Qoraqalpog'istonda kaustik soda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuv imzolandi
1890
Oldin xabar berganimizdek, hurmatli Prezidentimizning topshirig'i bilan Jo‘qorg'i Kenges Raisi rahbarligidagi Qoraqalpog'iston delegatsiyasi Xitoyda O‘zbekiston – Xitoy hududlararo forumida ishtirok etmoqda. Forumda bir qator yirik investitsion loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilish borasida kelishuvlarga erishilishi rejalashtirilgan.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orыnbaev rahbarligidagi Qoraqalpog'iston delegatsiyasi forum doirasida «Xinjiang silk road golden camel» kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Kompaniya rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlik qilish, istiqbolli loyihalar ustida ish olib borish, shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasining Qo‘ng'irot tumani hududida dastlabki qiymati 108,9 mln. dollarlik kaustik soda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 2 mingdan ortiq korxona samarali faoliyat olib bormoqda.
O‘tgan yili Xitoy kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 2 mlrd. dollarlik 60 dan ortiq loyiha samarali amalga oshirilgan. Bu borada Qoraqalpog'istonda ham Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tkazilayotgan forum doirasida Qoraqalpog'istonda yangi korxona va zavodlarni ishga tushirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasida muloqotlar davom etmoqda.



Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesi Axborot xizmati