O'zbekiston – Qirg'iziston: xavfsizlik sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
O'zbekiston – Qirg'iziston: xavfsizlik sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
1587
Toshkentda 17 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati va Qirg'iz Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibiyati o'rtasidagi maslahatlashuvning ikkinchi davrasi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Qirg'iz Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imankulov raisligida kechgan tadbirda davlatlarimiz o'rtasidagi strategik sheriklik munosabati o'zaro ishonch va hurmat, bir-biri manfaatlarini hisobga olish va konstruktiv muloqot tamoyillari asosida rivojlanayotgani qayd etildi.
Tomonlar davlatlarimiz rahbarlarining qat’iy sa'y-harakati tufayli keyingi yillarda o'zaro munosabatlarni tubdan yaxshilashga erishilgani, aloqalarimiz mazmunan boyib borayotgani, ko'p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor qo'yilganini e’tirof etdilar.
V.Mahmudov so'zi avvalida Qirg'iziston delegatsiyasining barcha a'zolarini yaqinlashib kelayotgan Navro'z ayyomi bilan qutlab, O'zbekiston Qirg'iziston bilan asrlar davomida bizni bog'lab kelayotgan rishtalar – yaxshi qo'shnichilik munosabati, umumiy qadriyat va manfaatlarimizni yuksak qadrlashini ta'kidladi.
Maslahatlashuv chog'ida xalqaro terror, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi singari mintaqaviy xavfsizlik bilan bog'liq va boshqa tahdid, xavf-xatarlarga qarshi kurash bo'yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O'zbekiston-Qirg'iziston chegaralarini delimitatsiya qilish jarayoni yakunlanishi tarixiy voqea ekani ta'kidlandi.
Vakolatli idoralarining birgalikdagi sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibiga doir dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilgan qo'shma qarorlar ishlab chiqish maqsadida Maslahatlashuvning izchil mexanizmini yo'lga qo'yish muhimligi yakdil e’tirof etildi.
– Bugungi tahlikali davrda uchraydigan hech bir muammoni muayyan mamlakatning o'zi mustaqil hal qila olmaydi, – dedi o'z navbatida M.Imonqulov. – Shu bois barcha sohalar qatori xavfsizlik bilan bog'liq masalalarni hal etishda ham hamkorlik juda muhim. 2019 yilda bo'lib o'tgan maslahatlashuvning birinchi davrasidan so'ng o'zaro aloqalarimiz sezilarli darajada chuqurlashdi. Bugungi muzokaralarimiz sherikligimizni yanada mustahkamlaydi, degan umiddamiz.
Tadbir davomida tomonlar xavfsizlik sohasidagi sheriklikni kengaytirish bo'yicha umumiy tashabbus va tavsiyalarni ilgari surishdi, birgalikdagi ishlar samaradorligini muntazam oshirib borish, foydalanilmagan salohiyatni yuzaga chiqarish orqali harakatlarga yangi, jadal sur’at bag'ishlash muhimligini ma'qullashdi.
Tomonlar konstruktiv hamkorlikni bundan keyin ham qo'llab-quvvatlashga sodiqligini, xavfsizlik sohasidagi O'zbekiston-Qirg'iziston sherikligini, jumladan, shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash, birgalikdagi amaliy sa'y-harakatlar mexanizmini muvofiqlashtirish orqali rivojlantirishga qat’iy tayyor ekanligini tasdiqladilar.
Uchrashuv yakunida xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga qaratilgan aniq yo'nalishlar, chora-tadbirlar belgilangan Maslahatlashuv protokoli imzolandi.