Toshkent shahrida buyuk shoirimiz Berdaqning haykali o'rnatildi
2644
Barchamizga ma'lum, bugungi kunda mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida milliy ma'naviyatimizni, adabiyotimizni yanada rivojlantirish, adabiyotimizning buyuk namoyondalariga bag'ishlab yodgorliklar o'rnatish, ularning xotiralarini abadiylashtirish, ulug' adiblarimiz nomi bilan ataladigan ijodiy maktab va markazlar tashkil etish, xiyobonlar bunyod qilish bo'yicha katta ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu jumladan, Prezidentimiz tomonidan Toshkent shahar Mirobod tumanining Nukus va T.G.Shevchenko ko'chalari chorrahasida qoraqalpoq klassik shoiri Berdaqning haykalini o'rnatish tashabbusi ilgari surilgan edi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi tomonidan ijodkor ziyolilar, olimlar, yozuvchi va shoirlarimizning bildirgan tavsiyalarga muvofiq shoirning yangi haykali tayyorlandi va haykal joriy yil 9 iyul kuni mazkur ko'chalar chorrahasiga o'rnatildi.
Haykal tagida “Qoraqalpoq xalqining buyuk shoiri Berdaq Qarg'aboy o'g'li” degan qatorlar aks ettirildi.
Haykalning tayyorlanishi va o'rnatilishi jarayonida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, O'zbekiston badiiy akademiyasi, Toshkent shahar hokimligi mutasaddi va ma'sul xodimlari va Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi rahbariyati bevosita ishtirok etdi.
Albatta, bu haykalning o'rnatilishi yurtboshimiz rahnomaligida bu borada amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning uzviy davomi hamda buyuk shoirimizga ko'rsatilayotgan yuksak hurmat-ehtirom belgisi bo'lib hisoblanadi.