkorlarining ishtirokidagi gala kontsert bilan davom etdi.