“Mo'ynoq porloq tekstil” korxonasi foydalanishga topshirildi
1992
Joriy yilning 22 iyul kuni Mo'ynoq tumanida “Mo'ynoq porloq tekstil” tikuvchilik majmuasi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda so'zga chiqqan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Erniyazov bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida Mo'ynoq tumanida olib borilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari, yangilanishlar, xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash hamda aholining yashash tarzini yaxshilash borasida olib borilayotgan ezgu ishlar haqida aytib o'tdi.
“O'zpaxtasanoat” AJning 10 mlrd. so'm mablag'i hisobidan “Nukus agrosanoat qurilish montaj” MChJ tomonidan sifatli qurib bitkazilgan mazkur tikuvchilik majmuasining ish boshlashi natijasida 500 nafarga yaqin xotin-qizlar bandligining ta'minlanishi nazarda tutilgan. Zamonaviy xorijiy texnologiya va tikuv mashinalari bilan jihozlangan yangi korxonada ayni paytda 350 nafar xotin-qizlar maxsus kurslarda o'qitilib, ishga qabul qilindi. Korxonada ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, korxonoga ishga joylashayotgan xotin-qizlarni uy-joylar bilan ta'minlash maqsadida tuman markazidan qurilayotgan yangi uy-joylar uchun “O'zpaxtasanoat” AJ tomonidan 400 mln. so'mlik badal pullari to'lab berildi.
Shuningdek, MChJ huzuridan korxonada tikilgan kiyim-kenchaklarni nafaqat mahalliy aholiga, balki tumanga tashrif buyuruvchi turistlarga ham sotish uchun maxsus dukon tashkil etildi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi.
