IT sohasini rivojlantirish bugungi kunning asosiy vazifalaridan biri
1681
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesi Raisi Amanbay Orinbaev Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialida bo‘lib, yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv yaqindan muloqot hamda ochiq-oydin fikr almashish yo‘sinida o‘tkazildi.
Unda dastlab, muhtaram Prezidentimiz boshchiligida so‘ngi yillarda ta'lim sohasini rivojlantirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng jalb qilish, IT sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada kengaytirish, shu asosda yurtimizning rivojlanishi yo‘lida barcha sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalarni tadbiq qilish, raqamlashtirishni keng qo‘llash borasidagi imkoniyatlar berilayotgani ta'kidlab o‘tildi.
Uchrashuvda shuningdek, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan shu darajada imkoniyatlar yaratib berilayotganiga qaramasdan respublikamizda IT sohasini rivojlantirishda ishlar etarli darajada emasligi tanqid qilindi.
"IT sohasi bu kelajak kasbi hisoblanadi. Ya’ni, unda kam pul sarflash orqali yuqori daromad olish mumkin. Shuningdek, davlat boshqaruvi sohasida raqamlashtirishni qo‘llash, ortiqcha vaqt talab qiladigan qog'ozbozlikni kamaytirish, byurokratik to‘siqlar kabi qator illatlardan qutilishda bu sohani rivojlantirishning ahamiyati alohida. Eng muhimi, IT sohasi bilan xalqimizning og'irini engil qilish, turmushini farovon qilishda keng imkoniyatlarga ega bo‘lamiz"- dedi Jo‘qorg'i Kenges Raisi o‘z so‘zida. - "Muhtaram Prezidentimizning IT sohasini rivojlantirishga, umuman barcha sohalarning rivojlanishi uchun, ayniqsa Qoraqalpog'iston uchun qaratayotgan e’tiborlari va g'amxo‘rliklarining cheki yo‘q. Muammo faqatgina ayrim rahbarlarning o‘z vazifasini to‘liq bajarishida."
Jo‘qorg'i Kenges Raisi IT sohasi bo‘yicha xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, eksportni yanada oshirish, raqamlashtirishni rivojlantirish kerak ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, muhtaram Prezidentimiz tomonidan sohani rivojlantirishga qo‘shimcha shart-sharoilarni yaratish bo‘yicha yana bir qator imkoniyatlar berilganligini alohida tilga oldi.
Shuningdek, belgilangan maqsadlarga erishish va topshiriqlarni bajarishda xorijning IT va boshqa yo‘nalishlardagi nufuzli kompaniyalarida ishlayotgan qoraqalpog'istonlik yoshlarning salohiyatidan samarali foydalanish muhim vazifalardan biri ekanligi ta'kidlandi.
Jo‘qorg'i Kenges Raisi o‘quv yurti tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan ham tanishdi va yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yanada yangi g'oyalar va xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiluvchi murakkab loyihalar ustida ko‘proq ishlash hamda izlanishlar olib borish kerakligini qayd etdi. O‘z navbatida, bugungi kunda filialda yaratilgan loyihalar bo‘yicha ishlarda o‘quv yurtining salohiyatidan kelib chiqib, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganligi, zamonaviy bilim berishga e’tiborni kuchaytirish kerak ekanligi ham alohida tilga olindi.
Uchrashuv davomida o‘quv yurtining professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlari tomonidan bir qator takliflar, yangi tashabbuslar bildirildi. O‘z navbatida, barcha bildirilgan takliflar yozib olinib, albatta qo‘llab-quvvatlanishi ta'kidlandi.






