“Qilayotgan ishlarimiz ko‘p, xalqimizning o‘zi bu o‘zgarishlarga adolatli bahosini beradi” — Prezident
1368
So'nggi olti yilda Qoraqalpog'istonda 15 trillion so'm investitsiya hisobiga 5 300 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Tadbirkorlar soni 2 baravar ko'payib, 46 mingta doimiy ish o'rni yaratildi.
Ilgari sanoati eng past bo'lgan 6 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, Qoraqalpog'istondagi ulushi 12 foizga etdi. Qorao'zakda sanoat 5 baravar, Ellikqal’a, Mo'ynoq, Taxtako'pirda 3 baravar, Shumanay va Nukus tumanida 2 baravar oshib, bu tumanlarda ishlab chiqarish 2 trillion so'mga etdi.
“Umuman, so'nggi olti yilda Qoraqalpog'istonda sanoat 1,3 baravar o'sdi, 61 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Ayniqsa, kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va to'qimachilik, farmatsevtika sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish 2 baravardan ziyod o'sdi. Mana, bugun ham sizlar bilan birgalikda 1 ming 100 ta yangi doimiy ish o'rniga ega 6 ta korxona ishga tushiriladi”, — dedi davlat rahbari.
Mazkur korxonalar orqali, Qoraqalpog'istonda ishlab chiqarishga 300 milliard so'm, eksportga 20 million dollar qo'shiladi.
“Lekin, iqtisodiyotni rivojlantirish va aholini ishli qilish bo'yicha hali imkoniyatlar ko'p. O'tgan yili avgust oyida kelib, hamma vazifalarni belgilab olgan edik. Jumladan, Qoraqalpog'istonda tadbirkorlikni rivojlantirish va ijtimoiy masalalarni echish bo'yicha katta qaror va dastur qabul qilindi. Bular bilan 2023 yilning o'zida 670 milliard so'm va 340 million dollar mablag'lar ajratildi”, — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoev tadbirkorlar uchun foyda, aylanmadan soliq, er va mol-mulk soliqlari 2 baravar pasaytirilgani, shuningdek, ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilanini ta'kidladi.
“Bu orqali, Qoraqalpog'istonning barcha tadbirkorlari (23 ming) ixtiyorida yiliga 500 milliard so'm qolayapti. Faqat ushbu hudud tadbirkorlariga tijorat kreditlarining 75 foiziga Tadbirkorlik jamg'armasi kafilligi berilishi belgilandi. Har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirildi. Qilayotgan ishlarimiz ko'p va buni xalqimiz ko'rib turibdi. Ularning o'zi bu o'zgarishlarga adolatli bahosini beradi”, — deya qo'shimcha qildi prezident.