Xalqni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga echim topish bo'yicha xayrli ishlar bugun To'rtko'l tumanida boshlab yuborildi
2367
Hozirgi kunda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqning turmush sharoitini yaxshilash, ularni qiynab kelayotgan muammolariga echim topish, farovon hayotini ta'minlash borasida keng ko'lamda ishlar olib borilmoqda. Albatta, bunda asosiy maqsad xalqimizning bugungi kunidan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan roziligini ta'minlash hisoblanadi.
Ayni paytda To'rtkul tumanida 1245 km uzunlikda yo'llar mavjud bo'lib, shundan 874 km tuproq yo'llar, 154 km qum-shag'al aralashmali yo'l, 136,2 km asfaltobeton qoplamali yo'l va 6,8 km beton qoplamali yo'llarni tashkil qiladi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orыnbaev tashabbusi bilan To'rtko'l tumani xalqini yillar davomida qiynab kelgan, yozda chang-to'zonli, yog'ingarchilikli kunlarda loyli tuproq yo'llarni ta'mirlash ishlari boshlab yuborildi.
Dastlab Jo'qorg'i Kenges Raisi boshchiligida xayrli ish boshida barcha tegishli soha rahbarlari ishtirokida uchrashuv o'tkazilib, vazifalar belgilab olindi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanovlar ishtirok etishdi.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infrastrukturasini yanada yaxshilash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar haqqida”gi 408-sonli qarori doirasida To'rtko'l tumanida 21,17 km uzunlikdagi yo'llarda ta'mirlash ishlari, shundan 4,3 km asfalt, 16,9 km yo'lga qum-shag'al aralashmasining yotqizilishi, 29,3 km uzunlikdagi suv tarmoqlarini yangidan tortish va rekonstruktsiya qilish, 2 ta suvni chuchuklashtiruvchi inshoatni rekonstruktsiya qilish, 2 ta mahalla imoratini, 12 km piyodalar yo'lini qurish, 2 dona transformatorni yangilash, bir hududga piyodalar ko'prigini qurish hamda 3 km uzunlikdagi gaz tarmog'ini ta'mirlash rejalashtirilgan. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun 33 mlrd. 187 mln.so'm ajratilgan va ishlar boshlab yuborilgan.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 sentyabr kungi “Qoraqalpog'iston Respublikasi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qulay biznes muhitini yaratish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va infrastrukturalar bilan ta'minlanganlik darajasini yanada yaxshilash orqali xalqning farovonligini oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari haqqida”gi 500-sonli qarori doirasida tuman markazidagi 41 km uzunlikdagi 102 tuproq ko'chalarni qum-shag'al qorishmali yo'llarga aylantirish belgilangan.
Bundan tashqari, yurtimizda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi Amanbay Orыnbaevning tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan “Mehr harakati” doirasida tumandagi sharoiti og'ir oilalarni qish mavsumidan betalofat olib chiqilishini ta'minlash, moddiy qo'llab-quvvatlash, turar joylarini ta'mirlab, ehtiyoj tug'ilgan uylarni shifer kilib berish, salomatligida muammosi bor fuqarolarga tibbiy yordam ko'rsatish yuzasidan ham vazifalar belgilab olingan bo'lib, mazkur ishlar hozirgi kunda hayotda amaliy ifodasini topmoqda.
Har bir fuqaro bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar va “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi ezgu tashabbuslarni hozirgi kunning o'zidayoq sezishi kerak va bu amalda o'z tasdig'ini topmoqda. Boshlanayotgan ishlar ham mana shu ezgu maqsadlarni ko'zlagan holda yo'lga qo'yilib, davlat islohotlarining har bir oilaga kirib borishi ta'minlanadi.














Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Axborot xizmati