Jo'qorg'i Kenges Raisi 4 ta tuman tadbirkorlari uchun videokonferentsaloqa orqali qabul o'tkazdi
1485
Joriy yilning 23 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi o'tkazilgan edi.
Mazkur videoselektorda belgilangan vazifalarning so'zsiz ijrosini ta'minlash, respublikamizning shahar va tumanlarida kichik biznes hamda tadbirkorlikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va ularning muammolarini hal etish maqsadida 26 iyul kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Erniyazov Amudaryo, Beruniy, To'rtko'l va Ellikqal’a tumanlarining tadbirkorlari bilan vedeokonferentsaloqa orqali qabul o'tkazdi.
Tadbirda sektor rahbarlari, vazirliklar, tashkilotlar, korxonalar, huquqni muhofaza qilish organlari, tijorat banklari rahbarlari hamda tegishli soha vakillari ishtirok etdi.
Videokonferentsaloqa orqali bo'lib o'tgan qabulda mazkur tumanlarda faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi hamda o'zlarini qiynayotgan masala va muammolarni o'rtaga qo'ydi.
Qabul davomida tadbirkorlar asosan imtiyozli kredit, er maydonini ajratish, kommunal xizmat ko'rsatish, mahsulotlarni eksport qilish singari masalalarda murojaat etdi va hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmadi. Ma'lum qismi joyida o'z echimini topgan bo'lsa, atroflicha o'rganish talab etiladigan masalalar bo'yicha tegishli soha rahbarlariga shaxsan tumanlarga chiqib, tadbirkorlar bilan uchrashib, muammoni hal etish bo'yicha aniq topshiriqlar berildi.