Jo'qorg'i Kenges Raisi boshchiligida Nukus shahrini rivojlantirish bo'yicha vazifalar belgilab olindi
1577
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orыnbaev joylarda bo'lib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag'allikni qisqartirish va aholining bandligini ta'minlash yo'nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bo'yicha majlislar o'tkazmoqda.
Shu yo'nalishda navbatdagi majlis Nukus shahrida bo'lib o'tdi.
Unda tegishli vazirlik, qo'mita, boshqarma rahbarlari qatnashdi.
O'tgan yili Nukus shahrida o'tkazilgan uchrashuvda fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarga echim topish, sohalarda yo'l qo'yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Shu o'rinda, Nukus shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari ko'rib chiqilib, soha va sektor rahbarlariga aniq topshiriqlar yuklatildi.
Bugungi kunda Nukus shahrida 2022-yili o'tkazilgan majlisda belgilab berilgan 29 topshiriqning 20 tasi bajarilgan. Jumladan, aholini tadbirkorlikka tortish, ularning bandligini ta'minlash orqali doimiy daromad manbasiga ega bo'lishini yo'lga qo'yish va kambag'allikdan chiqarish masalalarida qator kamchiliklarga yo'l qo'yilgan. Hokim yordamchilari tomonidan jami 64 fuqarolar yig'inidan 26 fuqarolar yig'inida engillashtirilgan kreditlarning to'liq o'zlashtirilishi ta'minlanmagan.
Shu jumladan, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi asosida ajratilgan kreditlardan muammoli qarzdorliklar ortgan. Bundan tashqari, hurmatli Prezidentimizning 2022 yil fevral oyida Qoraqalpog'istonga tashrifi davomida tasdiqlangan bayonnomasiga muvofiq kichik biznes sub’ektlari sonini 2 barobarga orttirish belgilangan. Lekin, Nukus shahrida o'tgan yili yangidan tashkil etish belgilangan 63 kichik biznes sub’ektining ochilishi ta'minlanmagan.
Tegishli rahbarlarga belgilab berilgan aholiga nafi tegadigan kichik loyihalarni qisqa muddatda ishga tushurish vazifalarini ham hisobotlarga qo'shib yozishlarga yo'l qo'yilgan.
Hurmatli Prezidentimizning 2022-yil 25-iyuldagi PQ-331-sonli qaroriga asosan mahallalarda sanoat, hunarmandchilik va chorvachilik yo'nalishidagi tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash va ularga shart-sharoitlar yaratish, yangi ish o'rinlarini yaratish, fuqarolarning daromadlarini oshirish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasida 2022-2024 yillar mobaynida jami 52 mahallada mikro markazlar tashkillashtirilishi belgilangan. Shundan, Nukus shahrida shu yilda bitta mahallada ishga tushirilishi nazarda tutilgan mikro markaz tashkil etish uchun bugunga qadar bo'sh turgan inshoat yoki bo'sh er o'rni belgilab olinmagan.
Jo'qorg'i Kenges Raisi shu kabi qator xato va kamchiliklarni tanqid qildi va o'z vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan qaragan, topshiriqlarni kechiktirishga yo'l qo'ygan Sarbinaz MFY, Eli abat MFY, Do'stlik guzari MFY, Do'stlik MFY va Gulzar MFY larning hokim yordamchilariga intizomiy jazo qo'llanildi.
Shu bilan birga majlisda Jo'qorg'i Kenges Raisi tomonidan Nukus shahrini rivojlantirishning asosiy yo'nalishlari belgilab berilib, aniq vazifalar topshirildi.
Jumladan, joriy yilda Nukus shahrida “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi asosida jami 130,6 mlrd. so'm miqdoridagi engillashtirilgan kredit mablag'lari ajratilishi, yangi ish o'rinlarining yo'lga qo'yilishi, yangidan kichik biznes sub’ektlarini tashkil etish, investitsiya mablag'larini jalb etish belgilanganligi aytib o'tildi.
Majlis yakunida Nukus shahrini rivojlantirish bo'yicha oldinga qo'yilgan vazifalar belgilab olinib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.





Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Axborot xizmati