Bunyodkorlik loyihalari muhokama qilindi
1508
Prezident Shavkat Mirziyoev Yangi Toshkent shahri loyihasi kontseptsiyasi va poytaxtdagi bunyodkorlik ishlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari 18 mart kuni Yangi Toshkent shahri loyihasiga tamal toshi qo'ygan edi. Bugungi taqdimotda uning birinchi bosqichi doirasidagi masalalar ko'rib chiqildi.
Bu bosqichda 60 ming aholiga mo'ljallangan ko'p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma'muriy binolar, bog'lar, ijtimoiy va iqtisodiy ob’ektlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Bularni loyihalashtirish va barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun direktsiya tuzildi. Xorijiy megapolislardagi urbanizatsiya va qurilish tajribasi o'rganildi.
Shunga muvofiq, Yangi Toshkentni administratsiya, iqtisodiyot, ta'lim, sog'liqni saqlash va madaniyat kabi 5 ta negiz asosida qurish mo'ljallanmoqda. Bularning har biri tizimdagi bo'g'inlar va quyi tashkilotlarni o'z ichiga oladi.
Taqdimotda bunyodkorlik jarayonining “yo'l xaritasi” bo'yicha ham axborot berildi. Albatta, bunday ulkan loyihani amalga oshirish uchun ish, avvalo, infratuzilma yaratishdan boshlanadi. Qayd etilganidek, bunda zamonaviy urbanizatsiya yondashuvlari, “aqlli” texnologiyalar qo'llaniladi. Masalan, “uch-generatsiya” stantsiyasi qurilib, ham elektr ishlab chiqariladi, ham binolar qishda isitilib, yozda sovutiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari er tagidan o'tkaziladi.
Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo'ladi. “Toshkentning yashil belbog'i” loyihasi shu erdan boshlanadi. Piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda avtomobillar uchun er osti turargohlari, 14 ta zamonaviy tunel, Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko'prik bunyod etiladi.
Davlatimiz rahbari bo'lajak shaharda “inson qadri” tamoyilini qaror toptirish, turli yoshdagi odamlarning ehtiyojlarini inobatga olib, barcha qulayliklarni yaratish zarurligini ta'kidladi. Inshootlarni ekspluatatsiya va transportlar uchun qulay joylashtirish, yashil hududlar ko'p bo'lishiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta'kidladi.
Taqdimotdagi yana bir loyiha Toshkent erusti metrosining ostida savdo va xizmat shoxobchalarini joylashtirish haqida bo'ldi. Jumladan, mazkur transport inshootining Yashnobod tumanidagi qismida 4 kilometr bo'sh joy bor. U erda yashil hududlar, avtoturargoh, vorkaut maydonchalari, savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalari tashkil etish mumkin. Bu borada Berlin shahri tajribasi o'rganilgan.
Ushbu hududlarni lotlarga ajratgan holda ijaraga berish, xavfsizlikni ta'minlab, aholi uchun qo'shimcha qulayliklar yaratish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

